Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2019, Тошкент вақти: 04:44

Eron yadro bitimidan chiqish sari yana bir qadam qo‘yganini e’lon qildi


Eron davlat televideniesi mamlakatda ishlab chiqarilgan sentrifugalarning uchta versiyasini namoyish etdi. 5 noyabr, 2019 yil.

Eron joriy haftada Fordodagi inshootda sentrifugalarga uran gazini joylash bilan 2015 yilgi bitimda olgan majburiyatlarini kamaytirish sari yana bir qadam qo‘yishini ma’lum qildi.

Prezident Hasan Ruhoniy 5 noyabrda 6 noyabr kuni 1044 ta sentrifugaga uran gazini joylash boshlanayotganini aytdi.

Yadro bitimiga ko‘ra, sentrifugalar gaz kiritilmasdan aylanishi kerak edi.

Ruhoniy Eron televideniesi orqali namoyish etilgan murojaatida Qo‘shma Shtatlar bir yildan ko‘proq vaqt oldin ushbu bitimdan chiqib ketgani sababli undan chiqish uchun yana bir qadam qo‘yishini e’lon qildi.

Bundan bir kun oldin Eron ayni damda uranni yaxshiroq boyita oladigan ikki barobar takomillashgan IR-6 sentrafugalaridan foydalanayotgani hamda u bitimda ruxsat etilganidan ko‘ra 50 barobar tez ishlaydigan IR-9 sentrifugasi prototipiga ega ekani haqida bayonot berdi.

Boyitilgan urandan reaktorlar yoqilg‘isi, yana yadro quroli ishlab chiqarishda ham foydalanish mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp 2018 yil mayida Qo‘shma Shtatlarni Tehron bilan 6 ta davlat o‘rtasida 2015 yili erishilgan yadro bitimidan olib chiqqanini bildirgan hamda Eronga qarshi “maksimal bosim o‘tkazish” kampaniyasi doirasida sanksiyalarni qayta qo‘llagan va jazo sanksiyalarini kengaytirgan edi.

Ayni paytda Tehron ham bosqichma-bosqich bitim doirasida olgan ayrim majburiyatlarini qisqartirdi.

Dunyoning yetakchi davlatlari va Eron o‘rtasida imzolangan bitim Tehronga nisbatan sanksiyalarni yengillatish hisobiga uning yadro dasturini cheklashni nazarda tutadi.

Eron rasmiylari shikoyat qilishicha, bitimni imzolagan qolgan mamlakatlar AQSh sanksiyalari oqibatini yumshata olmayotir.

Qum shahri yaqinidagi Fordo inshootida sentrifugalarning ishga tushirilishi Eronning yadro dasturi bo‘yicha olgan majburiyatlarini kamaytirish yo‘lidagi to‘rtinchi bosqich bo‘ladi, ‒ dedi Ruhoniy 5 noyabrda.

Lekin prezident o‘sha mashinalardan boyitilgan uran chiqarilishi yoki yo‘qligi haqida hech narsa demadi.

Boyitilgan urandan reaktorlar yoqilg‘isi, yana yadro quroli ishlab chiqarishda ham foydalanish mumkin.

Fordodagi sentrifugalar IR-1 mashinalarining birinchi avlodidir.

Eron prezidenti mamlakatining yadro dasturi bo‘yicha olgan majburiyatlarini kamaytirish bo‘yicha qo‘ygan qadamlari ortga qaytmaslik chizig‘idan o‘tib ketmaganini ta’kidladi.

Uning fikricha, bitim bo‘yicha olgan barcha majburiyatlarni uni imzolangan qolgan mamlakatlar: Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy ham bajarsa, Eron ham bajaradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Kreml “vaziyat rivojlanishini xavotir bilan kuzatib turgani”ni aytdi.

AQShning Eron bo‘yicha maxsus vakili Brayen Huk 4 noyabrda Tehronni “Eron yadro bitimi majburiyatlarini bajarishga qaytishi uchun boshqa mamlakatlarni AQShni bosimni yengillatishga da’vat qilayotganlik”da aybladi va “biz bunaqa qilmoqchi emasmiz”, deya qo‘shimcha qildi.

Maxsus vakil ushbu bayonotni Vashington Eron oliy rahbariga aloqasi bor 9 kishiga nisbatan sanksiyalar joriy qilganini ochiqlayotib bildirdi.

Sanksiya qo‘llanganlar orasida uning devoni boshlig‘i, yana Eron sud tizimi rahbari bo‘lgan o‘g‘li ham bor.

AQSh Moliya vazirligi Vashington Eron qurolli kuchlari bosh shtabi a’zolariga nisbatan ham sanksiyalar joriy etilganini xabar qilgan edi.

Tramp Eronni 2015 yilgi yadro bitimini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqchi.

Uning iddaosicha, bitim shartlari Eron yadro qurolini ishlab chiqarishiga xalaqit berish, uning ballistik raketalari dasturini cheklash bo‘yicha kelishib olish va Yaqin Sharqdagi qo‘poruvchilik qo‘poruvchilik faoliyatini to‘xtatish uchun yetarli darajada qattiq emas.

Eron boshqa mamlakatlardagi norozilik harakatlari qo‘llab-quvvatlashini inkor qilib keladi va yadro dasturidan faqat tinch energetika maqsadlariga erishishni ko‘zlaydi.

Eron rasmiy doiralari mamlakatning raketa dasturi bo‘yicha muzokara o‘tkazilishini ham istisno etmoqda.

XS
SM
MD
LG