Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2020, Тошкент вақти: 09:01

O‘zbekiston chegarada qo‘lga olingan 13 da’vatchini Qirg‘izistonga qaytardi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi ogohlantiruvchi lavha.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida 19 fevral kuni o‘zbek chegarachilari qo‘lga olgan 13 nafar qirg‘izistonlik shu kuniyoq vataniga qaytarildi.

Qirg‘iziston chegara hizmati matbuot kotibi Gulmira Borubayeva O‘zbekiston chegarachilari ularni Botken viloyat, Qadamjoy tumani bilan chegaradosh hududda qo‘lga olganini bildirdi.

Qirg‘iziston chegara xizmatining bildirishicha, qo‘lga olingan qirg‘izistonliklar Qadamjoy tumaniga Talas viloyatidan diniy da’vat uchun kelganlardir. Ular adashib O‘zbekiston hududiga o‘tib ketgani aytilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka Qirg‘iziston chegara hizmati matbuot kotibi Gulmira Borubayeva bildirdi.

- 19 fevral kuni O‘zbekiston tomoni Qirg‘izistonga O‘zbekiston hududida qo‘lga olingan Qirg‘iziston fuqarolarini qaytarib berdi. 19 fevral kuni O‘zbekiston chegarachilari Botken viloyatining Qadamjoy tumanida chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun O‘zbekiston chegarachilari 13 nafar Qirg‘iziston fuqarosini qo‘lga olgan edi. Ular behosdan Qirg‘iziston hududidan O‘zbekiston hududiga o‘tib ketgan. Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara xizmati vakillarining muzokaralari natijasida Qirg‘izistonning 13 fuqarosi bugun qirg‘iz tomonga o‘tkazib berildi.

Qirg‘iziston chegara hizmati matbuot kotibiga ko‘ra, qaytarilgan 13 odam hozir chegara zastavasida va ularning shaxsini aniqlash, kerakli hujjatlarni tuzish va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng ular surishtiruv ishlari olib borish uchun militsiyaga o‘tkazib berilishi mumkin.

13 nafar qirg‘izistonlikni o‘zbek chegarachilari qo‘lga olgani haqida 19 fevral kuni ertalab mahalliy aholi qirg‘iz matbuotiga ma’lum qilgandi. Hodisa 19 fevral kuni ertalab O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lgan Chekelik qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

Davlat chegara xizmatining hududiy boshqarmasi vakillariga ko‘ra, qo‘lga olingan qirg‘izistonliklar Qadamjoy tumaniga Talas viloyatidan diniy da’vat uchun kelgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara uzunligi 1378 kilometrni tashkil etadi. Prezident Mirziyoyev davlat tashrfi bilan 2017 yil 5 sentabrda Bishkekka borganida mazkur chegaraning 1170 kilometri, ya’ni 85 foizi aniqlanib bo‘lingani to‘g‘risidagi hujjat imzolangan edi.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning aniqlanmagan 15 foizli qismida chegara to‘siqlari mavjud emas. Buning ortidan chegaraning bu qismida u yoki bu davlat hududiga adashib o‘tib ketish holatlari uchrab turadi.

Masalan, 6 yanvar kuni O‘zbekistonning Namangan hamda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatlari o‘rtasidagi davlat chegarasining xatlanmagan uchastkasida qirg‘izistonliklarning qo‘y-echkilari chegaraning aniqlanmagan uchastkasiga o‘tib ketganidan so‘ng o‘zbek chegarachilari ularni O‘zbekistonga haydab ketgan. Buning natijasida qirg‘iz fuqarolari va o‘zbek chegarachilari o‘rtasida janjal chiqqan va o‘zbek chegarachilari osmonga qarata ikki marta ogohlantiruvchi o‘q uzgan. Hech kim jabrlanmagan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG