Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:50

OzodDayjest: Amaldorlar davlat tiliga hali-hanuz bepisand


O‘zbekistonda o‘zbeklar orasida farzandini rus maktabiga berish haligacha urf bo‘lib qolmoqda (illyustrativ surat).
O‘zbekistonda o‘zbeklar orasida farzandini rus maktabiga berish haligacha urf bo‘lib qolmoqda (illyustrativ surat).

O‘zbekistonda o‘zbek tili davlat tili o‘laroq hali-hanuz qonuniy maqomini olmagani urg‘ulandi. Tsenzura bilan shug‘ullanayotgan “O‘zbekkonsert”ni tarqatib yuborish talab qilindi. Namangan hokimi viloyatda yuzlab maktab isitilmayotganini e’tirof etdi.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonlik mulozimlarning davlat tiliga bepisandligi qoralandi


O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘lmoqda, ammo o‘zbek tili hali-hanuz ushbu qonuniy maqomini egallagani yo‘q (“Darakchi”, 17 oktabr). “Xorijiy elchixonalar tomonidan o‘tkaziladigan anjumanlarda elchilar qiynalib bo‘lsa-da, o‘zbek tilida gapirganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Ammo bunday tadbirlarda ishtirok etgan o‘zimizning mutasaddilar ko‘pincha boshqa tillarda chiqish qilishni afzal ko‘rishadi”, deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, ko‘pgina davlat muassasalarining hujjatlari rus tilida qabul qilinmoqda. O‘zbeklar orasida farzandini rus maktabiga berish ham urfga kirgan. Gazeta ona tilini asrab-avaylash lozimligi, aks holda, nafaqat til, balki millat kelajagi ham xavf ostida qolishidan ogohlantirgan.

“O‘zbekkonsert”ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga nishon bo‘ldi


“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi 14 oktabr kuni xonanda Jahongir Otajonovning litsenziyasini bekor qildi. Ko‘p o‘tmay, xonandaning litsenziyasi tiklangan bo‘lsa-da, mazkur muassasa ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga nishon bo‘ldi.

“O‘zbekkonsert” tomonidan xonandalar litsenziyasining bekor qilinishi xalqaro huquqiy me’yorlarga, shuningdek, mamlakat qonunchiligiga zid holat. Zero, huquqiy demokratik davlatda har qanday litsenziya faqat sud qarori bilan bekor qilinadi. Aslida, bu “uslub” sobiq sho‘ro davridan meros qolgan va ayni paytda undan voz kechish fursati yetgan”, deb yozdi Oliy sudning sobiq matbuot kotibi Olimjon O‘sarov.

“Nazarimda, “O‘zbekkonsert” – g‘irt parazit tashkilotlardan biri. Jamiyatga absolyut foydasi yo‘q. Bu ham Oruellning mash’um “Haqiqat vazirligi” kabi… Agar biz senzuraga qarshi kurashmoqchi bo‘lsak, ishni so‘z erkinligini kafolatlash bilan bir qatorda shu parazit tashkilotni yo‘qotishdan boshlashimiz kerak”, deb yozdi bloger Nurbek Alimov.

“O‘zbekkonsert” Madonnaga qarish va tor liboslar kiyishni taqiqladi”, deya kinoya qildi jurnalist Nikita Makarenko.

Umuman, aksar blogerlar san’at sohasida senzura bilan shug‘ullanayotgan “O‘zbekkonsert” faoliyati Konstitutsiyaga zid ekani, uni tarqatib yuborish lozimligini ta’kidladi.

Hokim Namangandagi 700 ta maktab isitilmasligini tan oldi


Namangan viloyatida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida muammolar saqlanib qolmoqda (www.daryo.uz, 13 oktabr). Bu haqda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov parlamentning yuqori palatasi – Senatdagi chiqishida ma’lum qilgan. Jumladan, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish borasidagi ko‘rsatkich viloyat bo‘yicha 43 foizni tashkil etmoqda.

Umumta’lim maktablarida qator fanlar bo‘yicha oliy ma’lumotli o‘qituvchilar yetishmaydi. Qayd etilishicha, 705 ta umumta’lim maktabidan bor-yo‘g‘i 5 tasi markazlashgan issiqlik tarmog‘i bilan ta’minlangan. “11 ta maktabda qo‘shimcha o‘quv binolari qurish, 16 ta maktab binosini mukammal ta’mirlash talab etiladi”, degan viloyat rahbari.

Bundan tashqari, viloyatdagi sog‘liqni saqlash muassasalarida 210 nafarga yaqin tor doiradagi mutaxassislarga va 250 nafardan ziyod umumiy amaliyot shifokorlariga ehtiyoj mavjud.

XS
SM
MD
LG