Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2020, Тошкент вақти: 05:44

“Neftchi” majmuasining 79 trener va texnik xodimi hozircha ishsiz qolmaydigan bo‘ldi


"Neftchi" sport majmuasi

Farg‘ona viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbariyati “Neftchi” sport majmuasining ishsiz qolayotgan 19 nafar trenerini ish bilan ta’minlashga va’da berdi.

Sport boshqarmasi rahbariyati, shuningdek, ishsiz qolayotgan o‘nlab texnik xodimlar maoshi dekabr oyi oxiriga qadar to‘lanishini ma’lum qildi.

Ushbu va’dalar Sport boshqarmasi rahbariyati va “Neftchi” sport majmuasi xodimlari ishtirokida 24 oktabrda bo‘lib o‘tgan majlis chog‘ida yangradi.

21 oktabrdan boshlab Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ma’muriyati “Neftchi” sport majmuasidagi 79 nafar murabbiy va texnik xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilishni boshlagani ularning noroziligini uyg‘otgan edi.

Yangi egalar va’dalari

Ozodlikka Farg‘ona viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi va “Neftchi” sport majmuasi xodimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan majlis audioyozuvi yetib keldi.

Audiodan majlisning bir soatdan ko‘proq davom etgani anglashiladi. Yig‘ilish chog‘ida Farg‘ona viloyat Jismoniy tarbiya va sport boqsharmasi rahbarlari “Neftchi” sport majmuasi o‘nlab xodimlarining ishsiz qolayotganini sport majmuasining kelgusida bolalar va o‘smirlar sport maktabiga aylanishi bilan izohlagan.

Audioyozuvdan ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyat hokimining 2019 yil 7 sentabrdagi qarori bilan “Neftchi” sport majmuasi zavoddan Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazilmoqda.

Boshqarma rahbarlari O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga kelgusida bolalar va o‘smirlar sport maktabini barpo etish bo‘yicha takliflar yuborilganini ma’lum qilgan.

Mazkur taklif yuzasidan tez kunda ijobiy natijaga erishamiz. Murabbiylarni kelgusida ayni sport maktabiga ishga qabul qilish rejalashtirilgan,” degan boshqarmaning kadrlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Vohid Ergashev.

Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbarlariga ko‘ra, "Neftchi" sport majumasida ishlagan 19 nafar sport murabbiyi 25 oktabrdan boshlab Farg‘ona shahri va viloyatidagi sport maktablari balansiga o‘tkaziladi.

Ular, shuningdek, majmuada ishlagan 60 nafar texnik xodimlarning maoshlari 2019 yil dekabr oyi oxiriga qadar to‘liq to‘lab borilishini bildirganlar.

"Texnik xodimlarning ish o‘rinlarini 2010 yil yanvar oyidan keyin ham imkon darajasida saqlab qolishga harakat qilamiz. Ammo bu muddat ichida boshqa joylarda ish qidirishingiz mumkin," deb aytgan majlisda ishtirok etgan texnik xodimlarga gapirgan hokimlik mulozimi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ma’muriyati “Neftchi” sport majmuasidagi 79 nafar murabbiy va texnik xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qildi.

Ortidan sport majmuasi xodimlari ishsiz qolishlari ehtimoli va turli seksiyalarda mashg‘ulot o‘tkazayotgan 2000dan ortiq bolaning keyingi taqdiri noma’lum qolishidan shikoyat qildi.

Muammo tarixi

Joriy yilning fevralida “Neftchi” sport majmuasi xodimlari ishsiz qolishi mumkinligi haqida Ozodlikka yozgan edi.

O‘shanda shahar hokimligi va viloyat sport boshqarmasi hech kim ishsiz qolmasligiga va’da bergan bo‘lsa, o‘tgan 9 oy davomida bu masala yechimini topmadi.

Prezidentning maxsus qarori bilan Farg‘ona vodiysidagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodining 100 foizlik ulushiga egalik haqini Indoneziyaning «RT Trans Asia Resources» shirkati olgan.

Uning egalari asli o‘zbekistonlik Aslanovlardir.

Asli o‘zbekistonlik deb aytiladigan Aslanovlar va ularning biznesiga oid ochiq manbalarda deyarli ma’lumot yo‘q - Farg‘ona zavodiga 875 million dollardan ko‘proq investitsiya kiritishi aytilayotgan "RT Trans Asia Resources" shirkatining rasmiy sayti ham mavjud emas.

XS
SM
MD
LG