Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:56

Katta miqdorda elektr quvvati o‘g‘irlanganini fosh qilgan MIB boshlig‘i ishdan olindi


Pastdarg‘om tumanidagi beton zavodi.
Pastdarg‘om tumanidagi beton zavodi.

Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumani Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Ilhom Hamdamov 6 dekabrda ishdan olindi.

Ilhom Hamdamov boshchilik qilgan MIB xodimlari 4 dekabr kuni “Pastdarg‘om tuman Obodonlashtirish” direksiyasiga qarashli beton zavodida elektr quvvati o‘g‘irlanganini fosh qilgan haqda Ozodlik maqola nashr qilgan edi.

MIB xodimlarining iddao qilishicha, tuman hokimining "tomorqasiga tosh otgan" boshliq shu tariqa jazolangan.

Samarqand viloyat MIB kadrlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Hamdamovning ishdan olinishiga hokimlikning aloqasi yo‘qligini aytdi.

Pastdarg‘om tuman MIBning ismi sir qolishini so‘ragan xodimining aytishicha, Ilhom Hamdamovdan 6 dekabr kuni majburiy ariza yozdirib olingan:

Xodimlari elektr energiyasi o‘g‘rilarini fosh qilgan boshliqni shu tariqa “mukofotlashdi"!


“Hokimlikning qo‘li baland keldi. Boshlig‘imizdan 6 dekabr kuni “boshqa yengilroq ishga o‘tkazishingizni so‘rayman” mazumunidagi majburiy ariza yozdirib olindi. Bu kechagi voqeaning ta’siri ekanligini hammamiz bilib turibmiz. Xodimlari elektr energiyasi o‘g‘rilarini fosh qilgan boshliqni shu tariqa “mukofotlashdi!”

Samarqand viloyati MIBi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Jamshid Turdimurodov Ilhom Hamdamovning ishdan olinganini tasdiqladi, lekin buni hokimlik tazyig‘i bilan bo‘lganini inkor qildi:

“O‘zimizning ichki tekshiruvlarimiz natijalariga ko‘ra ishdan olingan, lekin bunga hokimlikning aloqasi yo‘q. Bundan ortiq ma’lumot bera olmayman”.

Lekin ismi sir qolishini so‘ragan MIB xodimlaridan biri, tekshiruv aynan Pastdarg‘om tumanida o‘tkazilmaganini aytdi:

Qonun ezildi, sindi, chilparchin bo‘ldi.


“Noyabr oyida viloyat tumanlari MIBlarida kompleks tekshiruv o‘tkazilgan edi. Lekin bu tekshiruv Pastdarg‘om tumanida o‘tkazilmagan. Viloyat MIBi plandan chiqmaganni bahona qilib, Ilhom Hamdamovni ishdan olib tashladi. To‘g‘ri, rejani bajarolmaganmiz, viloyat bo‘yicha 2-3 ta tuman chiqqan xolos. Qarang, hokimlikka qarashli betonzavoddagi o‘g‘rilikni fosh qilgandan 2 kun o‘tib ishdan bo‘shatildi. Buni tuman hokimining yugurdaklari hokimning mutlaq g‘alabasi sifatida e’tirof etmoqda. Qonun ezildi, sindi, chilparchin bo‘ldi. MIB muhrini hokim yordamchisi buyrug‘iga ko‘ra, zo‘ravonlik bilan uzib tashlaganlar jazolanish o‘rniga qonun hammaga bir xil deganlarga jazo berildi”.

Pastdarg‘om tuman Majburiy ijro byurosi xodimlari 4 dekabr kuni elektr energiyasidan shartnoma va hisoblagichsiz foydalanayotgan “Pastdarg‘om tuman Obodonlashtirish” direksiyasiga qarashli beton ishlab chiqarish zavodini elektr tarmog‘idan uzgan edi.

MIB xodimlari Ozodlikka zavodning elektr tarmoqlari korxonasi bilan hech qanday shartnoma rasmiylashtirmagani, hech qanday hujjat taqdim qilolmagani, hech qanday elektr hisoblagich o‘rnatmasdan, elektr energiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, noqonuniy foydalanib kelganini aytgan edi.

Ismi sir qolishini so‘ragan “Qatorterak” mahalla faollaridan biri bu zavodni tuman rahbarlaridan biriga tegishli ekanini iddao qilgan edi:​

Bilasizmi, zavodga qancha elektr energiya ketadi?! Yana xalqqa chirog‘ yetmayapti deb ayyuhannos solishadi.


“Zavod qurilgan joy M. Jo‘raqulova degan fermer ayolning eri edi. Hokim bu yerni obodonlashtirishga beramiz¸ deb undan olib qo‘ygan edi. Lekin bu yerga betonzavod qurildi. Mahallaning orqasidagi uylarga juda yaqin, 100 metr ham chiqmaydi orasi. Uning shovqinidan kechayu kunduz mahallaga tinchlik yo‘q. Buning ustiga¸ sentabrdan beri elektrdan tekin foydalanib kelayotgan ekan. Bilasizmi¸ zavodga qancha elektr energiya ketadi?! Yana xalqqa chirog‘ yetmayapti¸ deb ayyuhannos solishadi. Mana qaerga ketayapti, o‘g‘rilik elektr energiyalar. Bitta kambag‘al qarzini to‘lolmagan bo‘lsa¸ qancha jarima to‘laydi. Bular qancha to‘lar ekan? Menimcha, katta mulozimniki bo‘lganidan keyin, arzimagan jarima bilan qutulib ketadi”.

O‘zbekiston Energetika vazirligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda¸ elektr energiyasi va gazni noqonuniy o‘zlashtirish ko‘paygani haqida gapirgan edi:

“​Hisob-kitobga kirmasdan ishlayotgan yoki limitidan oshig‘ini ishlataëtgan ishlab chiqaruvchilar hisobiga hozirgi kundagi taqchillik kelib chiqdi”¸ dedi Ozodlik bilan shaxsini ochiqlamay gaplashgan Energetika vazirligi rasmiysi.

XS
SM
MD
LG