Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 17:15

Dunganlar bilan mojaro Qozog‘istondagi etnik zo‘ravonliklarning so‘nggisi xolos


Qozog‘iston janub-sharqida yana bir elatlararo mojaro ro‘y berdi. Bu safar etnik qozoqlar bilan dunganlar jamoasi o‘rtasida janjal chiqdi.

7 fevralda Jambul viloyatining Qo‘rday tumanida ikki guruh o‘rtasida chiqqan janjal haqida turli taxminlar aytilmoqda.

Biroq bunday vaziyatlarda tez-tez bo‘lib turganiday, janjal oloviga mobil telefonlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan mish-mishlar moy sepdi. Oqibatda 10 odam o‘ldi, o‘nlab odam yaralandi, minglab dunganlar qo‘shni Qirg‘izistonga qochib o‘tdi.

Islomga e’tiqod qo‘ygan dunganlar¸ Markaziy Osiyoga Xitoydan kelib qolgan. Ular Chin elida Huey deb ataladi.

Dunganlar odatda etnik jihatdan Xan – xitoyliklar hisoblanadi, biroq ayrim manbalarda aytilishicha, ularning tarixi 1000 yildan oshadi. Dunganlarning arablar va islom dini bilan aloqasi bo‘lib, dungan / hueylar etnogenezi milodiy VII asrga borib taqaladi. Bu ularning Ichki Osiyodagi eng qadimiy musulmonlar ekanini ko‘rsatadi.

Dunganlarning na xitoycha va na turkiycha bo‘lgan o‘ziga xos tili ham bor.

Dunganlar XIX asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoga ommaviy ko‘chib kela boshlagan. O‘sha paytda Xitoy qo‘shinlari xitoylik bo‘lmagan aholining hozir Shinjon deb ataladigan hududidagi isyonlarini bostirgan edi.

Ayni paytda Markaziy Osiyo, asosan, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda 100 mingdan oshiq dungan istiqomat qiladi.

Dunganlar Rossiya oq poshsholari, shuningdek, sovet hokimiyati boshqaruvida yashashga moslashgan edi. Ular postsovet hududidagi mustaqil Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yashashga ham moslashdi, ayni paytda o‘z madaniyatini ham saqlab qoldi. Dunganlar o‘z jamoasidan tashqaridagilar bilan kamdan-kam hollarda qiz olib, qiz beradi.

Qozog‘istonning 7 fevralda zo‘ravonlik ro‘y bergan Masanchiga o‘xshash shahar va qishloqlarida, asosan, dunganlar yashaydi. Ayni holat Masanchidagi dunganlarni so‘nggi zo‘ravonlik paytidagi darg‘azab qozoq olomoni nishoniga aylantirdi.

Etnik ziddiyatlar

So‘nggi yillarda janub-sharqiy Qozog‘istonda etnik qozoqlarning boshqa kamsonli elatlar vakillari bilan ham to‘qnashuvlari qayd etilmoqda.

Xususan¸ 2007 yil mart va aprelida Qo‘rday tumanidan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Olmaota viloyatidagi Malovodnoye qishlog‘ida etnik qozoqlar bilan chechenlar o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan edi. Bilyardxonada boshlangan mojaro tez orada yoyilib, ikkala jamoadan ham unga yuzlab odam qo‘shilib ketgan edi.

Chechenlar Ikkinchi jahon urushi vaqtida sovetlar rahbari Iosif Stalin buyrug‘i bilan Qozog‘istonga ko‘chirilganlar avlodlaridir.

2015 yil fevralida Turkiston viloyatining tojiklar ko‘pchilikni tashkil qiladigan Bo‘stonliq qishlog‘ida ham qozoqlar bilan mojaro kelib chiqqan edi.

Turkiston viloyati Jambul viloyatining g‘arb tarafida joylashgan. Etnik tojiklar bu yerga XX asrning 50-yillarida mintaqada yetishmayotgan ish kuchi o‘rnini to‘ldirish uchun ko‘chirilgan.

Shoshib qolgan hokimiyat idoralari

Qo‘rday tumanida ro‘y bergan so‘nggi zo‘ravonlikning 5 fevralda keksa yoshdagi qozoqni dungan haydovchi kaltaklagani ortidan kelib chiqqani aytilmoqda.

O‘sha kuni aynan nima bo‘lgani haqida bir-biriga zid bo‘lgan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgani turli etnik guruhlarni g‘azablantirdi. Oradan 48 soat o‘tib, ov miltiqlari, temir kaltaklar va tosh bilan qurollangan etnik qozoqlar Masanchi qishlog‘iga kirib keldi va ko‘cha janglariga kirishib ketdi.

Masanchida olingan videotasvirlarning ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilishi dunganlar ko‘p yashaydigan qo‘shni qishloqlar aholisi e’tiborini tortdi.

Politsiya nima qilarini bilmay shoshib qoldi. Faqat Ichki ishlar vazirligining maxsus qo‘shinlari yetib kelgachgina, vaziyat nazoratga olindi.

Hukumat vaziyatni nazoratdan chiqarib yuborgani uchun mahalliy hokimiyatni aybladi. Lekin 2007 va 2015 yillarda ro‘y bergan zo‘ravonliklar Qozog‘iston janubi-sharqida etnik kelishmovchiliklar mavjud bo‘lib kelganini ko‘rsatadi.

Odamlar bu yerga ko‘chib kelishni tanlagani yoki majburan ko‘chirilgani sababli bo‘lsa kerak, u o‘ziga xos noyob hudud hisoblanadi va markaziy hukumatning alohida e’tiborini talab qiladi.

Hukumat tanqidchilari Qo‘rdayda sodir bo‘lgan voqealarning Qozog‘iston janubi-sharqida yana takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

XS
SM
MD
LG