Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:22

Olimlar: Erning asabi xotini pul topmasayam qaqshaydi, topsayam...


Bat universiteti (Buyuk Britaniya) o‘tkazgan tadqiqot oila daromadining 40 foizigacha bo‘lgan qismini xotini topsa, er o‘zini yaxshi his qilishini, ammo ayollar oyligi bu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lsa, erlar stressga yo‘liqishini ko‘rsatdi. Iqtisodiy jihatdan xotiniga butunlay qaram bo‘lgan erkaklarda esa stress darajasi eng yuqori bo‘ladi.

15 yil davomida 6000 amerikalik er-xotin orasida o‘tkazilgan tadqiqot erkaklar yagona pultopar bo‘lsa, jiddiy stressdan aziyat chekishini ko‘rsatdi. Ayollarning maoshi oila daromadining 40 foizigacha bo‘lsa, erlarning stress darajasi ozayadi. Ammo ayollar maoshi oilaviy daromadning 40 foizidan ko‘p bo‘lsa, erkaklar stress darajasi yana osha boshlaydi.

Bat universitetning Boshqaruv maktabi iqtisodchisi doktor Joanna Sirda:

- Tadqiqot natijalari erkaklarning oila boquvchilik roli haqidagi ijtimoiy normalar hamda erkaklar ayollaridan ko‘proq daromad topishi bo‘yicha an’anaviy qarashlar erkaklar sog‘lig‘i uchun xavfli ekanligini ko‘rsatdi, - dedi.

- Bu muayyan guruh o‘rtasida o‘tkazilgan yirik tadqiqot, xolos. Boshqa guruhlarda hamda jamiyatlarda qarashlar o‘zgacha bo‘lishi hamda vaqt o‘tishi bilan natijalar o‘zgarishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, natijalar yetarlicha salmoqli bo‘lib, jins normalari hanuz mavjudligini, ularning erkaklar sog‘lig‘ida o‘ynaydigan rolini ko‘rsatadi. Tinimsiz bezovtalik ko‘plab salomatlik bilan bog‘liq muammolarga, jumladan, jismoniy kasalliklar, ruhiy, hissiyot bilan bog‘liq hamda ijtimoiy muammolarga olib kelishi mumkin, - deya qo‘shimcha qildi Sirda.

Doktor. Sirda, shuningdek, oila qurishdan avval erkaklar bo‘lajak turmush o‘rtog‘i ko‘proq daromad topishidan xabardor bo‘lsa, oila qurgandan keyin psixologik bezovtalikdan aziyat chekmasligi kuzatilganini aytdi.

Pyu tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 1980 yilda Amerikada oilali ayollarning faqat 13 foizi eridan ko‘proq maosh olgan. Ammo 2017 yilga kelib bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshgan. Vaqt o‘tishi bilan bu ko‘rsatkich yanada ko‘tarilishini kutish mumkin.

Doktor. Sirda tadqiqotchilar uchun bu o‘zgarish ijtimoiy normalar, salomatlik hamda erkaklarning an’anaviy roli haqidagi qarashlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi juda qiziq ekanligini aytdi.

- Oilada ayollar ko‘proq maosh topishi ortidan an’anaviy jins rollarining o‘zgarishi turli oqibatlarga olib keladi. Ular jismoniy va ruhiy salomatlik, hayotdan qoniqish, vafo, ajrashish hamda oilada muzokara olib borish qobiliyati kabi o‘lchamlar bilan bog‘liq, - dedi Dr. Sirda.

Tadqiqot natijalari, shuningdek, erkaklar va ayollar o‘z stress darajalari haqida turli qarashlarga ega ekanligini ko‘rsatdi. Xususan, ayollar oilaviy daromadning 50 foizini topsa, erlarida stress eng oz bo‘ladi, deb hisoblaydi. Ammo erkaklar nazarida bur ko‘rsatkich 40 foizni tashkil qiladi.

Doktor. Sina o‘tkazgan tadqiqot natijalari Personality and Social Psychology Bulletin jurnalida chop etildi.

XS
SM
MD
LG