Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 03:16

Rossiya yollanma askarlarining Suriyadagi vahshiyliklari aks etgan video tarqaldi


Videoda kamuflyaj kiyib olgan to‘rtovlon ikkita to‘singa tortilgan kishining abjag‘i chiqib ketgan tanasiga tez o‘t oladigan suyuqlik sepayotib, sof rus tilida hazil-huzul qilayotgani aks etgan.

Ular jasadga o‘t qo‘yib, uning qanaqa yonishini tomosha qilishdan oldin kamera oldida qo‘r to‘kar ekan, uning ko‘kragiga mamlakatning harbiy havo kuchlarini maqtovchi so‘zlarni rus tilida yozadi.

Suriyadagi vahshiylarcha qotillik haqida 2017 yil yozida tasvirga olingani gumon qilinayotgan video Rossiyaning “Novaya gazeta”si o‘tkazgan surishtiruvdan so‘ng joriy haftada paydo bo‘ldi.

Gazeta o‘sha kishilar Rossiyaning “Vagner” maxfiy yollash tashkilotiga taalluqli ekanini aytmoqda. Ko‘pchilik uni Rossiyaning ta’sirini Afrika va Yaqin Sharqda yoyishga tashabbuskor bo‘lyapti, deb hisoblaydi.

Gazeta 20 noyabrda e’lon qilingan hisobotida videodagi kishilardan birining shaxsini aniqlaganini va u Stavropol o‘lkasilik sobiq politsiya xodimi ekanini xabar qildi. O‘sha kishi 2016 yili tashkilotga kirish vaqtida “chet ellarda Rossiya manfaatlarini tamsil qilish”ga va’da bergan ekan.

Gazeta uni ismi va familiyasining birinchi harfi bilan ataydi va oilasi xavfsizligini o‘ylab, to‘liq ismini oshkor qilmadi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan video va “Novaya gazeta”ning hisoboti haqida fikr so‘ralganda, tasvirga olingan kishilarni bilishini inkor qildi. U videoni ko‘rishga vaqti bo‘lmaganini aytish bilan birga ushbu noxush hodisaga Rossiya qurolli kuchlarining daxli yo‘q ekanini aytdi.

U Rossiyaning Suriyada jang qilayotgan ayrim yollanma guruhlari urush jinoyatlari sodir etganlikda ayblanayotgani haqidagi savolga, “Bu prezident ma’muriyatiga beriladigan savol emas”, deb javob qaytardi.

“Vagner” Rossiyaning so‘nggi o‘nyillikda tashkil qilingan xususiy harbiy kompaniyalaridan eng mashhuridir. Uni bir paytlar Vladimir Putinning yordamchisi va oshpazi bo‘lgan Yevgeniy Prigojin nazorat qilishi aytiladi.

Ilgari u tashkilotga aloqasi borligini inkor qilar edi, lekin turli surishtiruvlar Prigojinning uning faoliyatiga aloqasi borligini ko‘rsatdi.

2017 yilning bahorida yaxshi qurollangan “ChVK Vagner” bo‘linmalari “Islom davlati” terrorchi guruhlarini Shaer neft konidan quvib chiqargan edi. Bu fakt Suriya davlat bosh neft korporatsiyasi va Rossiyaning “Yevro Polis” shirkati o‘rtasidagi kelishuvlarda aks etgani ma’lum, deb yozdi “Novaya gazeta”.

Rossiyaning “Yevro Polis” kompaniyasi rus biznesmeni, omma orasida ko‘proq “Putin oshpazi” nomi bilan tanilgan Yevgeniy Prigojin shirkatlari bilan bog‘liqligi aytildi. Asadchilar bilan kelishuvga binoan, bu shirkat Suriyadagi neft va gaz konlarini ishidchilardan ozod qilishi va ularni xavfsizligini ta’minlashi lozim. Buning evaziga “prigojinchilar” kondan olinajak neft va gazning 25 foiziga egalik qiladi.

Prigojin yana AQShning 2016 yilgi prezident saylovi kampaniyasiga aralashgan Internet tadqiqotlari agentligini tashkil etgan va mablag‘ bilan ta’minlab turgan.

Suriyadagi "Vagner" xususiy harbiy kompaniya jangchilari
Suriyadagi "Vagner" xususiy harbiy kompaniya jangchilari

“Novaya gazeta” o‘sha noxush hodisa aks etgan kliplar turkumining faqat bittasi bo‘lsa ajab emas. Ularda rus jangarilari odamlarni qiynoqqa solgani, mayib-majruh qilgani va boshini kesib olgani tasvirlangan.

Gazetaning hisoboti odamlarning g‘azabini qo‘zg‘atgan va gangitib qo‘ygan noxush hodisaga oydinlik kiritdi.

Hisobot e’lon qilinishidan to‘rt kun oldin Suriyaning “Jesr Press” xabarlar sayti qurbon bo‘lgan kishiniki ekani iddao qilingan ismni e’lon qildi. Asli u Dayr az-Zo‘rdan bo‘lgani, fuqarolar urushi boshlanganda mamlakatdan qochib ketgani, ammo keyinchalik prezident Bashar Asad hokimiyatini qo‘llab-quvatlash uchun hukumat qo‘shinlari safiga kirgani haqida xabar qilindi.

Nashrga ko‘ra, Suriya armiyasidan qochib ketmoqchi bo‘lganida, uni Rossiya askarlari mamlakatning Homs viloyatidagi ash-Shaer neft konida tutib olgan.

Rossiyalik kishining “Novaya gazeta” murojaat qilgan qarindoshlari va do‘stlari javob bermagan yoki u bilan bog‘liqligi borligini inkor qilgan. Xotini esa gazeta muxbiri savol bergach, ijtimoiy tarmoqdagi akkauntini o‘chirib qo‘ygan.

“Novaya gazeta” maqolasi chop etilishidan oldin ijtimoiy tarmoqlarga yuklangan suratda 4 kishi boshi kesib olingan jasad oldida turgani tasvirlangan, bu tarqalgan klipdagi joy ekan, ularning suratdagi yuzlari bekitilgan.

Gazeta olingan materiallarni Rossiyaning huquqni qo‘llovchi idoralariga berishni taklif qilgan. Ammo ushbu mamlakatning tergov o‘tkazuvchi idoralari bu ish yuzasidan tergov o‘tkazgani yoki bunday tergov o‘tkazishni niyat qilgan-qilmagani aniq emas.

Rossiyaning “Vagner” yoki boshqa hususiy harbiy kompaniyalari mamlakati ta’sirini Yaqin Sharqdan tashqaridagi tabiiy resurslarga boy, shu bilan birga tashqi siyosiy ta’sir oldida zaif bo‘lgan mamlakatlarga yoyishga intilmoqda.

Jurnalistlar, ochiq resurslar tadqiqotchilari va boshqa kuzatuvchilar Rossiya harbiy kompaniyalari Markaziy Afrika Respublikasi, Mozambik va Liviyada amaliyotlar o‘tkazganini aniqladi.

Vashingtonda joylashgan “Yangi Amerika” jamg‘armasi va Arizona shtati universiteti joriy oy boshida e’lon qilgan hisobotda aytilishicha, Moskvaning xususiy harbiy kompaniyalarga tayanishi Kremlga foyda keltirgan va ular Rossiyaning ta’sirini yoyishda arzon, tezkor va maxfiy yo‘ldir.

XS
SM
MD
LG