Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 14:43

Mirishkorlik fermerlar topshirilgan paxta sifati sun’iy ravishda tushirilayotganidan arz qildi


Fermerning qabul punktidan qaytarib olib kelgan paxtasi

Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanidagi paxta qabul qilish punkti fermerlar topshirayotgan paxta sortini atayin pastga tushirib qabul qilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan fermerlarning aytishlaricha, yomg‘irda qolmagan, qo‘lda terilgan toza paxta ikkinchi sortga qabul qilinishi oqibatida ular har tonnadan 400 ming so‘mdan zarar ko‘ryapti.

Ba’zi fermerlar bundan norozi bo‘lib, paxtasini qaytarib olib ketmoqda.

Qabul punkti taroziboni paxta laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganidan keyin uning sorti aniqlanib, qabul qilinayotganini aytdi.

Mirishkor tumanidagi “Do‘stlik shahzodasi” fermer xo‘jaligi rahbari Inoyatillo Murtazoqulovning Ozodlikka aytishicha, Pomuq qishlog‘idagi paxta qabul qilish punkti u olib borgan paxtani sortini past qilib qabul qilyapti:

Paxtani ko‘rib birinchi sortga olamiz deb meni aldab, 2.1 sortga qabul qilibdi


- 16 oktabr kuni punktga 1 tonnayu 490 kilogram toza paxta olib bordim. Paxtani ko‘rib birinchi sortga olamiz deb meni aldab, 2.1 sortga qabul qilibdi. Buni menga bergan “pika” qog‘ozidan bilib qoldim. Ha, mayli dedimda ketdim. Ikkinchi kuni yana paxta olib borsam, 2.1ga olamiz dedi. Qo‘lda terilgan toza paxta bo‘lsa, yomg‘ir ko‘rmagan bo‘lsa, iflos bo‘lmasa, nega bunday qilasizlar deb norozilik bildirib, laboratoriya qildirsam, 2.3ga chiqardi. Keyin men paxtani bermay olib qaytdim.

Fermerning qabul punktidan qaytarib olib kelgan paxtasi
Fermerning qabul punktidan qaytarib olib kelgan paxtasi

Fermerning aytishicha, paxta punktida laboratoriya xodimlari ham tarozibon va boshqa rahbarlarning aytganiga qarab xulosa chiqaradi:

Biz paxtaning sorti sun’iy pasaytirilgani hisobiga uning har tonnasidan 400 ming so‘mdan yutqazyapmiz


- Laboratoriya natijalari o‘zlari xohlagan odamga qarab chiqariladi. Bo‘lmasa shu paytgacha 1.1ga olib kelgan, hozir ham 1.1ga olyapti. Bu ularning o‘zini ichki siri. 1.1 ga topshirayotganlar paxta punkti bilan qanday muomala qilyapti, buni men bilmayman. Lekin, yuragiga ma’qul bo‘lgan odamniki bunday olyapti, ma’qul bo‘lmagannikini past sortga olyapti. Biz paxtaning sorti sun’iy pasaytirilgani hisobiga uning har tonnasidan 400 ming so‘mdan yutqazyapmiz.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir mirishkorlik fermer ham xuddi shunday holat uning boshidan ham o‘tganligini, lekin ikkinchi sortga qabul qilingan paxta birinchi sort bilan bir joyga uyilayotganiga guvoh bo‘lganini aytadi:

- Mening ham toza paxtamni ikkinchi sortga qabul qilishdi. Qizig‘i shundaki birinchi sort degani ham, ikkinchi sort degani ham bir “bunt”ga to‘kilyapti. Ertaga zavodga topshirishda uni qanday ajratib olishar ekan, hayronman.

Pomuq qishlog‘idagi paxta qabul qilish punkti taroziboni Norali Xurramov, fermerlarning iddaolarida jon yo‘qligini, mahsulot laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganidan keyin sortiga qarab qabul qilinayotganini aytdi:

- Paxta yomg‘irga qarab sortdan-sortga o‘tmaydi. Iflosligiga qarab va paxtaning pishib yetilganligi koefitsientiga qarab sort belgilanadi. LPS degan asbobda tekshirib ko‘rilib, sorti aniqlanadi. O‘sha fermerning o‘zi guvohligida analiz qilib berdik, keyin u topshirmayman deb paxtasini qaytarib olib ketdi. Iflosligi uchun ikkinchi sortga o‘tgan edi.

Fermer Inoyatillo Murtazoqulov qaytarib olib kelgan paxtasi shundayligicha turganligini, xohlagan komissiya kelib tekshirib ko‘rishi mumkinligini aytadi:

- Mana xolis komissiya kelib tekshirsin, qaytarib olib kelgan paxtamdan namuna olib laboratoriya qilsin. Birinchi sortga o‘tmasa, mana men kafil.

Mirishkor tumani hokimligidan bu masalaga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG