Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 11:52

"Toshkentga yurish" qilgan Mahmud Rajabga shartli jazo berildi va u sud zalidan ozod qilindi


Mahmud Rajab II vaziriga arz qilish uchun Xorazmdan Toshkentga piyoda bormoqchi bo‘lgan edi.

18 oktabr, kunning birinchi yarmida Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudida shoir va bloger, 56 yashar Mahmud Rajab ustidan sud hukmi o‘qildi.

Bu ma’lumotni Ozodlik sudlangan Mahmud Rajabning o‘zidan oldi.

Mahmud Rajabning bildirishicha, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244- (Ommaviy tartibsizliklar) va 246- (Kontrabanda) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va 2 yilu 3 oyga shartli ozodlikdan mahrum qilindi va sud zalidan ozod qilindi.

Mahmud Rajabning o‘z uyidan turib bildirishicha, u belgilangan shartli jazo muddati bitguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududini tark eta olmaydi.

Mahmud Rajab hukm ustidan apellyatsiya arizasi kiritmasligini bildirdi.

Shoir va bloger Mahmud Rajab ustidan sud jarayonining birinchi majlisi 11 oktabrda, ikkinchi majlisi esa, 17 oktabrda bo‘lib o‘tgani xabar qilingan edi.

Sudga uyidan qatnagan Mahmud Rajab sud zalidagi temir panjara ortida emas, ochiqda o‘tirdi.

Mahmud Rajabga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (Diniy ekstremizm, ayirmachilik va fundamentalizmni targ‘ib qiluvchi materiallar kontrabandasi) bilan ayblov ilgari surilgan edi. Bu moddalarda 5 yildan10 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Mahmud Rajab joriy yilning mart oyida Istanbuldan muxolifatchi shoir Muhammad Solih asarlarini olib kelayotganida Toshkent aeroportida ushlanib, qo‘lidagi kitoblar taqiqlangan adabiyotlar sifatida olib qo‘yilgan edi.

Mahmud Rajab o‘zining yaqinlari, uni qo‘llovchi shaxslar bilan birgalikda 22 sentabr kuni tushdan keyin Gurlan tumanidan Toshkentga piyoda yo‘lga chiqqan, yurish ishtirokchilari orasida yoshi katta ayollar, yosh bolalar, hatto chaqalog‘i bilan chiqqan bir ayol ham bor edi.

“Toshkentga yurish” qilgani uchun 10 sutkaga qamalgan 56 yashar shoir Mahmud Rajab jazo muddatini o‘tab, 3 oktabr ozod qilingan.

Mahmud Rajab 10 sutkaga qamalgan kuni uning “Toshkentga yurishini” yoritgan 32 yashar bloger Nafosat Olloshukurova ham 10 sutkaga qamalgan va qamoqdan chiqishi bilanoq Urganch tumanida joylashgan Xorazm viloyat asab-ruhiy kasalliklar dispanseriga yotqizilgan edi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (JHQQ) O‘zbekiston ma’murlarini yaqinda blogerni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Ozodlik bilan muloqoti chog‘ida Mahmud Rajab uning "Toshkentga yurishi"ni yoritgan bloger, hozirda ruhiy kasallliklar dispanserida qolayotgan Nafosat Olloshukurovani tezroq ozod bo‘lib, ikki farzandi bag‘riga qaytishini istashini" bildirdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG