Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:56

OzodDayjest: Qashqadaryolik 54 yoshli erkak o‘zining tirik ekanini isbotlay olmayapti


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qashqadaryolik Anvar Javharov o‘zining tirik ekanini isbotlash uchun yelib yugurmoqda. Toshkentni bosib olishda halok bo‘lgan 24 nafar chor askari yodgorligini tiklash g‘oyasi tanqidiy baholandi. Chetdan bojsiz jo‘natmalar me’yori 1000 dollardan 25 dollargacha kamaytiriladi.

_____________________________________________________________

Qashqadaryolik erkakdan o‘zining tirikligini isbotlash talab etilmoqda


Qashqadaryolik 54 yoshli Anvar Javharov o‘zining tirik ekanini isbotlash uchun yelib yugurmoqda (“Darakchi”, 3 oktabr). Qarshi shahri mudofaa ishlari bo‘limi mansabdorlari 1998 yilda uning vafot etgani to‘g‘risida hujjat tayyorlagan. Ammo ushbu soxta hujjatni tayyorlagan mudofaa mansabdorlariga jinoyat ishi ochish rad etilmoqda. “Tirik odamni o‘ldiga chiqarib, inson taqdiri bilan o‘ynashish qanday oqibatlarga olib kelishini Anvar Javharovning taqdiri isbotlab turibdi. Bir inson umrining 10 yilligini yo‘qqa chiqargan mas’uliyatsizlarning jazosiz qolishi ham mantiqqa zid”, deb yozadi gazeta.

A.Javharov yana bir nohaqlikka uchragan. Qarshi shahri notarial idorasi notariusi R.O‘ngboyeva uning ishtirokisiz ishonchnoma rasmiylashtirgan. A.Javharovning xotini Shahodat Sharipova esa ushbu soxta ishonchnoma asosida eriga tegishli uyni sotib yuborgan. Oqibatda A.Javharov boshpanasiz qolib, 12 yildan buyon ijarada yashamoqda.

Toshkent mudofaasi uchun jon berganlar qolib, bosqinchi askarlar xotirasiga butxona tiklanmoqda


XIX asrda Toshkentni bosib olishda halok bo‘lgan 24 nafar chor askari yodgorligini tiklash g‘oyasi tanqidiy baholandi (www.daryo.uz, 1 oktabr). Ayni paytda “Kamolon” mahallasida chor askarlari qabri ustiga 1886 yilda tiklangan butxona qayta tiklanmoqda.

“Tarixga shunchalar befarqmizki, Toshkent mudofaasida jon berganlarning sonini bilmaymiz hatto. Lashkarboshi Mulla Alimqulni bilamizmi? U haqda na yodgorlik, na kitob, na bir kino ishlanmagach, qayoqdan ham bilamiz! Shahar markazidagi bozorda to‘planib, Toshkentni himoyalash uchun Qur’on bilan ont ichgan 15 ming mudofaachini bilmaymiz. Ular o‘z yurtini himoya qilib jon berganlar edi, o‘zga yurtga miltiq ko‘tarib borganlar emas. Holimiz juda qiziq va achinarli”, deb yozadi elektron nashr.

Shu bilan birga, maqolada yodgorlik qaysi mablag‘ hisobidan tiklanayotgani ham savol ostiga olingan. “Chetdan mablag‘ ajratishgan, deb o‘zimizni ishontiraylik, ammo himoyachi bobolarimizga biror yodgorlik o‘rnata olamizmi? Kino ishlay olamizmi? Byudjetdan buning uchun mablag‘ ajratishga jur’atimiz yetadimi?” deya mutasaddilarni savolga tutadi muallif.

Xorijdan bojsiz jo‘natmalar me’yori 1000 dollardan 25 dollargacha kamaytiriladi


O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi bepul pochta va kurьerlik jo‘natmalarini 25 dollargacha cheklashni rejalashtirmoqda (www.togri.uz, 1 oktabr). Bu haqda Toshkentdagi pochta va kuryerlik jo‘natmalari markazi asoschisi Aleksandr Li ma’lum qilgan. Olib kiriladigan har qanday texnika, kiyimlar summasi limitdan oshsa, bojxona to‘lovlari undiriladi.

Ayni vaqtda xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar uchun bojsiz me’yor bir kalendar chorak mobaynida 1000 AQSh dollarini tashkil qiladi. Yuridik shaxslar nomiga kelayotgan qiymati 100 AQSh dollariga teng bo‘lgan tovarlardan bojxona to‘lovi undirilmaydi. Ko‘rsatilgan me’yordan oshganda hamda jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun mahsulot olib kirilganda, tovarlarning barcha summasiga nisbatan bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qo‘llanadi.

XS
SM
MD
LG