Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:24

O‘zbekistonga kelayotgan minglab vagon yuk lokomotiv yo‘qligidan Qozog‘istonda tashlab ketildi


"Sariog‘och" stansiyasida tashlab ketilgan vagonlar.
"Sariog‘och" stansiyasida tashlab ketilgan vagonlar.

«Kazaxstan Temir Joli» milliy kompaniyasi rahbarlaridan birining mamlakat temir yo‘llari orqali yuk tashuvchilarga 6 dekabr sanasi bilan yuborgan ogohlantiruvi “o‘ta shoshilinch” deb tasniflangan.

Unda 10 dekabrdan boshlab Qozog‘iston temir yo‘l stansiyalaridan Do‘stlik va Oltinko‘l stansiyalariga Sariog‘och orqali boruvchi poyezdlardan boshqa hamma poyezdlarga Qozog‘istondan yuk ortish taqiqlanishi aytilgan.

Bunga esa¸“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ poezdlarining o‘z vaqtida chiqib ketmayotgani oqibatida tashlab ketilgan poyezdlar sonining nihoyatda ko‘payishi ortidan paydo bo‘lgan tiqin sabab qilib keltirilgan.

Sariog‘och stansiyasining 26 dekabr kuni Ozodlik gaplashgan dispetcheri Toshkent va Ostona o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng bu taqiq kuchga kirmagani¸ ayni paytda stansiya hududida O‘zbekistonga borishi kerak 4000 ga yaqin vagon tashlab ketilganicha qolayotganini bildirdi.

Bu vagonlarga¸ o‘zbekistonliklar kundalik turmushi uchun zarur bo‘lgan un¸ bug‘doy¸ kartoshka va ko‘mir¸ shuningdek Rossiyadan kelayotgan taxta va yog‘och ortilgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Transport vazirligidan bunday tiqin sabablari va uni qanday baratafar etish rejasiga oid rasmiy ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi – Ozodlik bog‘langan mutasaddilar o‘zlarining bu vaziyatdan “bexabarliklari”ni aytishdan nariga o‘tmadilar.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” bois Qozog‘istonda poyezdlar tiqini paydo bo‘ldi

«Kazaxstan Temir Joli» milliy kompaniyasiga qarashli «Gruzoviye perevozki» AJsi raisi Kayrat Saurbayevning Ozodlikka nusxasi yuborilgan “o‘ta shoshilinch” buyrug‘ida ikki stansiyani mustasno qilganda¸ Qozog‘iston temir yo‘l stansiyalaridan yuk ortishning 10 dekabrdan boshlab taqiqlanishi aytilgan.

"Qozog‘iston temir yo‘llari" milliy kompaniyasi rahbarlaridan biri Kayrat Saurbayevning 6 dekabr kuni tarqatilgan buyrug‘i nusxasi.
"Qozog‘iston temir yo‘llari" milliy kompaniyasi rahbarlaridan biri Kayrat Saurbayevning 6 dekabr kuni tarqatilgan buyrug‘i nusxasi.

Bunga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli poyezdlarning o‘z vaqtida olib chiqilmayotgani ortidan poezdlarning tashlab ketilgani va yuzaga kelgan tiqin sabab qilib keltirilgan.

Ozodlik gaplashgan temir yo‘l orqali yuk tashish jarayoniga aloqador mulozim va tadbirkorlar Sariog‘och stansiyasida tashlab ketilgan vagonlar sonining¸ 24 dekabrga kelib¸ 7000 ga yetganini bildirdi.

O‘zbekiston va O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga yuk olib ketayotgan kamida 115 poyezd (7000 ga yaqin vagon) hozir Qozog‘iston hududida tashlab ketilgan. Bu poyezdlarga tez ayniydigan mahsulotlar¸ xususan oziq-ovqat ham ortilgan”¸ dedi Sariog‘ochdagi vaziyatdan bevosita xabardor temiryo‘lchi.

“Sariog‘och” tiqini hali-veri tarqaydigan emas...

26 dekabr kuni Ozodlik suhbatlashgan Qozog‘istonning Sariog‘och temir yo‘l stansiyasi dispetcherining aytishicha, Kayrat Saurbayev 6 dekabr kuni imzolagan buyruq¸ Ostona va Toshkent o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng kuchga kirmagan:

O‘zbekiston tomoni sutkasiga 28 tagacha elektrovoz yuborib¸ tashlab ketilgan poyezdlarini olib chiqishni va’da berganidan keyin¸ taqiq kuchga kiritilmadi. Hozir sutkasiga 21-25 ta sostav olib chiqilayapti¸ lekin tiqin tugay demayapti. Ayni hozirgi soatda Sariog‘ochda¸ adashmasam¸ tashlab ketilgan 62 ta sostav bor. Ularning har birida 55-57 tadan vagon bor. Buni ko‘paytirsangiz¸ 3500 dan oshiq vagon tashlab ketilganicha yotibdi”.

Sariog‘och temir yo‘l stansiyasi dispetcheri fikricha, Sariog‘ochdagi poyezdlar tiqini 2020 yilning martigacha ham saqlanib qolishi mumkin:

Sariog‘och – bu Qozog‘istonning janubiy temir yo‘l darvozasi. O‘zbekiston¸ Afg‘oniston¸ Turkmaniston¸ Tojikistonga Qozog‘istondan yuk ortilgan poyezdlar¸ qolaversa¸ Rossiya tomondan kelayotgan tranzit shu darvozadan kirib-chiqadi. O‘zbekiston poyezdlarining turib qolganidan hozir qo‘shni davlatlar ham aziyat chekmoqda. Bu vagonlarga qozoq bug‘doyi¸ uni¸ ko‘miri kabi muhim iste’mol mollari ortilgan. Bilishimizcha¸ O‘zbekistonda gaz yo‘qligidan ko‘mirga ko‘z tikib turganlar ko‘p. Tashlab ketilgan vagonlardagi ko‘mir kechikib¸ fevral-martgacha tashiladi”.

Sariog‘ochdagi tiqin sababi – O‘zbekistonda

Ozodlik bilan suhbatda Qozog‘iston temir yo‘llarida paydo bo‘lgan tiqin sabablarini izohlagan ham qozoq¸ ham o‘zbek mutaxassislari¸ uning sababi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ da ekanini bildirdilar.

Yilning oxirgi kvartaliga kelib¸ temir yo‘l orqali tashiladigan yuk oqimi ko‘payadi. O‘zbekiston tomonda ularni tashishga elektrozov yetishmaydi. Bu birinchi ybl kuzatilayotgani yo‘q”¸ dedi Sariog‘och stansiyasi mutassaddisi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan O‘zbekiston Transport vazirligiga yaqin mulozim ham vaziyatning yillardan beri o‘zgarishsiz kelayotganini aytib¸ muammo ildizi korrupsiya va noprofessional boshqaruvga borib taqalishini ta’kidladi.

Uch yildan berii xuddi shu ahvol, ayniqsa yil oxiriga kelganda yuk ko‘payadi¸ yil oxirida oldi-berdi shartnomalari yopiladi. Har yil chegarada “O‘zbekiston temir yo‘llari” layoqatsizligidan tiqin-probka. Ish nihoyatda yomon tashkillashtirilgan, poyezdlarni o‘tkazish qobiliyati past¸ “O‘TY” da temir yo‘llar harakatini yuqori darajada tashkil qilishga aqli yetadigan mutaxassislar deyarli qolmagan. Asosiy muammolardan biri – lokomotivlar yetishmasligi. Ramatov ("O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning o‘shandagi raisi¸ hozirgi Transport vaziri - tahr.) shu muammoni hal qilaman deb o‘tgan yili 500 million dollarga 24 ta lokomotiv sotib olinishini aytgandi. Qani o‘sha yangi lokomotivlar? Hozirgi tiqinga nima uchun izoh bermayapti? Yangi lokomotiv olingan bo‘lsa¸ bu yil yana nimaga bunaqa krizis? Nima uchun yana faqat eski 25 ta lokomotiv ishlayapti? 500 millionga nima¸ qanchaga sotib olinganini tekshiradigan odam bormi? Javobi aniq – yo‘q”.

Yarim milliard dollarga olingan lokomotivlar qani?

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruviga yaqin mulozim Ozodlikka taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra¸ 500 million dollarga tushgan 24 dona yangi lokomotivning birortasi 2019 yil oxiriga qadar O‘zbekistonga kelmagan.

Xitoy bilan yarim milliard dollarga tuzilgan shartnomaga asosan 24 elektrovoz 2021 yildan boshlab partiya bo‘lib kela boshlaydi, hali shu kontrakt bo‘yicha 1 dona ham kelmadi. 24 ta elektrovoz olish bo‘yicha tuzilgan kontraktning borligiyam O‘TY da elektrovozlarning taxminan 30% yetishmasligini¸ Qozog‘istondagi tiqin asosiy sabablaridan biri aynan shu yetishmovchilik ekanini tasdiqlab turibdi”.

Ozodlikka norasmiy tarzda berilgan ma’lumotga ko‘ra¸ hozirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ixtiyorida “bor-yo‘g‘i 62 ta elektrovoz bor, shulardan doim taxminan 6-7 tasi remontda bo‘ladi”.

2016 yilda yangi ochilgan Angren-Pop uchastkasi uchun olingan 13 ta Xitoy elektrovozi ham ana shu 62 taning ichida”¸ dedi shirkat mulozimi.

Ozodlik 25-26 dekabr kunlari O‘zbekiston Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mutasaddilaridan Sariog‘ochdagi logistika bo‘hroniga oid izoh ola olmadi.

Shirkat va vazirlikning Ozodlik vaziyatni tushuntirgan rasmiylari¸ o‘zlarining bu haqda hech narsa bilmasliklarini aytib¸ boshqa mutassaddilar bilan bog‘lanishni tavsiya qildi. Tavsiya qilingan raqamlarga esa hech kim javob bermadi.

XS
SM
MD
LG