Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:42

AQSh prezidenti ID rahbari Bag‘dodiy o‘ldirilganini e’lon qildi


Prezident Donald Tramp ​​"Islom davlati" ekstremist guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldirilganini e’lon qilmoqda, 27 oktabr, 2019
Prezident Donald Tramp ​​"Islom davlati" ekstremist guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldirilganini e’lon qilmoqda, 27 oktabr, 2019

AQSh prezidenti Donald Tramp "Islom davlati" ekstremist guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldirilganini e’lon qildi.

27 oktabr kuni qator yirik axborot vositalari Bag‘dodiy yashayotgan joyda AQSh armiyasi reyd o‘tkazgani va unda Bag‘dodiy o‘ldirilgani haqida xabar qilgandi.

Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning muhim bayonot bilan chiqishi ham e’lon qilingandi.

AQSh prezidenti 27 oktabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:00da Oq Uyda bayonot berdi.

Bayonotida prezident "Islom davlati" ekstremist guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldirilgani, uni o‘ldirish amaliyoti juda xavfli, ammo juda muvaffaqiyatli o‘tganini aytdi.

Aytishicha, u va boshqa harbiy rahbarlar amaliyotni masofadan turib kuzatgan.

"U xuddi it kabi, qo‘rqoqlarcha o‘ldi", dedi prezident.

Uning aytishicha, Bag‘dodiyni o‘ldirish amaliyoti 2 hafta muqaddam boshlangan.

Shuningdek, Tramp amaliyot chog‘ida Bag‘dodiyni qo‘riqlayotgan ko‘plab jangari o‘ldirilgani, AQSh harbiylaridan esa biror qurbon berilmaganini aytdi.

Biroz avval Tramp Twitter tarmog‘idagi sahifasi "Juda katta ish bo‘ldi hozir!" deb yozgandi.

Bunga qadar bir necha xabar agentliklari, jumladan, CNN, Newsweek hamda Reuters AQSh harbiylari Suriya shimolida Bag‘dodiy yashiringani aytilgan hududda reyd o‘tkazganini xabar qildi.

Newsweek nashri ismi oshkor qilinmagan AQSh armiyasi rasmiysi Bag‘dodiy o‘ldirilganini aytganini xabar qildi.

Reuters agentligining xabar berishicha, AQSh armiyasi rasmiysi reyd Suriyaning Idlib viloyatida maxsus kuchlar tomonidan amalga oshirilganini aytgan.

Bundan oldin ham bir necha marta Bag‘dodiy o‘ldirilgani xabar qilingan, ammo bu xabarlar yolg‘on bo‘lib chiqqan edi.

2018 yilning fevralida bir necha AQSh rasmiysi Bag‘dodiy 2017 yilning mayida havo hujumi ortidan jarohatlangani va besh oy davolanishga majbur bo‘lganini aytgan edi.

Kelib chiqishi iroqlik bo‘lgan Bag‘dodiyni qo‘lga olganlar uchun AQSh 25 million dollar mukofot va’da qilgan. Bag‘dodiyning birinchi ayolidan to‘rt, ikkinchi ayolidan bir farzandi bor.

"Islom davlati" ekstremist guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy
"Islom davlati" ekstremist guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy

AQSh va Iroq rasmiylari Bag‘dodiy Suriyaning Iroq bilan chegaradosh hududida yashayotganiga ishonishini aytishgan.

Joriy yilning aprelida Bag‘dodiy besh yil deganda ilk marotaba video ko‘rinish berdi. “Islom davlati” ekstremistik guruhining axborot tarmog‘i yoyinlagan videoda Bag‘dodiy zirhli jilet va avtomat bilan ko‘ringan edi.

Videoda Bag‘dodiy “Islom davlati” guruhi o‘z jangchilari qo‘lga olingani va o‘ldirilgani uchun qasos olishini ta’kidlagan.

Undan oldin Bag‘dodiy so‘nggi marta 2014 yilda Mosul shahrining Al-Nuriy masjidida va’z aytgan edi. Aynan shu nutq davomida Bag‘dodiy o‘z xalifaligi o‘rnatilganini iddao qilgandi.

Bu orada “Islom davlati” Iroq va Suriyada egallagan barcha hududlaridan siqib chiqarildi.

Ammo g‘arb davlatlari rasmiylari Turkiya joriy oyda Suriya shimolida kurdlarga qarshi boshlagan amaliyot tufayli kurdlar qo‘lga olgan minglab “Islom davlati” jangarisi qochib ketishi mumkinligini aytib, xavotir izhor qilmoqda.

XS
SM
MD
LG