Линклар

Шошилинч хабар
03 апрел 2020, Тошкент вақти: 07:23

Qishloqqa adashib kelib qolgan ayiq o‘ldirildi - butun viloyatda uxlatadigan dori topilmadi


Qo‘ng‘ir ayiq sharafiga chiqarilgan pochta markasi

Namangan viloyat, Chust tuman, G‘ova qishlog‘ida 14 oktabr kuni vazni 300 kilolik qo‘ng‘ir ayiq otib o‘ldirildi. Ozodlik muxbiri bilan 24 oktabr kuni gaplashgan Chust tuman hokimligi muoviniga ko‘ra “Qishloq aholisi o‘zini mudofaa qilish maqsadida ayiqni o‘ldirgan va ularga hokimlikdan ayiqni o‘ldiring degan buyruq bo‘lmagan”.

G‘ova qishlog‘ida o‘ldirilgan ayiq O‘zbekiston bo‘ylab bor-yo‘g‘i 250 tacha bo‘lgan, mamlakat "Qizil kitobi"ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqlarning (lotincha Ursus arctos isabellinus​) biri edi.

Namangan ovchi va baliqchilar sport birlashmasining Ozodlik suhbatlashgan vakili “yarim kun davomida butun viloyatda ayiqni uxlatib qo‘yadigan vosita topilmaganini, ovchilar jangovar o‘q otib, ayiqni o‘z tashabbusi bilan o‘ldirganini” aytdi.

Namangan viloyatida ekoturizm bilan shug‘ullanadigan faol Marat Naumovning Ozodlikka aytishicha¸ ayiqning o‘ldirilishi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi viloyat boshqarmasining befarqligi” fonida yuz bergan.

Naumov hali ayiq o‘ldirilmasidan oldin qo‘mitaga habar berganini aytdi.

Qo‘mitaning viloyat boshqarmasi vakili Orifxon Ayubxonov va Chust tuman bo‘limi boshlig‘i O‘ktam Sattorovlar Ozodlik muxbirining “Nega ayiq o‘ldirilishining oldini ola olmadingiz” degan savoliga malakali javob bera olmadi.

Marat Naumovga ko‘ra¸ G‘ova MFY raisi Shavkat Hoshmatov IIB, Favqulloda xolatlar boshqarmasi va tuman hokimligiga telefon qilib yordam so‘ragan.

Namangan ovchi va baliqchilar sport birlashmasi raisi Anvarjon Dostonovning yordamchisi, Ozodlik bilan suhbatda, o‘z tashkiloti ayiqning o‘ldirilishiga qarshi bo‘lganini aytdi:

- Ayiq bir kun davomida omborga qamalib turdi. Rahbarimiz Anvarjon aka ovchilarga ayiqni uxlatib, toqqa qo‘yib yuboring yoki zooparkka topshiring deb aytdi. Ammo butun viloyatda ayiqni uxlatib qo‘yadigan maxsus o‘q topilmadi. Rasman qayd qilingan “IJ” rusumli 16 kalibrli ikkita miltiq bilan qurollangan ikki ovchi mas’uliyatni bo‘yniga olib ayiqqa qarata uch o‘q uzdi. Ovchi Meliqo‘zi Holmatov otgan o‘qdan ayiq yiqildi. Ayiqni qutqarolmaganimizdan afsusdamiz.

Namanganda o‘ldirilgan ayiq
Namanganda o‘ldirilgan ayiq

Ayiqning o‘ldirilishi

Chust tumanida ayiqning o‘ldirilgani aks etgan video "Namanganliklar.uz" Telegram kanalida tarqaldi.

Ayiq qanday o‘ldirilgani haqida Chust tumanida ekoturizm bilan shug‘ullanadigan mahalliy faol Naumov 24 oktabrda Ozodlikka gapirib berdi:

“Og‘irligi 300 kiloga yaqin sap-sariq ayiqni ilk bor G‘ova qishloq turg‘uni Gulbahor Mirazahmedova ko‘rgan. Ayiq uning hovlisida ikki oyoqda tik turgan. Gulbahor opa ayiqqa tosh otgan. Ayiq qo‘shnining hovlisidagi hammomga kirib ketgan. Odamlar baqir-chaqir qilganidan qo‘rqqan ayiq hammomdan chiqib qo‘shni Sohibjon Mahmudovning og‘ilxonasiga kirib olgan. Aholi og‘ilxona eshigini yopib¸ tambalab ayiqni qamab qo‘yishgan. Yarim kun hukumat chora ko‘rar deb kutishdi. Keyin ikkita ovchi ayiqni otib o‘ldirdi”

Mahalliy faol Naumov¸ huddi shu xolatda¸ ya’ni ayiq og‘ilxonaga qamalgan paytda uni uxlatib, keyin toqqa qo‘yib yuborish uchun imkon bo‘lganini aytdi:

- Bu imkondan foydalana olishmadi. Ayiqni o‘ldirishdi. Odamlar ayiqni ko‘tarib “Damas”ga yuklashdi. IIBga olib ketishdi.

Chust tuman IIB xodimi Ozodlik bilan suhbatda o‘lgan ayiq jasadi viloyat IIB ga olib ketilganini bildirdi.

"Qizil kitob"ga kirgan

Naumovning aytishicha¸ qo‘ng‘ir ayiq xalqaro "Qizil kitob"ga kiritilgan.

- O‘zbekistonda 200 tadan 250 tagacha borligi aytiladi. Har holda mana bugun bittaga kamaydi. Chustda otilgan ayiq Himolay qo‘ng‘ir ayig‘i (Ursus arctos isabellinus) deya aytiladi. Ba’zi tablitsalarda Tiyonshon qo‘ng‘ir ayig‘i ham deyishadi. Ushbu ayiq O‘zbekiston va Xalqaro "Qizil kitob"ga kiritilgan. Yer yuzidan butunlay qirilib ketish xavfi ostida turgan hayvon hisoblanadi. Uni ovlash butunlay taqiqlangan.

Bir ayiqni otsangiz, 90 dollar jarima to‘laysiz

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktabrdagi qaroriga binoan, noyob, yo‘q bo‘lib ketish xavfi bo‘lgan Tiyonshon qo‘ng‘ir ayig‘iga O‘zbekiston Respublikasi vatandoshi yoki yuridik shaxsi tomonidan zarar yetkazilgan bo‘lsa, 840 ming so‘m (taqriban 90 AQSh dollari) miqdoridagi jarima to‘lash belgilangan. Shu harakatni xorij vatandoshi yoki yuridik shaxs sodir etsa, 168 million so‘m miqdoridagi jarimaga tortiladi.

Bir yilda ikki ayiq o‘ldirildi

Joriy yilning 28 mayida Qashqadaryo viloyat, Chiroqchi tuman, Langar mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Tutli qishlog‘ida "Qizil kitob"ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq mahalli aholisi tomonidan do‘pposlanib, keyin otib o‘ldirilgan edi.

Ayiqlar o‘ldirilishini fojia deb bilgan faol Marat Naumovga ko‘ra, O‘zbekiston 1995 yilda "Biologik xilma-xillik to‘g‘risida"gi xalqaro Konvensiyaga qo‘shilgan va bu bilan o‘z hududidagi hayvonot va o‘simlik olamini himoya qilish majburiyatini olgan:

- Ammo bu majburiyat bajarilayotgani yo‘q. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining viloyat boshqarmasining jinoiy befarqligi va harakatsizligi bois ayiq otib tashlandi. O‘zbekiston xayvonot olami, flora va faunasi insoniy omil bois, halokat yoqasida turibdi.

XS
SM
MD
LG