Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 17:13

Sevimli TV “Chuqur” serialini to‘xtatdi. Rahbariyatga otishma ko‘pligi yoqmagani aytildi


Sevimli TV kanali Turkiyaning 16 oydan beri namoyish qilinayotgan “Chuqur” serialini efirga uzatishni to‘xtatdi.

Telekanal xodimlariga ko‘ra, mutasaddilar serialdagi jangovar sahnalar sabab film namoyishini to‘xtatishga buyruq bergan.

Ikki oy avval ZO’R TV kanali Turkiyaning “Sevgi iztirobi” serialini islomiy axloq normalariga zid degan iddao bilan efirdan olgan edi.

Bir necha kun avval to‘xtatilgan “Chuqur” (Çukur) turk serialini Sevimli TV boshqa namoyish qilmasligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu serial Sevimli TV kanali orqali 2018 yilning 13 iyunidan beri namoyish qilinayotgan edi. 1 yilu 4 oy ichida serialning ikkita mavsumi efirga uzatildi. Tomoshabinlar serial 2-mavsumining 57-qismini tomosha qilishga ulgurdi.

“Men “Chuqur” seriali qo‘yilishi tarafdoriman. Sevimli telekanalidan juda-juda qattiq noroziman”, deya yozg‘irdi serial muxlislaridan biri Feysbuk tarmog‘i orqali.

29 oktabr kuni Ozodlik bog‘langan Sevimli TV kanalining o‘zini tanishtirmagan xodimi serial namoyishini “efir setkasini yangilash” bilan bog‘ladi.

“Yaqinda efir setkasida o‘zgarish qilgandik. Shu sabab hozir “Chuqur”ga setkada joy topa olmayapmiz”, dedi kanal xodimi.

Biroq serial tomoshabinlariga ko‘ra, Sevimli TV “Chuqur” seriali o‘rniga 28 oktabrdan boshlab boshqa bir serialni efirga uzata boshlagan.

“Telekanal xodimlari aldab kelishmoqda. Kecha telefon qilsam, bir xodimi Sevimli telekanali hozir “Chuqur” turk serialini sotib olishga pullari yo‘qligini aytdi... Boshqa bir serialni sotib olgan telekanal (Nahotki) shu “Chuqur” serialini sotib olib, muxlislari uchun efirga bera olmasa”, deydi Feysbuk foydalanuvchisi @FarruxSoyipov‎.

Ayni paytda Sevimli TV kanalining ishdan haydalib ketishidan qo‘rqib shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimiga ko‘ra, “Chuqur” serialida jangovar sahnalar ko‘pligi uning to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan.

“O‘zim boshqa bo‘limda ishlayman. Bilishimcha, serialda otishma sahnalari ko‘pligi yuqoridagi boshliqlardan biriga yoqmagan. Shu sabab serialni to‘xtatib qo‘yishgan. Hozir telefon qilgan tomoshabinlarga, “Kuting, berib qolarmiz”, deb aldab turishibdi. Kuniga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Hammaning ham uyida Internet yo‘q, Yutub orqali ko‘rsa. Bir yarim yil davomida serialga o‘rganib qolishgan. Birdaniga to‘xtatib qo‘yilishi tomoshabinlarni xafa qildi”.

Sevimli TV “Ushbu serialni telekanalning eng muvaffaqiyatli namoyishi” deya e’tirof etgan Instagramdagi sahifasi orqali.

Ay Yapım kompaniyasi tomonidan suratga olingan “Chuqur” seriali Turkiyaning Show TV kanali orqali ikki yildan buyon namoyish qilinmoqda. 29 oktabr kuni Show TV ushbu serialning 3-mavsumi, 7-qismini efirga uzatadi.

Kriminal drama janrida olingan ushbu serial Turkiyaning o‘zida ham katta qiziqish bilan tomosha qilinayapti. Serialning bir mavsumi yakunlangan payti #CUKURSEZONFİNALİ heshtegi tarmoqlarda trendga chiqqan.

Mazkur serialda Istanbulning eng muammoli Chuqur mahallasini nazorat qiluvchi Ko‘chovali oilasi haqida hikoya qilinadi. Oila mahallaning "mafiya"si va narkotiklarga qarshi. Shu sabab mafiya va narkotikfurushlar o‘rtasida kelib chiqqan qurolli jang sahnalari serialning bir necha qismida bor.

Seriallar taqiqi

Uch oy avval ZO’R TV kanali turk kinoijodkorlari suratga olgan “Sevgi iztirobi” seriali namoyishini to‘xtatib qo‘ygandi.

Ayni serial dastlab 2018 yilning 16 fevralida Bosh vazir tarafidan to‘xtatib qo‘yilgan edi. Ikkinchi bor ham aynan bosh vazir e’tirozi sabab serial to‘xtatilgani aytildi.

Bosh vazir tanqididan oldin serialga ovoz bergan aktyorlarga nisbatan islomiy sayt orqali tahdid qilinib, serial islomiy axloq normalariga zid ekani iddao etilgandi.

O‘zbekistonda namoyishi ikkinchi marta to‘xtatilgan “Sevgi iztiroblari” filmi Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligining Telegram kanalida ham “tavqi la’nat” qilingan edi.

ZO’R TV kanali namoyish qilgan “Hovli” seriali ham ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.

Serialning ijtimoiy tarmoqlarda islomiy axloq normalariga zid, deya tanqid qilinishi ortidan telekanal serial namoyishini boshqa vaqtga ko‘chirgandi.

XS
SM
MD
LG