Линклар

Шошилинч хабар
27 феврал 2020, Тошкент вақти: 01:33

Klasterlar fermerning milliardlab pulini bermayotgani ortidan yerni yangi mavsumga hozirlash kechikmoqda


Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tumani fermerlari 2019 yil paxta hosili pulini klaster korxonasidan ola olmayotir.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan fermerlarga ko‘ra, yil davomida klaster rahbari to‘rt marta almashgani natijasida mineral o‘g‘it va yonilg‘i ta’minoti ham yomon bo‘lgan.

Fermerlar ayni paytda yerni hosilga tayyorlash uchun o‘z yonlaridan mablag‘ sarflayotganini aytmoqda.

Klaster rahbari ishlab chiqarilgan ip-kalavani korxona sotolmayotgani sababli fermerlar pulini berishda muammo paydo bo‘lganini aytdi.

Uchko‘prik tumanidagi 178 fermer xo‘jaligi 2019 yil paxta hosili pulini ololmadi.

Shartnoma bo‘yicha “Real Logistics Trans” klaster korxonasi paxta pulini 2019 yilning 31 dekabrigacha to‘lab berishi shart.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, klaster tashkilotning fermerlardan 26 milliard so‘m qarzi bor:

Rosti gap klaster bilan juda qiynalib ketdik.


“Prezidentimiz klaster bilan zo‘r bo‘ladi degani uchun, shartnomani xursandlik bilan imzolagan edik. Lekin, tamoman teskari natija bo‘ldi. Rosti gap klaster bilan juda qiynalib ketdik. Yil davomida klasterning to‘rt marta rahbari almashdi. 60 foizli imtiyozli kreditni ham yolchitib bermadi. Boshida yonilg‘i ta’minoti uchun rosa qiynaldik, kerditni ham o‘zimiz oldik. Keyin kredit pullari klaster nomiga rasmiylashtirildi. Terim pulini ham vaqtida topib berolmadi. Shuncha yil fermerlik qilib bunchalik qiynalmagan edik”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, ayni paytda hosil pulini ololmagani uchun fermerlar yangi hosilga tayyorlanishda qiynalmoqda:

Klaster degani tayyor oshga bakovul ekan.


“Mana hozir sezon boshlandi. Fermerlar paxtani o‘rnini haydab bo‘ldi, hali klaster bunga pul bergani yo‘q, bug‘doyning pulidan ishlatayapmiz. Yerni haydashdan oldin ammofos solish kerak edi, bermadi, texnika remontiga, hatto balloniga ham pul bermadi. Klaster degani tayyor oshga bakovul ekan. Bundan ko‘ra, avvalgiday davlat bilan ishlaganimiz ming marta yaxshi edi, yonilg‘i-o‘g‘itimizni ham, kreditimizni ham, pulimizni ham vaqtida olardik”.

“Real Logistics Trans” klaster korxonasining ayni paytdagi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati fermerlar kengashi raisi Zohidjon Ikromov fermerlarning hosil puli berilmaganini tasdiqlar ekan, buning sababini bunday izohladi:

Kalavaning narxi tushib ketgan. Hamma klasterda shu muammo.


“Men hozir Toshkentda, bankda o‘tiribman. Xabaringiz bor, kalavaning narxi tushib ketgan. Hamma klasterda shu muammo. Mahsulotni hamma klaster baravar sotishni boshladi-da, shunga rezkiy narxi tushib ketdi. Ip-kalavani hozir arzon bo‘lsa ham valyutaga sotib, so‘m qilib chiqarayapmiz. Mana o‘tgan hafta uch kuni ichida fermerlarning 7 milliard so‘m solig‘ini to‘lab berdik. Xudo xohlasa qolganini ham valyutaga sotsak, uzog‘i bilan 2-3 kunda yopamiz”.

“Real Logistics Trans” klaster korxonasi Toshkentdagi “Ko’kcha Textil LTD” fabrikasi qoshida tashkil etilgan va bu fabrikada fermerlardan sotib olingan paxta qayta ishlanib ip-kalava qilinadi.

Ozodlik paxtachiik klasterlarining fermerlarning hosil pulini bermay kelayotgani haqida muntazam xabar berib kelmoqda.

Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi 48 fermer O‘zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “Bahodir Log‘on Tekstil” klaster korxonasi ustidan arz qilib, shikoyat yozdi.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.

XS
SM
MD
LG