Линклар

Шошилинч хабар
28 сентябр 2020, Тошкент вақти: 00:13

Fermerlar: Mirziyoyev joriy qilgan klaster tizimi o‘zini oqlamayapti!


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 dekabrda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlar tashkil etish vazifasini qo‘ydi.

Prezidentning bu haqdagi farmoni 12 dekabr kuni matbuotda e’lon qilindi.

Paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni klaster korxonalariga birlashtirish ikki yil avval boshlangan edi.

Ozodlik o‘tgan ikki yil mobaynida agrar soha islohotida klaster usulining qanchalik samara berganini o‘rganishga urindi.

Ozodlik surishtiruviga ko‘ra, O‘zbekistonning ba’zi viloyatlarida klaster ijobiy natija bergan, ba’zi viloyatlarda esa klasterga paxta va g‘alla sotgan fermerlar ikki yillik hosil pulini shu paytgacha ololmagan.

Klaster bilan ishlayotgan fermerlar ular faoliyatiga mahalliy hokimlar aralashuvi to‘xtamaganini aytmoqda.

Klaster nima degani?

  • Klaster so‘zi (inglizcha clusterdan) to‘plam, shingil, uya degan ma’nolarni beradi.
  • O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan qishloq xo‘jaligini asta-sekin klaster tizimiga o‘tkazish 2018 yilda boshlangan edi.
  • Bundan maqsad qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradigan fermerlarni hukumat nazoratidan chiqarib, bevosita maxsus klaster korxonalariga birlashtirish ekanligi aytilgan.
  • Klaster bilan ishlash tizimida fermerlar avval bo‘lgani kabi paxta va g‘alla yetishtirishda uch tomonlama (hokimlik - paxta yoki g‘alla qabul qilish korxonalari - fermer) shartnoma emas, balki faqat klaster korxona bilan shartnoma imzolaydi.
  • Bu shartnomaga ko‘ra, klaster fermerga urug‘dan tortib, yonilg‘i, mineral o‘g‘it, mablag‘ bilan ta’minlash kabi barcha ishlarni o‘z zimmasiga oladi.
  • Fermer mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri faqat klasterga sotadi.
  • Klaster bu mahsulotni qayta ishlab, ichki va tashqi bozorga sotadi.
  • Klaster tizimida mahalliy hokimiyat fermerning ishiga aralashmasligi, fermer bevosita klaster bilan qilgan shartnomani bajarishi kerak.
  • Fermer bilan klaster korxona o‘rtasida chiqqan nizolarni Iqtisodiy sud hal qiladi.

Klaster hosil uchun va’da qilgan pulni berishni keyingi yilga qoldirdi

Andijon viloyat, Ulug‘nor tumani fermerlari bu yil SOF TEX" klaster korxonasiga qarashli "Vodiy sanoat faxri" MChJ bilan urug‘lik paxta yetishtirishga shartnoma qildi.

"SOF TEX" klaster to‘qimachilik korxonasi
"SOF TEX" klaster to‘qimachilik korxonasi

Klaster shartnoma bo‘yicha yetishtiriladigan hosil qiymatining 60 foizini bo‘nak sifatida 1 sentabrgacha to‘lashi shart edi.

Ammo, Ulug‘nor tumanidagi "Mamajon buva" fermer xo‘jaligi rahbari 37 yashar Shamsiddin Mirzakarimovning aytishicha, klaster 60 foizning faqat 20 foizini yonilg‘i va mineral o‘g‘it sifatida to‘lagan.

Urug‘lik va paxta yetishtirish uchun qolgan harajatlarni fermer o‘z yonidan qilgan.

Yonimdan 50 million so‘m bankka topshirib, ishchilarimga ikki oylik maosh qilib berdim.


- Bor-yo‘g‘i 20 foizini, uni ham naqd pul bilan emas, qimmat narxdagi dori berishdi. Bug‘doydan tushgan pulga, paxtani qaradim. Yonimdan 50 million so‘m bankka topshirib, ishchilarimga ikki oylik maosh qilib berdim. Zararkunandalarga qarshi zahar dorilari juda qimmat bo‘lgani uchun olmadik, texnika xarajatlarimizni ham bermadi. Shu 60 foizning ichida taqriban 10 foizi ish haqimiz bo‘lsa, shuni ham juda oz berdi.

Fermer klasterga plandagi 200 tonna o‘rniga 265 tonna birinchi navli paxta sotgan va 1 milliard 200 million so‘mlik daromad, shundan 620 million sof foyda ko‘rgan. 170 million so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lagan.

- 620 million sof foydaning qariyb 400 millionini men yonimdan xarj qilganman. Asl sof foyda 200 million atrofida bo‘lyapti.

Ammo, fermerga ko‘ra, klaster korxona boshlig‘i Iqboljon (familiyasini aniqlash imkoni bo‘lmadi-tahr.) 18 dekabr kuni majlis o‘tkazib, fermerlarga bu yil hosil pulini to‘lash imkoni yo‘qligini aytgan:

Qarzdorligim ko‘p, yangi yilda uch oy davomida bo‘lib-bo‘lib beramiz, deyapti.


- Klaster bu yil paxtani chertib-chertib oldi. Salgina iflosligi bo‘lsa ham, qabul punktidan qaytaraverib, rosa qiynadi. Standart holatida topshirdik. A’lo paxta edi. Endi Iqboljon aka degan klaster, fermerlarni yig‘ib, bu pullaringni hozir to‘lay olmaymiz. Paxtani hali qayta ishlaganim yo‘q, qarzdorligim ko‘p, yangi yilda uch oy davomida bo‘lib-bo‘lib beramiz, agar norozi bo‘lsalaring sudga berovringlar, deyapti.

Ozodlik suhbatlashgan yana ikki fermer ham klaster boshlig‘i shunday deganini tasdiqladi.

Ularning aytishicha, tumandagi 200 nafardan ortiq fermerning birortasi ham klasterdan hosil pulini ololmagan.

"SOF TEX" klaster korxonasi direktori Iqboljon Ozodlikning telefon qng‘iroqlariga javob bermadi.

Korxonaning o‘zini Husniddin deb tanishtirgan buxgalteri fermerlarning hosil puli 31 dekabrgacha to‘la o‘tkazib berilishini aytdi:

- Bizga topshirilgan paxta xom ashyosi turibdi. Biz uni qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantirib keyin sotamiz. To‘g‘ri, shartnoma 31 dekabrgacha, tushgan pulni fermerlarga beryapmiz. Davlat fondidan ajratilgan 60 foiz pulni esa to‘liq berib bo‘lganmiz.

Klaster ikki yildan beri hosil pulini bermadi

Ozodlik klasterlar boshqa hududlarda fermerlar oldidagi majburiyatlarini bajarmayotganini Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi fermerlar bilan suhbatlashganda ham bildi.

Bu tumanda qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yil bo‘ldi.

Lekin, fermerlarning aytishicha, ular ikki yildan buyon klasterga topshirgan hosil pulini olmagan:

“Bu klaster emas, balo bo‘ldi. 2018 yil paxta pulini, 2019 yil g‘alla va paxta pulini hali ham olganimiz yo‘q. Ikki yil davomida klasterning uchta rahbari o‘zgardi. Ilgari har yili 31 dekabrgacha pulimizni to‘liq olardik. Klasterga o‘tganimizdan so‘ng, nasiyaga ishlayapmiz”

Manzilsiz, idorasiz "arvoh" klaster

Fermerning aytishicha, klaster korxonasi manzili qaerda ekanligini hech kim bilmaydi:

Bu klaster arvohga o‘xshaydi, ko‘zga ko‘rinmaydi.


Topib so‘raylik desak, bu klasterning na idorasi bor, na bir manzili. Barcha topshiriqlar hokimlik orqali bajariladi. Hokimlikdan so‘rasak, ular ham yelka qisishadi. Adresini beringlar desak, o‘zimiz ham bilmaymiz, deyishadi. Bu klaster arvohga o‘xshaydi, ko‘zga ko‘rinmaydi”.

Fermer klaster o‘z zimmasiga olgan yonilg‘i va mineral o‘g‘itlar ta’minotini ham bajarmayotgani uchun kelgusi yil hosiliga tayyorgarlik ko‘rish imkonsiz bo‘lib qolayotganidan shikoyat qildi:

“Ikki yillik hosilning pulini bermaganiga yarasha, aqalli solyarka va mineral o‘g‘itlar ta’minotini ham durust qilmayapti. Bir fermerga qo‘li qaltirab 30 litr solyarka beradi. Yerni haydash kerak, yangi yil kelyapti, hali yer haydalmasdan yotibdi. Bunaqa ahvolda kimning ham ishlagisi keladi?”.

Toshkent viloyati hokimligining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini mulozimi “AVS Oqqo’rg’on AgroCluster” fermerlardan 18 milliard so‘m qarzi bor ekanligini aytdi:

Fermerlar yozgan o‘nlab arizalardan prezident portali ham xabardor.


“Fermerlar bizga ham shikoyat qilishdi. Pulsiz qanday ishlash mumkin deyishyapti. Bu tushkunlik fermerlarning ishlashiga salbiy ta’sir qilyapti. Viloyat hokimligi ham bu masalani hal qila olmaydi. Bu holatni prokuratura ham biladi. Fermerlar yozgan o‘nlab arizalardan prezident portali ham xabardor. Adliya vazirligiga ham fermerlar shikoyat qilgan. Lekin bu klasterning mas’uliyatini hech kim bo‘yniga olgisi kelmayapti. Hamma jit-jit. Klasterning “krishasi” eng yuqorida o‘tiribdi, shekilli”.

Mulozimning aytishicha, klasterning fermerlar bilan tuzgan shartnomasida na uning manzili, na telefoni ko‘rsatilgan:

“Shartnoma nusxalari tuman hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limiga beriladi. Hokim fermerlar bilan shartnoma qilinsin degan buyruq beradi, tamom. Fermer klasterni qaerdan izlashni va shikoyatlar bo‘yicha kimga murojaat qilishni ham aniq bilmaydi. Klaster bilan shartnoma imzolagan fermer huquqsiz va himoyasiz qoldi”.

Ozodlikning “AVS Oqqo’rg’on AgroCluster” rahbarlarini topishga qilgan harakatlari natijasiz bo‘ldi.

"Klaster fermerni emas, fermer klaster tanlashi kerak"

Germaniyaning Leybnits nomidagi o‘tuvchi iqtisodiyotli mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish institutining ilmiy xodimi Nodir Jonibekov “klasterlar o‘rtasida raqobat bo‘lmasligi tanazzuldir” degan fikrda:

Demak sizlarda hali ham monopoliya hukm surmoqda


“Agar klasterlar har bir fermer uchun raqobat qilmasa, agar fermerlarda klaster tanlash imkoni bo‘lmasa, demak sizlarda hali ham monopoliya hukm surmoqda”, deydi Jonibekov Ozodlikka bergan intervyusida.

Tadqiqotchi fikricha, bu holatda davlat monopoliyasi o‘rniga xususiy monopoliya keladi:

Fermerlardan ko‘proq mahsulot olishni istasangiz, ularga yaxshi narx taklif qilish kerak.


“Bunday holatda xususiy klasterlar fermerlarga eng kam xarid narxini taklif qiladi. Fermerlardan ko‘proq mahsulot olishni istasangiz, ularga yaxshi narx taklif qilish kerak. Agar fermer hech qanday rag‘bat ko‘rmasa, mahsulot yetishtirish hajmi o‘z-o‘zidan kamayadi”

Jonibekovning aytishicha, xuddi shunday holat 2000 yilda tojikistonlik fermerlar bilan sodir bo‘lgan edi va ayni paytda Qozog‘istonda ham kuzatilmoqda.

Klaster ishiga hokimlik aralashyapti

Fermerlarning aytishicha, fermer klaster bilan bevosita shartnoma tuzganiga qaramay, mahalliy hokimiyat fermerlar faoliyatiga aralashishdan to‘xtamayapti.

Bir yil klaster bilan ishlagan Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani “Novot Niyoz” fermer xo‘jaligi rahbari Akramjon Novotovning aytishicha, hokimlik o‘tkazadigan majlislarga klaster rahbarlari ham qatnashishga majbur:

Klasterda ishlaganimiz bilan hokimiyat o‘tkazgan majlisbozliklardan charchab ketdik.


Klasterda ishlaganimiz bilan hokimiyat o‘tkazgan majlisbozliklardan charchab ketdik. Majlisga bormasang, yeringni olaman degan tahdid bo‘ladi. Dalada paxta qolmagan bo‘lsa ham, birinchi qor yoqquncha hokimiyat yo‘q paxtani terdirdi. Yerning shudgori kechikdi”.

Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermer ham klaster mustaqil faoliyat olib borolmasligini aytadi:

Klaster mustaqil tashkilot bo‘lgani bilan, baribir hokimiyatning izni bilan ishlayapti.


“Yomon tomoni shundaki, klaster mustaqil tashkilot bo‘lgani bilan, baribir hokimiyatning izni bilan ishlayapti. Qancha texnika tayyorlading, qachon ekish kerak, qachon suv qo‘yish kerak, qachon paxtani terishni boshlash kerak, qachon tugatish kerak, bularning hammasini hokimlik nazorat qiladi. Fermerning hozir uchta xo‘jayini bor: klaster, sektor rahbari va hokim”.

Fermer klasterlarning faoliyatini o‘z mablag‘i bilan emas, balki banklardan katta foizli kredit olib boshlaganidan xavotir bildiradi:

“Masalan Buxoro viloyatining uchta tumanida bu yil "WWW ROMITEX MChJ" klasteri ishladi. Klaster pulsiz keldi, 80 ming tonna paxta uchun davlatdan 160 milliard so‘m qarz oldi. Bunga qo‘shimcha ravishda terim puli uchun yana bankdan 80 milliard so‘m 16 foizli kredit oldi. Endi bizning xavotirimiz shundaki ana shu 240 millard pulni joyiga qo‘ymaguncha, bizning paxtadan olgan sof foydamizni berolmaydi. Bizga to‘lash muddati 31 dekabrgacha, qani ko‘ramiz nima bo‘larkin”.

O‘zbekistonda klasterlar raqobatli tender o‘tkazilmasdan, shaffoflik ta’minlanmasdan hukumat tomonidan tashkil etiladi.

Klaster korxonalarning asl egasi kim ekanligini fermerlar ham, tuman va viloyat hokimligi mulozimlari ham bilmaydi.

Jumladan, O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining qarori bilan Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumanidagi “Baliqchi”​ jamiyati Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan "Ironteks" va "Gratum" kompaniyalari ta’sis qilgan “TCT cluster”ga 2018 yilning 1 dekabrida nol qiymatda berilgan va bu aksiyadorlarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Ayni paytda, oqqo‘rg‘onlik fermerlar ham, hokimiyat mulozimlari ham “AVS Oqqo’rg’on AgroCluster”ning asl egasi kim ekanligini bilmaydi.

Meva-sabzavotchilik ham klasterga o‘tkaziladi

Prezident 9 dekabrdagi videoselektor yig‘ilishida mamlakat qishloq xo‘jaligida tashkil qilingan klaster tizimini maqtab, uning ko‘rsatkichlari meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlar tashkil etishga asos bo‘lishini aytdi.

“Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida klaster tizimi yaxshi samara bermoqda. Xususan, shuning natijasida paxtachilikka yangi texnologiyalar kirib keldi, hosildorlik o‘tgan yilgiga nisbatan 20-30 foizga ko‘tarildi, moddiy manfaatdorlik oshdi. Joriy mavsumda paxta hosilining 73 foizi paxta-to‘qimachilik klasterlari hissasiga to‘g‘ri keldi”.

Prezident keltirgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, kelasi yili O‘zbekistonda yiliga 21 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtiriladi¸ ammo bor-yo‘g‘i 1,5 million tonnasi eksport qilinadi.

Prezident meva-sabzavot eksportini ko‘paytirish uchun klaster usuli yaxshi natija berishini ta’kidlagan.

"Klasterning shartlari bizga to‘g‘ri kelmadi"

Sabzavotchilik bilan shug‘ullanadigan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining “Tinchlik” massividagi fermerlar kelgusi yildan boshlab klaster tizimiga o‘tkaziladi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Abror ismi fermer klaster korxona qo‘ygan shartlar bilan tanishib, qo‘yilgan shartlar ularga to‘g‘ri kelmagani uchun yerini topshirganini aytdi:

Yuz gektar yerni eplash uchun besh million so‘m juda oz.


Klasterning shartlari bizga to‘g‘ri kelmadi. Masalan, endi biz mustaqil bo‘lmaymiz ekan, klaster aytgan ekinni ekib faqat uning shartlarini bajaramiz ekan. Men o‘z yerimda faqat ish boshqaruvchi bo‘lib qolaman va menga 5 million so‘m maosh beradi ekan. Yuz gektar yerni eplash uchun besh million so‘m juda oz. Mening qo‘limga o‘nta ishchi beradi. Ishchilarga bir gektar yerga suv qo‘yish uchun 200 ming so‘mdan oylik beradi. Hisoblab chiqsak¸ ishchining bir yillik maoshi 4 million so‘m atrofida bo‘ladi ekan. Shuning uchun juda ko‘p fermerlar yerini tashlab ketyapti”.

Meva-sabzavotchilikda klaster usuli kelajakda qanday natija berishi¸ bu fermerlar ta’kidicha¸ bir yildan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Ozodlikka muntazam xabar yo‘llayotgan o‘zbekistonlik fermerlar¸ klaster tizimi joriy qilinishi ortidan o‘zlarining yaxshi ishlov berilgan yerlari hokimiyatga yaqin shaxs va guruhlarga noqonuniy ravishda olib berilganidan shikoyat qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG