Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:47

Toshkent teatrlari vodiyga uch oyga "surgun" qilindi


Havoning sovuqligidan zal to‘lmay qolmoqda
Havoning sovuqligidan zal to‘lmay qolmoqda

O‘zbekiston prezidenti maslahatchilari tasdiqlagan hujjatda Toshkentdagi beshta teatr jamoasini Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida noyabr-yanvar oylarida spektakllar namoyish qilishga safarbar etish bayon qilingan.

Prezident maslahatchilari tasdiqlagan reja-jadvalga ko‘ra, teatrlar tig‘iz grafikda turli shaharlarda tomoshalar qo‘yishi kerak.

Ozodlik suhbatlashgan teatr aktyorlari sovuq zallarda spektakl qo‘yayotgan aktyorlar shamollab qolayotgani, sahna dekoratsiyasi muammo bo‘layotgani, zallarda sovuqdan qo‘nishib o‘tirgan oz sonli tomoshabinga tomosha tatimayotganini aytmoqda.

Teatr rejissyorlari bunday tadbirlar sobiq ittifoq davridan qolgan targ‘ibot-tashviqot an’anasi demoqda.

O‘zbekiston prezidenti maslahatchilari R. Qosimov va A. Abduvahitov imzosi bilan 19 noyabr kuni tasdiqlangan 1-sonli bayonda aytilishicha, Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi tashkil etayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ijobiy natija berayotgani uchun noyabr-yanvar oylarida Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida shunday tadbirlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan.

Prezident admintsratsiyasi bayoni
Prezident admintsratsiyasi bayoni

Bayonnomaga ilova qilingan reja-jadvalga ko‘ra, Toshkentdagi O‘zbek Milliy akademik teatri, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri, Rus akademik drama teatri, Davlat drama teatri, va Davlat qo‘g‘irchoq teatrlari noyabr-yanvar oylari davomida Marg‘ilon, Qo‘qon, Andijon, Namangan shaharlarida spektakllar namoyish qilishi kerak.

Har bir teatrning qaysi kuni qaysi shaharda tomosha ko‘rsatishi aniq qilib qo‘yilgan.

Masalan, O‘zbek Milliy akademik teatri 25-26 noyabr va 15-16 yanvar kunlari Marg‘ilonda, 29-30 noyabr va 18-19 yanvar kunlari Qo‘qonda, 2-3 dekabr va 21-22 yanvar kunlari Andijonda, 4-5 dekabr kunlari va 23-24 yanvar kunlari Namangan shahrida spektakl qo‘yishlari kerak.

Reja-jadval
Reja-jadval

Jadvaldan ko‘rinishicha, 2-3 dekabr kunlari Andijonda spektakl ko‘rsatgan jamoa, ertasi kuni Namangan shahriga yetib kelib, sahna dekoratsiyalarini yasatib, tomosha qo‘yishi kerak.

Bunday majburiy "ma’naviy-ma’rifiy" tadbirlardan charchaganini aytgan, ismi sir qolishini so‘ragan teatr rejissyorlaridan birining fikricha, teatr uni bir kunda shaharma-shahar ko‘chirsa bo‘ladigan bitta toru childirmadan iborat narsa emas:

Ikki kunda qay tarzda mahobatli dekoratsiyasi bilan teatr bu shahardan boshqa teatrga ko‘chib o‘tadi?


“Bu qanday grafikki, dramatik teatrlarning professional aktyorlari intermediya o‘ynagandek bir kunda shahar oshsa? Spektaklni oylab rejissyor repetitsiya qiladi, sahnalashtiradi. Qancha odam dekoratsiya tayyorlaydi. Kiyim va liboslar tikiladi. Poyabzal tikiladi. Rassom allaqancha fantaziya bilan surat chizadi spektakl uchun. Har bir spektaklga individual tayyorgarlik ko‘riladi. Har bir dekoratsiya, rekvizit, libosu grim va boshqa detallarga alohida e’tibor berish kerak. Ikki-uch soat dekoratsiya quriladi. Rekvizitlar joy-joyiga qo‘yib chiqiladi. Mabodo bitta rekvizit yetishmasa yoki joyida bo‘lmasa aktyor rolini unutishi ham mumkin. Ikki kunda qay tarzda mahobatli dekoratsiyasi bilan teatr bu shahardan boshqa teatrga ko‘chib o‘tadi?”

Zal sovuqligidan odamlar palto va kurtkalarda o‘tiribdi
Zal sovuqligidan odamlar palto va kurtkalarda o‘tiribdi

Rejissyorning aytishicha, asosiy dekoratsiyalar bilan bu qisqa muddatda sahnani bezash imkoni bo‘lmagani uchun, aktyorlarning ham ruhi tushgan, texnik xodimlar ham charchagan:

Avtobusga o‘tirsayu Farg‘onadan Namanganga yoki Andijonga borib spektaklda o‘ynasa?


"Qaysi bir teatrlarda umuman texnika bo‘lmasa, yuk mashinasi bo‘lmasa! Montirovkachilari hammol emaski, dam olmasdan quldek ishlasa. Aktyor eshshakmi, bir kunda ikkita joyda rol o‘ynasa? Avtobusga o‘tirsayu Farg‘onadan Namanganga yoki Andijonga borib spektaklda o‘ynasa? Grim qilish kerak, aktyor rolga kirishishi kerak. U ham issiq jon. Odam. Tobi qochishi mumkin. Bunaqa sovetcha targ‘ibotchiligu tashviqotchilik prezident adminstratsiyasidan chiqqaniga ishongim kelmaydi. Madaniyat vazirichi? Yelkalarida ko‘tarib yurgan kallada ozroq bo‘lsa ham miya qolganmi yoki tamom bo‘lganmi hammasi?”

Teatrlar zali sovuqbo‘lishiga qaramay aktyorlar yupun kimlarda rol o‘ynashga majbur
Teatrlar zali sovuqbo‘lishiga qaramay aktyorlar yupun kimlarda rol o‘ynashga majbur

Ismi sir qolishini so‘ragan marg‘ilonlik maktab o‘qituvchilaridan birining aytishicha, ijtimoiy muammolar qaynab turgan joyda tomosha ham yoqmaydi:

Odamlar sovuqdan qo‘nishib o‘tiribdiyu, tomosha tatiydimi?


“Oddiy, kundalik ro‘zg‘orining tog‘dek tashvishidan ortmayotgan xalqqa teatr tomoshasi yoki yallachining fonogrammasi qanchalik zarur? Teatr deganlari yoki tadbir o‘tkaziladigan zaldagi ahvolga qarang?! Odamlar sovuqdan qo‘nishib o‘tiribdiyu, tomosha tatiydimi? Bizku zalda paltoda bir ilojini qilib o‘tirdik, ammo yupun libosda tomosha ko‘rsatayotgan aktyorlarga qiyin bo‘ldi, shamolab qolmagan bo‘lsa bo‘ldi”

O‘qituvchining aytishicha, madaniyat boshqarmalari teatrga maktab, bog‘cha va boshqa tashkilotlardan arang odam yig‘yapti va shunda ham zal to‘lmay qolyapti.

Zal sovuqligidan odamlar palto va kurtkalarda o‘tiribdi
Zal sovuqligidan odamlar palto va kurtkalarda o‘tiribdi

Teatrshunos bloger Hasan Jo‘rayev fikricha, teatr tomoshalarini sharoitga qarab rejalashtirmoq kerak:

Sovqotayotgan odam madaniy hordiqni emas, balki isinishni o‘ylaydi.


“Bir tomondan poytaxt teatrlarining viloyatlarga safari ijobiy holat. Chunki viloyatliklar ham markaziy teatrlarning spektakllarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Lekin ikkinchi tomondan, teatrda sharoit yo‘q bo‘lsa, havo sovuq bo‘lsa, bu tomoshabinga ham, aktyorlarga ham salbiy ta’sir qiladi. Chunki sovqotayotgan odam madaniy hordiq chiqarishni emas, balki isinishni o‘ylaydi. Teatrlarni bir joyga gastrolga yuborishdan oldin, ularga xuddi o‘z sahnasidek sharoit yaratib berish kerak”.

XS
SM
MD
LG