Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:14

Maxfiy qaror: Onlayn juma ma’ruzalariga “islohotlarga shukronalik” va yutuqlar madhiyasi qo‘shiladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi¸ muftiy Usmonxon Alimov bilan duo qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi¸ muftiy Usmonxon Alimov bilan duo qilmoqda.

O‘zbekistondagi diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish haqidagi prezident maxfiy qarori ijrosiga oid “Yo‘l xaritasi”ning bir necha bobida imom-xatiblarga jiddiy vazifalar yuklatilgan.

Bu vazifalar ijrosi uchun mas’ul etib, maqomi DXX raisi o‘rinbosari maqomiga tenglashtirilgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov tayinlangan.

Imom-xatiblar faoliyati ustidan “vertikal boshqaruv tizimi”ni shakllantirish aytilgan bu maxfiy hujjatda¸ xususan¸ juma ma’ruzalarining “shukronalik” ruhida bo‘lishi¸ ularning onlayn berib borilishi¸ maxsus treninglardan o‘tgan imom-xatiblarning ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishi buyurilgan.

Ijrosi sentabrdan boshlangan bu tadbirlar natijasiga qarab imom-xatiblar Din ishlari qo‘mitasi - DIQ (DXX deb o‘qisa ham bo‘ladi) tomonidan yo rag‘batlantiriladi¸ yoki jazoga tortiladi.

Maxfiy qaror qabul qilingan 4 sentabrdan buyon Ozodlikka kelayotgan xabar va ma’lumotlar bu topshiriqlarning aytilgan shaklda ijro etilayotganini tasdiqlaydi.

Muftiy har hafta Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga hisob beradi

Ozodlik ixtiyoridagi maxfiy hujjat O‘zbekiston musulmonlari idorasi va faoliyati shu tuzilma tomonidan boshqariladigan imom-xatiblarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri DXX (eski nomi MXX - Milliy xavfsizlik idorasi) ga bo‘ysunishi haqida mavjud taxminlarni rasman tasdiqladi.

Prezident tomonidan maqomi DXX raisi o‘rinbosariga tenglashtirilgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisiga O‘zbekiston musulmonlar idorasi faoliyatini boshqarish va nazorat qilish vakolati berilgan.

Maxfiy qarorga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”ning V bobi “O‘zbekiston musulmonlar idorasi bilan ishlash borasida amalga oshiriladigan ishlar” deb nomlangan va unga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi¸ DXX raisi o‘rinbosari Abdug‘ofur Ahmedov mas’ul etib tayinlangan.

Bungacha DXXning Surxondaryo viloyati rahbari bo‘lib ishlagan Ahmedov¸ prezident maxfiy qarorni imzolashidan ikki kun oldin – 2 sentabrda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi etib tayinlandi.

Prezidentning Surxondaryoga 17 oktabr kuni qilgan safarida unga muftiy o‘rniga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘rinbosari Abdug‘ofur Ahedov(prezidentning chap tomonida) hamrohlik qildi.
Prezidentning Surxondaryoga 17 oktabr kuni qilgan safarida unga muftiy o‘rniga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘rinbosari Abdug‘ofur Ahedov(prezidentning chap tomonida) hamrohlik qildi.

Ahmedov va uning qo‘mitasiga O‘zbekiston musulmonlar idorasi tashkiliy tuzilmasi va kadrlar siyosatini belgilashdan tortib¸ bu idora xodimlarining soatma-soat ish tartibigacha ishlab chiqish¸ tasdiqlash va nazorat qilish topshirilgan.

Vertikal boshqaruv tizimiga muvofiq¸ O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning joylardagi imom-xatiblari “qat’iy reja bo‘yicha hisobot taqdim etib boradi”.

Xususan¸ 16 sentabrdan boshlab “O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari (muftiy -tahr.) haftalik ish rejalari ijrosi yuzasidan hisobotlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga” taqdim etib boradi.

Diniy siyosatdagi vertikal boshqaruv tepasiga DXXning gizli tarmog‘i - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qo‘yilgan.
Diniy siyosatdagi vertikal boshqaruv tepasiga DXXning gizli tarmog‘i - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qo‘yilgan.

Imom-xatib va otinoyilar - mutaassiblikka kurash jabhasi askarlari

Maxfiy qarorda “diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish” maqsadida qilish buyurilgan ishlar orasida imom-xatiblar va otinoyilarga atalgan topshiriqlar ro‘yxati ancha uzun.

Xususan¸ Din ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “aholi orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan imom-xatiblar” ro‘yxatiga kiritilganlar mutaassiblik¸ ekstremizm va terrorizmga qarshi ma’naviy targ‘ibot frontida faol kurashchilar etib belgilangan.

Bu kurashda ular qilishi lozim amallardan ayrimlari quyidagilardir:

“1. Juma tezislariga islohotlarga shukronalik va erishilgan yutuqlarni ochib beruvchi aniq misollar¸ shuningdek¸ turli ekstremistik tashkilotlarning g‘arazli maqsadlarini fosh etishga qaratilgan ilovalar qo‘shish.

2. Ijtimoiy tarmoqlarda turli radikal g‘oyalar tarafdorlari tomonidan tarqatilayotgan fatvolarga hanafiylik mazhabi va moturidiylik ta’limoti asosida raddiyalar berish.

3. Mazkur imom-xatiblarning ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini yaratish hamda juma ma’ruzalarini doimiy ravishda onlayn berib borilishini ta’minlash.

4. Masjidlardagi juma ma’ruzalarida ma’rifatparvarlik¸ insonning o‘zaro bag‘rikengligi¸ insonparvarligi¸ tinch-osoyishta kunlarga shukronalik va ertangi kunga ishonch g‘oyalarini targ‘ib etish”.

Maxfiy hujjatda imomlarga berilgan ayrim topshiriqlar jadvali.
Maxfiy hujjatda imomlarga berilgan ayrim topshiriqlar jadvali.

Imom-xatiblar¸ shuningdek otinoyilarga berilgan bu topshiriqlarni amalga oshirishda¸ maxfiy hujjatning 43-bandida yozilishicha¸ ularga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita¸ O‘zbekiston musulmonlari idorasi¸ Xalqaro islom akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazidan tashqari IIV va DXXning hududlarga biriktirilgan mas’ullari ërdam beradi¸ ayni paytda ular faoliyatiga oid Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga “tahliliy hujjatlar” taqdim etib boradi.

Ekstremizmga qarshi onlayn targ‘ibot kuchaymoqda

Ozodlik 4 sentabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan 4437m sonli maxfiy qaror mazmuni bilan tanishtirib borayotgan ayni kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi¸ xususan¸ maxfiy hujjatda “obro‘li va aholi orasida ta’sirga ega deb” tasniflangan imom-xatiblarga ijtimoiy tarmoqlarda faollashish buyurilgani aytilmoqda.

Xususan¸Ozodlikka kelgan ayrim xabarlarga ko‘ra¸ O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “obro‘li” imom-xatiblarga Facebook sahifasi ochish va mutaassiblarga raddiya berishni kuchaytirish topshirilgan.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng juma ma’ruzalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkentdagi “Mirza Yusuf” jome masjidi saytida onlayn taqdim etib kelinayotgan imom Rahmatulloh Sayfutdinovning 18 oktabr kuni qo‘yilgan videoma’ruzasi “ijtimoiy tarmoqlardagi buzg‘unchilar”ga qarshi qaratildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi saytida matni e’lon qilingan juma tezislari mavzusi ham aynan ijtimoiy tarmoqlardagi tahdidlar¸ xususan¸ fitnachilar haqida bo‘ldi.

Ozodlikka joylardan kelgan xabarlarga ko‘ra¸ o‘tgan haftalar davomida respublika bo‘ylab aksar masjidlarida qilingan juma ma’ruzalari soqol va hijob¸ ijtimoiy tarmoqlarda tarqayotgan “buzg‘unchi g‘oyalar”ga qarshi targ‘ibot¸ ayni paytda¸ “borayotgan ulkan islohotlarga shukronalik” mazmunida bo‘lgan.

Xususan¸ Namangan masjidlaridan biridagi juma ma’ruzasi haqida xabar yo‘llagan namozxonlardan biri¸ imomning soqol va hijob musulmon uchun farz emasligi¸ o‘z xotinini ham hijobdan chiqarishi haqida gapirganini bildirdi.

Eng qizig‘i¸ ayni imom yaqinlargacha namozxonlarni soqol qo‘yishga da’vat qilib kelgan edi. O‘tgan juma kuni uchastkovoy "boshlang endi” deganidan keyin¸ o‘zi aytganlarning teskarisini aytishga o‘tdi. Soqol qo‘yish sunnat emas¸ deb sayrab ketdi. Bu ham yetmagandek¸ imomlarimiz uchastkovoy bilan birga uyma-uy yurib soqolni oldiring¸ baxmal do‘ppi kiymang¸ bo‘lmasa shtrafi bor¸ deb yuripti”¸ dedi namanganlik namozxonlardan biri.

Imomlar nechta odamni ekstremistlikdan qaytarganiga qarab yo mukofot¸ yoki jazo oladi

Maxfiy qaror va unga ilova qilingan chora-tadbirlar jadvalida har bir imomga o‘ziga ajratilgan hududda yashovchilarni “buzg‘unchi g‘oyalar”dan qaytarish topshirilgan.

Buning uchun ular IIV va DXX xodimlari bilan hamkorlikda “ekstremistik g‘oyalaridan qaytmagan”lar bilan bittama-bitta suhbatlashib¸ natijasi bo‘yicha Din ishlari qo‘mitasiga hisob berishi kerak.

Soqoli qirtishlangan imomlarning DXX¸ hokimiyat va IIB xodimlari hamrohligida soqol qo‘ygan yoki “noodatiy kiyim” kiyganlar oldiga borib¸ ular bilan “tushuntirish ishlari” olib borayotganini xabar qilgan buxoroliklardan biri bunday suhbatlar aks etgan suratlarni Ozodlikka taqdim etdi.

Bu surat¸ uni yuborgan xabarchiga ko‘ra¸ Buxoro shahridagi Bog‘idasht mahallasida olingan.
Bu surat¸ uni yuborgan xabarchiga ko‘ra¸ Buxoro shahridagi Bog‘idasht mahallasida olingan.

O‘zbekiston bo‘ylab borayotgan imomlarning bunday yurishlari esa¸ ularning prezident maxfiy qarorining 7-bandida Din ishlari qo‘mitasiga yuklatilgan mana bu topshiriq ijrosiga qattiq kirishgani tasdig‘idir.

Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda ekstremistik g‘oyalaridan qaytmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha imom-xatiblarga biriktirish¸ bu boradagi faoliyati natijalariga qarab imom-xatiblarni rag‘batlantirish yoki ularga nisbatan choralar ko‘rish bo‘yicha tartibni tasdiqlasin”.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG