Линклар

Шошилинч хабар
09 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:21

IIBchilar bilan tortishuvni videoga olgan haydovchi 20 minut ichida sirli ravishda jon berdi


Bu illyustrativ surat - Qo‘ng‘irotdagi voqeaga aloqasi yo‘q.

Qozog‘iston chegarasidan o‘rtog‘ini olib ketish uchun Samarqanddan Qoraqalpog‘istonga mashinada kelgan 31 yashar Nasimjon Xoliqov uyiga tirik qaytmadi.

Yo‘ldoshlariga ko‘ra¸ 12 noyabr tungi soat 11 lar atrofida xalqaro magistral yo‘lning Qo‘ng‘irot tumanidan o‘tuvchi qismida ular o‘tirgan Lacetti mashinasini yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari to‘xtatgan.

Inspektorlar¸ protokol ustida yuzaga chiqqan tortishuvni videoga olgan Nasimjondan telefonini tortib olishga uringani ortidan¸ u qocha boshlagan.

Oradan 20 daqiqa o‘tib¸ sheriklari Nasimjonning magistral yo‘l bo‘yida yotgan o‘ligini topgan.

Dastlabki ekspertiza Xoliqovning yurak xurujidan o‘lgani haqida xulosa chiqargan bo‘lsa-da¸ sheriklari uning IIB xodimlari tomonidan urib o‘ldirilganini iddao qilmoqda.

Qo‘ng‘irot tuman IIBsining Ozodlik gaplashgan rasmiysi¸ o‘lim yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv o‘tkazayotganini bildirdi.

Magistral yo‘l bo‘yidagi tortishuv

Samarqandlik Nasimjon Xoliqovning Qoraqalpog‘istondagi sirli o‘limi tafsilotlarini Ozodlikka uning safardoshlari xabar qildi.

Rossiyadan qaytayotgan do‘stimiz Otabek Qozog‘istonda mashinasi buzilib¸ yo‘lda qoldi. U Nasimjonga telefon qilib¸ Qoraqalpog‘istondagi chegaradan olib ketishni so‘radi. Mening Lacetti mashinamda yo‘lga chiqdik. Otabek va yana bitta qashqadaryolik yo‘lovchini olib qaytayotganda yarim tunda Qo‘ng‘irot gaichilari to‘xtatdi”¸ deydi samarqandlik haydovchi Saydullo O‘rinov.

Guvohning aytishicha¸ voqea tungi 11 larda xalqaro magistral yo‘lda bo‘lgan.

Qop-qorong‘u¸ yaydoq joyda to‘rtta GAI mashinasida o‘tirgan 8 tacha inspektor to‘xtatdi. Rulda men edim. Tushsam¸ nomerning tepasidagi svechkang kuygan¸ protokol qilib¸ jarima to‘lataman¸ dedi. Otabek tushib¸ hatto qozog‘istonlik gailar ham bu qadar insofsiz emas¸ qo‘yvor¸ dedi. Orada tortishuv chiqdi¸ gaichilar "senlar baran” deb bizni haqorat qilishdi. Nasimjon tushib¸ telefoniga videoga ola boshladi. Bitta gaishnik uning telefonini tortib olmoqchi edi¸ u yo‘l bo‘ylab qocha boshladi. Ikkitasi piyoda¸ ikkitasi mashinada Nasimjonning orqasidan quvdi. Otabek ham bormoqchi edi¸ uni urib¸ GAI mashinasiga qulflab qo‘yishdi. Meniyam oldimni to‘sib¸ to‘xtatishdi”¸ deb davom etadi Saydullo O‘rinov.

20 daqiqa ichida ro‘y bergan o‘lim

Ozodlik bilan suhbatda voqea guvohlari¸ oradan 20 minutcha o‘tib¸ o‘zlarini ushlab turgan YPX xodimlari to‘satdan mashinaga o‘tirib¸ jo‘nab qolgani¸ Nasimjonni qidirib 500 metrcha yurgandan keyin¸ uning yo‘lda yotgan o‘ligiga duch kelishganini aytdi:

- Borsak¸ yo‘l bo‘yida yotipti¸ o‘lib bo‘lgan ekan. Peshonasi¸ shapkasi to‘la qon edi. Tepasida¸ faralari o‘chirilgan Skoriy¸ bizni to‘xtatgan gaichilar turipti. Bizni olib ketib¸ ikki kun ushlab turishti. O‘ligini ertasiga taksida Samarqandga yuborishdi. Telefonini tortib olishgan¸ undagi videolarni o‘chirishgan.

Qo‘ng‘irot tumanida o‘tkazilgan dastlabki tibbiy ekspertiza¸ Nasimjon Xoliqov qochayotgan paytda yurakka kislorod yetishmasligi oqibatida o‘lgan¸ degan xulosa chiqarib bergan.

Ammo sheriklari¸ soppa-sog‘ yigit haqida chiqarilgan bu xulosaga ishonmasliklarini aytadi.

- Biz Samarqand viloyati Nurobod tuman prokuraturasiga ariza berdik. Ko‘mishdan oldin bu yerda ham tibbiy ekspertiza qilishgan¸ respublikaga yuborildi¸ deyishdi. Hali javobini aytishmadi. Biz Nurobod prokuraturasiga Nasimjonni Qo‘ng‘irot yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari urib o‘ldirdi¸ deb ko‘rsatma berdik. Ular ko‘zing bilan ko‘rdingmi¸ deb bu gapni inobatga olmayapti. Qo‘ng‘irot prokuraturasida bizni avvaliga¸ “senlar o‘ldirib¸ yo‘l bo‘yiga tashlab ketgansanlar¸ bo‘ynigga ol”¸ deb qo‘rqitishmoqchi bo‘ldi. Lekin¸ bu gapning ochiqchasiga shantajligini bilib¸ yana o‘zlari to‘xtatishdi¸ deydi Saydullo O‘rinov.

Prokuratura shug‘ullanmoqda

Qo‘ng‘irot tuman IIBsining Ozodlik gaplashgan rasmiysi¸ Nasimjon Xoliqovning yo‘l harakati inspektorlari to‘xtatgani ortidan o‘lganini inkor qilmadi.

O‘lim sabablariga oid sheriklari aytayotgan iddaolarga munosabat so‘ralganda bu rasmiy¸ “Voqea bilan prokuratura shug‘ullanayapti¸ ulardan ma’lumot oling”¸ deya suhbatni qisqa qildi.

Qo‘ng‘irot va Nurobod tuman prokuraturasidan bu borada ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

IIB xodimlari bilan bog‘liq o‘limlar ro‘yxati uzaymoqda

18 noyabr kuni Ozodlik so‘roqqa olib kelingan bulung‘urlik 57 yashar Nasriddin Jabborovning tuman IIBsida o‘lgani haqida xabar qilgan edi.

O‘sha kuniyoq prezident farmoni bilan IIVning mamlakat qamoq va hibsxonalari uchun mas’ul o‘nga yaqin yuqori lavozimli amaldorlari ishdan olindi.


Ozodlikka ma’lumot bergan IIV mulozimlari¸ ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan urib o‘ldirilganlarga oid ma’lumotlar prezident farmoniga qisman sabab bo‘lganini bildirdi.

Bu bo‘shatishlardan keyin 21 noyabr kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Odilov selektor o‘tkazdi va to‘rt kun oldin qiynoqlar bo‘yicha BMT yig‘ilishida qatnashganini aytdi. Unga ko‘ra¸ O‘zbekiston qamoq va hibsxonasida o‘lgan har bir holat¸ xususan¸ Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani IIBsida o‘lgan shaxs ishi BMT nazoratiga olingan. Bunday o‘limlar Mirziyoyev hukumati sha’niga dog‘ bo‘lib tushmoqda”¸ dedi 22 noyabr kuni Ozodlik gaplashgan IIV mulozimi.

2017 yil oxirida prezident Mirziyoyev qiynoqlar va gumonlanuvchilarga nisbatan zo‘ravonliklar oldini olish maqsadida tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanishini aytgan edi.

- Eng muhimi, noqonuniy usullar qo‘llash to‘g‘risidagi bironta ham xabar e’tiborsiz qolmasligi shart. Prokuratura organlari har bir holat bo‘yicha chuqur tekshiruv o‘tkazib, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini ta’minlaydi, - degan edi O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan oy IIV Toshkent ko‘chalarida yo‘l-patrul xizmatlari xodimlariga beriladigan bodikameralar sinovdan o‘tkazilayotganini bildirgan edi.

Mobil videokameralarning ishga tushirilishi birinchi navbatda shu soha vakillari uchun zarur. Sababi, kameralar orqali vaziyatni doimo nazorat qilib turish imkoniyati oshadi. Nazorat kuchaytirilgan joyda esa tartib-intizom bo‘ladi. Kameralar esa har bir holatni oshkora ko‘rsatib beradi. Shu sababli barcha harakat ishtirokchilarini “Yo‘l harakati qoidalari”ga qat’iy amal qilishga chaqiramiz.

Unutmang, yo‘l-patrul xizmati inspektori bilan o‘zaro munosabatingiz mobil videokameralar nigohida turibdi!”¸ deb xabar bergan edi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.

Hozircha Qo‘ng‘irot tuman YHXB xodimlarining samarqandlik haydovchilar bilan bo‘lgan vaziyatni u yoki bu shaklda videotasvirga olgan-olmagani Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG