Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:10

OzodDayjest: Fermerlar hukumatdan g‘alla narxini belgilash amaliyotidan voz kechishni so‘ramoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari xorijdagi vatandoshlarni himoya qilishda sustkashlik qilmoqda. Fermerlar ilk bor hukumatga talab bilan chiqdi. O‘zbekistonda ochiq ma’lumotlar milliy xavfsizlik niqobi ostida yashirilmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari Nodira Qodirova o‘limi masalasida sustkashlikda ayblandi


O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda konsulligi 23 sentabr kuni fojiali tarzda o‘lim topgan Nodira Qodirova ishi masalasida sustkashlik qilmoqda (www.xabar.uz, 3 oktabr). 23 yoshli o‘zbek qizi Anqara shahrida Turkiya parlamenti deputati, iste’fodagi general Shirin Unalning uyida o‘zini otib qo‘ygan. Marhumning yaqinlari qizning o‘z joniga qasd qilganiga shubha qilayotgan bir paytda turk deputati uni ruhiy xastaga chiqardi. Xabar.uz nashriga ko‘ra, O‘zbekiston elchixona va konsulliklari mudramoqda, Tashqi ishlar vazirligi esa vaziyat elchixona nazoratida degan ma’lumot bilan cheklangan. Ushbu vaziyatda xotin-qizlar qo‘mitasi ham tashabbus ko‘rsatishi kerak.

“O‘z nomusi uchun qanday kurashishni bilmay sirli o‘lim topgan o‘zbek qizining or-nomusi biz o‘zbek ayollarining or-nomusi emasmi? O‘zbek qiziga fohisha va ruhiy kasal edi, degan tamg‘a yopishtirilaversinmi? Uyg‘oning! Uyg‘oning! Uyg‘oning!” deb yozadi elektron nashr.

Avvalroq O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi deputatlari Rasul Kusherboyev va Bekzod Ortiqov Tashqi ishlar vazirligi chet eldagi vatandoshlarni himoya qila olmayotganini tanqid qilgandi.

G‘allaga past narx belgilanishi fermer va don korxonalariga iqtisodiy zarar keltirmoqda


O‘zbekistondagi g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari parlament va hukumatga murojaatnoma yo‘lladi (“XXI asr”, 3 oktabr). Qayd etilishicha, davlat xaridi bo‘yicha g‘allaga past narx belgilanishi fermer va don korxonalariga iqtisodiy zarar keltirmoqda. “Fikrimizcha, davlat xaridlari bo‘yicha fermerlarning g‘allasiga past narx belgilab, uning arzon bahoda sotilish mexanizmi fermerlar va don korxonalariga iqtisodiy manfaatdorlik keltirmaydi. Ularni g‘alla hosildorligini oshirishga rag‘batlantirmaydi”, deyiladi murojaatnomada.Shu sabab, parlament va hukumatdan rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda, respublikada g‘allaga xarid narxi belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechish so‘ralgan. Ayni paytda, fermer xo‘jaliklari, don korxonalari va iste’molchilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bozor mexanizmiga o‘tkazish zarurati ta’kidlangan.

Xalqaro ekspert O‘zbekistonda ochiq ma’lumotlar milliy xavfsizlik niqobi ostida yashirilishini tanqid qildi


Ochiq ma’lumotlar dasturi O‘zbekistondagi ayrim davlat organlari tomonidan jiddiy qabul qilinmayapti (www.kun.uz, 27 sentabr). Bu haqda Jahon bankining raqamli boshqaruv bo‘yicha bosh maslahatchisi Vlad Manoil Toshkentda o‘tkazilgan ochiq ma’lumotlar xalqaro anjumanida so‘zlagan. Xalqaro ekspert O‘zbekistonda ochiq ma’lumotlarni tarqatishda so‘nggi 3 yilda ijobiy o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa-da, ba’zi davlat tashkilotlari ma’lumotlar ochiqlanishiga qarshilik bildirayotgani taassuf ila qayd etgan.

“Shu bilan bir qatorda, ochiq ma’lumotlardan foydalanuvchilar bilan mustahkam aloqa o‘rnatilmagan. Ko‘rinib turgan kamchiliklardan biri – ochiq ma’lumotlarning ko‘p qismi qog‘oz shaklidaligi. Bu ma’lumotlarni tahrirlash, anonimligini ta’minlashga to‘sqinlik qiladi. Ochiq ma’lumotlarni oshkor etmaslik milliy xavfsizlik, kiberxavfsizlik, shaxs daxlsizligiga tahdidlarning oldini oladi, deya noto‘g‘ri talqin qilinadi. Bu sohada to‘g‘ri boshqaruv yo‘lga qo‘yilmagan”, degan JB bosh maslahatchisi Vlad Manoil.

XS
SM
MD
LG