Линклар

Шошилинч хабар
07 апрел 2020, Тошкент вақти: 22:59

HRW: O‘zbekiston islohotlar ruhini saylovlarga yuqtira olmadi


Human Rights Watch (HRW) tashkiloti prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni isloh qilish uchun “ba’zi qadamlar”ni qo‘ygandan so‘ng “islohotlarning ushbu ruhi”ni saylovlarga ham "yuqtira" olmagani uchun taassuf bildirdi.

22 dekabrda O‘zbekistonda Islom Karimovning o‘limidan so‘ng Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, ilk marta parlament saylovi o‘tkaziladi.

O‘shandan beri Mirziyoyev O‘zbekiston inson huquqi borasidagi “dahshatli” ahvolini yaxshilash borasida “muhim islohotlar” o‘tkazdi, biroq Markaziy Osiyodagi ushbu mamlakatning siyosiy tizimi “asosan avtoritar” bo‘lib qolmoqda, deyiladi HRW 16 dekabrda tarqatgan bayonotda.

2016 yilda Mirziyoyevning prezident etib saylanishi “saylovchilarni asosiy huquqidan mahrum etuvchi va saylovning erkin va adolatli bo‘lishiga to‘sqinliklar bo‘lgan sharoitda o‘tgan edi”, deyiladi Nyu-Yorkda joylashgan inson huquqiga rioya etilishini nazorat qiluvchi tashkilot bayonotida.

HRWga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yil fevralida saylov kodeksiga “ayrim o‘zgartirishlar” kiritdi, biroq ushbu islohot kelgusi saylovda ovoz beruvchiga haqiqiy nomzodlarni tanlash imkonini bermaydi.

Saylovda qatnashayotgan beshta siyosiy partiya “hukumat belgilab bergan siyosiy cheklovlar doirasida” harakat qiladi, ammo na muxolif partiyalar va na mustaqil nomzodlarga saylovda qatnashish imkoniyati berildi.

“O‘zbekistonda yaqinda muhim islohotlar o‘tkazilgan edi, shuning uchun islohotlar ruhi parlament sayloviga qo‘llanmayapti”, dedi HRWning Yevropa va Markaziy boshqarmasi direktori Hyu Uilliamson.

− Toshkent kelgusida mustaqil partiyalar va nomzodlarga bunday saylovda qatnashishga ruxsat berishi kerak, − dedi u.

HRW bildirishicha, Mirziyoyev davrida “inson huquqi masalasida “umid uchqunlari” paydo bo‘ldi, uning hukumati siyosiy sabablarga ko‘ra uydirilgan ayblovlar bilan qamalgan o‘nlab qishilarni, jumladan, inson huquqi himoyachilarini va jurnalistlarni ozod qildi.

Lekin O‘zbekistonda “avtoritar davlatning ko‘plab asosiy unsurlari saqlanib qolmoqda”, deyiladi HRW bayonotida. Bunga Davlat xavfsizlik xizmatining “kuchli vakolatlari”, minglab kishilar siyosiy ayblovlar bilan qamoqda qolayotgani hamda huquqni qo‘llovchi idoralarning “keng tarqalgan” qiynoqqa solish va mahbuslarga yomon munosabatda bo‘lish amaliyotlari misol qilib keltiriladi.

Mamlakatda axborot vositalari senzurasi keng tarqalgan, u yerda jurnalistlar “ta’qib qilinmoqda, ba’zan hibsga olinmoqda”, hokimiyat idoralari fuqarolik va siyosiy huquqni himoya qilish bilan shug‘ullanayotgan nodavlat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmayapti.

Bayonotda aytilishicha, “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosining o‘zbek xizmati vebsayti O‘zbekistonda bloklanganicha qolmoqda.

Sentabrda BMTning sudyalar va advokatlar erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi “sud idoralarining erkinligi va qonun ustuvorligiga jiddiy tahdidlar”, jumladan, jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda prokurorlarning keng vakolatlari saqlanib qolayotibdi, degan xulosaga kelgan edi.

HRW Oliy sudning 2011 yilda tashkilotning Toshkentdagi ofisini yopish to‘g‘risidagi qarori sabab haligacha O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘ta olmayapti. Garchi tashkilot 2017 yil sentabridan beri O‘zbekistonga borish va tadqiqot o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, 2010 – 2017 yillarda mamlakatda faoliyat yuritish imkoniga ega bo‘lmadi.

Yana bayonotda 2019 yilda O‘zbekiston bo‘ylab minglab uylar shaharlarni qayta qurish va obodonlashtirish bahonasida buzib tashlangani, ammo egalari yetarli darajada tovon puli ola bilmagani, garchi davlat xizmatchilarini majburiy mehnatga jalb etish taqiqlangan bo‘sa-da, 2018 yilda 170 ming kishi paxta terishga majburlangani aytiladi.

XS
SM
MD
LG