Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:16

Rossiyalik qo‘shiqchining Toshkent konsertiga prezident kuyovi homiylik qildi; qizlari esa ziyofat berdi (VIDEO)


O‘zbekiston prezidentining qizlari¸ davlat media va ta’lim sohasi mutasaddilari Saida (o‘ngda) va Shahnoza Mirziyoyeva.
O‘zbekiston prezidentining qizlari¸ davlat media va ta’lim sohasi mutasaddilari Saida (o‘ngda) va Shahnoza Mirziyoyeva.

1 oktabr kuni Toshkentdagi Humo muz saroyida rossiyalik qo‘shiqchi Polina Gagarina konsert berdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar orasida bu konsert emas¸ balki konsertdan keyingi ziyofat eng ko‘p munozara uyg‘otdi.

Videoda ekzotik taomlar bilan bezatilgan stol atrofida prezident Mirziyoyevning qizlari va kuyovlarini - yuqori lavozimli davlat amaldorlarini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oilasining ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlanayotgan video va suratlari jamoatchilikka marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning 2014 yilga qadar ko‘rilgan hayot tarzini eslatmoqda.

Konsertni soyada qoldirgan ziyofat...

Polina Gagarina 2015 yilgi Evrovision tanlovida 2-o‘rinni olgan rossiyalik qo‘shiqchi¸ asosan¸ postsovet hududidagi rus tillilar orasida tanilgan.

Gagarina “Obezorujena” (badiiy tarjimasi “Taslim bo‘ldim” – tahr.) deb nomlangan dasturi bilan 25 dekabrga qadar Rossiya shaharlarida konsert bermoqda. Mustaqil O‘zbekiston ham o‘sha shaharlar qatorida - Gagarinaning gastrol jadvalida boshqa birorta ham postsovet mamlakat yo‘q.

Polina Gagarina konsert jadvalida O‘zbekiston Rossiya guberniyalari orasidagi yagona mustaqil davlatdir.
Polina Gagarina konsert jadvalida O‘zbekiston Rossiya guberniyalari orasidagi yagona mustaqil davlatdir.

Gagarinaning prodyuseri Andrey Muxachyovning 2 oktabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ Toshkentdagi tomoshaga 10 ming odam yig‘ilgan va konsert “eng oliy darajada o‘tgan”.

Gagarina va uning muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda bu konsertning “qaynoq” epizodlarini e’lon qildi.

Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar orasida 2 oktabr kuni keng tarqagan video konsert emas¸ undan keyingi ziyofat manzarasiga oiddir.

Gagarinaning o‘zi olib tarqatgani taxmin qilinayotgan bu videoda “Obezorujena” qo‘shig‘ini jo‘rovoz bo‘lib aytayotgan prezident Mirziyoyevning qizlari va kuyovlari ko‘rinadi.

Ekzotik taomlar bilan bezatilgan stol atrofida ashula aytayotganlardan biri Saida Mirziyoyevadir. U nafaqat prezidentning qizi¸ balki O‘zbekiston hukumatining bosh imijmeykeri¸ uning media siyosatini belgilash vakolatini olgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi rahbari o‘rinbosari - davlat mulozimi hamdir.

Xorga qo‘shilganlardan yana biri Shahnoza Mirziyoyeva. U ham shunchaki prezident qizi emas¸ balki Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish bosh boshqarmasi boshlig‘i¸ bog‘cha yoshidagi o‘zbekistonliklarga beriladigan ta’lim siyosatini belgilovchi davlat amaldoridir.

Mirziyoyevning kuyovlari ham davlat siyosatini belgilash vakolati berilgan qudratli tizim amaldorlari. Rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da¸ to‘ng‘ich kuyov Oybek Tursunov prezident administratsiyasi rahbarining 1-o‘rinbosari¸ ikkinchi kuyov Otabek Umarov esa¸ Prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosaridir.

Keyingi oylarda ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan videolardan O‘zbekiston ikkinchi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuyovlari¸ xususan¸ Prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbarlaridan biri Otabek Umarovning rossiyalik sportchi va blogerlarni O‘zbekistonda davlat resurslari hisobidan xorij vazirlari maqomida mehmon qilayotgani ko‘rilmoqda.

2 oktabr kuni tarqagan videotasvirdan bu o‘tirishning “Humo” saroyidagi konsertdan so‘ng VIP xonada uyushtirilgan afterparty – shoudan keyingi ziyofat ekani ko‘riladi.

Ozodlik bilan qisqa suhbatda Polina Gagarinaning direktori Andrey Muxachyov bu videodan xabari yo‘qligi¸ uni ko‘rmaganini bildirdi. Prezident qizlari bilan ziyofat tafsilotlari so‘ralganda Gagarinaning prodyuseri¸ bu haqda gapirishni istamasligini bildirdi.

Konsert sponsorlari

1 oktabr kungi konsert¸ reklama varaqa va roliklariga qaralsa¸ Madina's star company nomli shirkat tomonidan uyushtirilgan¸ uning bosh sponsori esa - “Kapitalbank”.

Polina Gagarina konsertining bosh homiysi Oybek Tursunovga qarashli Kapitalbankdir.
Polina Gagarina konsertining bosh homiysi Oybek Tursunovga qarashli Kapitalbankdir.

Madina's star shirkati¸ uning egalari kimligi haqida ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q. Ozodlik gaplashgan Toshkent hukumatidagi mulozimlardan biri¸ uning egalarini “joriy birinchi oilaga yaqin davralardan izlang”¸ deyish bilan cheklandi.

Kapitalbank tijorat banki aksiyalarining eng katta paketi esa¸ prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovning shirkatidir.

Promadik Invest aksiyalarining 95 foizi Oybek Tursunovnikidir.
Promadik Invest aksiyalarining 95 foizi Oybek Tursunovnikidir.

Joriy yil 5 avgustida "Promadik Invest" MChJsi Kapitalbank aksiyalarining qariyb 37 foizini oldi va uning eng yirik aksioneriga aylandi.

Kapitalbank aksiyalarining eng katta paketi avgust oyida rasman prezidentning kuyovi qo‘liga o‘tdi.
Kapitalbank aksiyalarining eng katta paketi avgust oyida rasman prezidentning kuyovi qo‘liga o‘tdi.

"Promadik Invest" aksiyalarining 95 foiz egasi esa¸ Oybek Tursunovdir. Hozircha davlat xizmatchisining qaysi kapitali evaziga qishloq xo‘jalik texnikasini sotish va ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniya egasiga aylanganiga oid biror izoh berilmagan.

Xuddi shuningdek¸ davlat yuqori lavozimli amaldorining mamlakatdagi eng yirik tijorat banki asosiy aksioneriga aylangani davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarayotganiga oid xavotirlarga ham hozircha prezident va uning oilasi izoh bergan emas.

DEJA VYu?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oilasining ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlanayotgan video va suratlari jamoatchilikka marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning 2014 yilga qadar ko‘rilgan hayot tarzini eslatmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi aksar sharhlarda “O‘zbekiston malikasi” deb tasniflanib¸ malikalarga xos hayot uslubini ko‘z-ko‘z qilib kelgan Gulnora Karimova o‘rnining bo‘sh qolmagani aytilmoqda.

(2014 yili uy qamog‘iga olingan Karimova¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan korrupsiya¸ davlat va boshqalar mulkini o‘zlashtirish kabi og‘ir jinoyatlarda ayblanib¸ hozirda qamoq jazosini o‘tamoqda.)

Otasi prezident bo‘lganidan qariyb 20 yilcha o‘tib¸ Gulnora Karimova Toshkentda xorijlik kiborlar uchun maxsus festival¸ konsert va tanlovlar o‘tkazishni urfga aylantirgan edi.

Kiborlar to‘plandisining eng quyuqlari esa¸ millionlab o‘zbekistonlik bolalar va kattalar davlat bosimi ostida bo‘shagan g‘aznani to‘ldirish uchun paxtaga haydalgan sentabrь-oktabr oylarida o‘tkazilardi.

O‘sha yillar otasining vorisi deb ko‘rilgan Gulnora Karimova davlat namoyandasi - O‘zbekiston Respublikasining Jenevada joylashgan BMT idoralaridagi rasmiy vakili¸ yuqori maqomdagi diplomat edi.

O‘zbekiston Fond forumi deb nomlangan ijtimoiy tashkilot soyaboni ostida davlat byudjeti¸ qolaversa¸ tadbirkorlardan olingan mablag‘lar hisobiga Gulnora Karimova Rossiya va G‘arbning taniqli qo‘shiqchi va sportchilarini Toshkentda mehmon qilib keldi.

O‘zi ham Gogoosha/Gugusha taxallusi bilan ashula aytib kelgan Karimovaning mehmonlaridan biri rossiyalik qo‘shiqchi Maksim Fadeyev O‘zbekistondagi quyuq ziyofatlardan so‘ng unga atab “Gugusha” qo‘shig‘ini aytgan edi.

Karimova britaniyalik qo‘shiqchi Sting¸ istaniyalik qo‘shiqchi Xulio Iglesis¸ britaniyalik kompozitor va dirijyor Ennio Marrikone¸ fransuz aktyori Jerar Depardye¸ turk seriallari yulduzi Xalit Ergench¸ portugaliyalik futbol yulduzi Ronaldo¸ argentinalik yulduz Messilarni o‘zi va tor doiradagi davradoshlariga atalgan tadbirlarga olib kelgan edi.

Karimova yulduzini porlatish maqsadida olib kelingan bu yulduzlarning har biriga millionlab dollarlik gonorarlar to‘langan¸ Karimovaning xos tadbir va ziyofatlari xarajatlari esa¸ asosan¸ tadbirkor va oddiy soliq to‘lovchiga sochilgan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG