Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2019, Тошкент вақти: 05:09

Madaniyat vazirligi Lola Yo‘ldoshevaning videoklipiga o‘z munosabatini bildirdi


Lola Yo‘ldoshevaning “Sevgingni menga ayt 2” videoklipidan olingan kadr.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Mavluda Asqarxo‘jayeva Ozodlikning Dushanbedagi muxbiri bilan suhbatda o‘zbek qo‘shiqchisi Lola Yo‘ldoshevaning shov-shuvga sabab bo‘lgan “Sevgingni menga ayt 2” videoklipiga munosabat bildirdi.

- Klipni diqqat bilan tomosha qildim. Chunki bu klip haqida keng ko‘lamda ma’lumotlar chiqa boshladi. Bu ma’lumotlarda Madaniyat vazirligiga oid tashkilot “O‘zbekkonsert” badiiy kengashi tanqid qilinadi. Aslida barcha kliplar¸ musiqa va qo‘shiqlar O‘zbekiston mentalitetiga mos kelishi kerak.

Mavluda Asqarxo‘jayeva¸ bu fikrlarni Tojikistonda o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirda bildirdi.

O‘zbekistonlik 34 yashar qo‘shiqchi, ijodi tez-tez bahs-munozaralar keltirib chiqaruvchi Lola Yo‘ldoshevaning «Sevgingni menga ayt-2» klipi Youtube va Instagramga 13 noyabr kuni qo‘yilganidan bir soat o‘tar-o‘tmas kamida 100 ming marta tomosha qilingan edi.

O‘zbekistonlik bloger Nurbek Alimov bu klipni “Lola inqilobi” deb atadi.

Lola Yo‘ldoshevaning o‘zi rejissyorlik qilgan bu klip Ozodlik suhbatlashgan san’atshunoslar nazarida san’atning “ijtimoiy protest” janridagi asardir.

O‘zbek pop qo‘shiqchisi Lola Yo‘ldoshevaning «Sevgingni menga ayt-2» klipida zamonaviy musiqa guruhining “davlatning ma’naviyat posboni” bo‘lgan "badiiy kengash nazoratidan o‘tish jarayoni" aks etadi.

7 minut davom etadigan klipda “musiqaga izn beruvchi mulozimlar”, har qanday yangilikni “mentalitetga zid bachkanalik” deya tanqid qiladigan “Oysha xolalar” va qo‘shiqchini “G‘arb ommaviy madaniyatiga ko‘r-ko‘rona taqlidda” ayblaydigan “Xeyter” obrazlari bor. Shuningdek, klipda jamiyatning barcha qatlamlari vakillari, xususan “soqol qo‘ygan”lar guruhi ham aks ettiriladi.

Eskilik va ommaviylik to‘qnashuvi?

O‘zbekistonlik rejissyor Abdulaziz Mahmudov, klipni tomosha qilgach, Ozodlikka bu klip “Ommaviy madaniyatning ibtidoiy g‘or zehniyati bilan to‘qnashuvi” haqida ekanligidan fikr yuritar ekan, dedi:

- Yaxshi va ma’noli klip. Bu klipning badiiy-ijtimoiy ahamiyati va albatta, chuqur falsafasi bor. Klip jamiyatimizda bugun yuz berayotgan ommaviy madaniyat bilan ibtidoiy g‘or zehniyatining to‘qnashuvini aks ettiradi. Hukumat odamlar miyasiga o‘zi istagan narsani joylamoqchi. Ammo mentalitetni zo‘ravonlik va senzura orqali joriy etib bo‘lmaydi. O‘zbek jamiyatining barcha bo‘g‘inlari, xususan “O‘zbekkonsert” va “O‘zbekkino”da ham "ma’naviyat posbonlari" bor. Men ham ular bilan to‘qnashganman. Ma’naviyat posboni deganimiz aslida senzuraning ko‘rinishidir.

Toshkentlik jurnalist Yevgeniya Grandening Ozodlikka aytishicha¸ minglab izohlarda Lola Yo‘ldosheva klipi jamiyatning turli qatlamlari tarafidan olqishlanmoqda.

XS
SM
MD
LG