Линклар

Шошилинч хабар
20 октябр 2020, Тошкент вақти: 09:02

Farg‘ona muzeyidan o‘g‘irlangan million dollarlik asar taqdiri bilan Ozodbek Nazarbekov shug‘ullanmoqda


Farg‘ona muzeyidagi asarning asli va qalbakisi

Farg‘ona o‘lkashunoslik muzeyidan o‘g‘irlanib, Londondagi MakDugalls auksioniga qo‘yilgani san’atshunoslar tarafidan aytilgan qimmatbaho asar taqdiri bo‘yicha O‘zbekiston Madaniyat vazirligi muzeylar boshqarmasi 21 fevralda surishtiruv boshladi.

Vazirlik matbuot kotibiga ko‘ra¸ “bu asarni O‘zbekistonga qaytarish uchun vazirning o‘zi jiddiy harakat boshlagan”.

Vazirlik mulozimi “muzeylardagi asarlarni qo‘riqlash choralari kuchaytirilganini” ham bildirdi.

O‘zbekiston xalq rassomi Aleksandr Volkov 1932 yilda yaratgan “Jo‘xorizor shovqini” asari Farg‘ona muzeyidan o‘g‘irlanib, o‘rniga nusxasi qo‘yilgani haqidagi maqolani o‘qigan huquq tartibot idoralaridan birining xodimi, ismi aytilmasligi sharti bilan, ba’zi tafsilotlarni Ozodlikka 20 fevral kuni aytib berdi.

Uning iddaosiga ko‘ra¸ Farg‘ona muzeyidagi Volkov asarining originali hozir qamoqda jazo o‘tayotgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi sobiq rahbari Jur’at Meliqulov tarafidan 2009 yilda O‘zbekiston marhum prezidentining qizi Gulnora Karimovaga sovg‘a qilingan.

O‘z navbatida Gulnora Karimova bu asarni 2009 yilning avgustida O‘zbekistonda mehmon bo‘lgan dunyoga mashhur rossiyalik kutyuryega (ismi Ozodlikka ma’lum) sovg‘a qilgan.

Mulozim iddaosiga ko‘ra¸ “Jo‘xorizor shovqini” asari rossiyalik libos dizayneriga katta va rasmiy tadbirda ochiqchasiga sovg‘a qilingan.

“O‘sha tadbirda qatnashganlardan ba’zilari hozir ham O‘zbekistonda katta lavozimlarda ishlashadi”, dedi mulozim.

Ismi aytilmasligini so‘ragan mulozim o‘z xulosalari 1-472/2014 raqamli jinoyat ishiga asoslanganini aytdi.

Ozodlik muxbiri 1-472/2014 raqamli jinoyat ishiga oid hujjatlar to‘plamidan olingan ko‘chirmalarni nashr qilmaslik sharti bilan ko‘zdan kechirdi.

Bir nechta tomlik bu hujjatlardagi ayblovlardan biri – O‘zbekistondagi turli muzeylardan o‘g‘irlangan kartinalar, asosan, Jur’at Meliqulovning qo‘lidan o‘tgani sud nazaridan chetda qolganiga Ozodlik muxbiri e’tibor berdi.

Bu hujjatlarni Ozodlikka taqdim qilgan mulozimning aytishicha¸ sud asosan o‘z e’tiborini Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan o‘zlashtirilgan “astronomik summadagi pullarga” qaratgan va “qandaydir kartinaning viloyat muzeyidan olinib sovg‘a qilinishiga” jiddiy xodisa sifatida qaralmagan.

Jur’at Meliqulov 2012-2013 yillar oralig‘ida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan (FNQIZ) 100 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirishda aybdor deb topilib, 2014 yilning 20 avgustida Toshkent shahri sudi tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Sud xulosasiga ko‘ra, Jur’at Meliqulov FNQIZda mas’ul vazifalarni bajargan besh kishi bilan birga “jinoiy til biriktirgan va o‘z vazifalarini suiiste’mol qilgan holda … FNQIZ pul mablag‘larini tizimli tarzda o‘marish, pora olish, O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish va yirik miqdordagi soliqlardan bo‘yin tovlash bilan shug‘ullangan”.

Ozodlik bilan suhbatlashgan huquq-tartibot xodimi Farg‘ona muzeyidagi “qiymati million dollarlik” asarni “sovg‘a” qilgan Meliqulov va bu “sovg‘ani” olib boshqaga “sovg‘a” qilgan Gulnora Karimova shu kunlarda O‘zbekistonda jazo o‘tayotgani va bu borada ular “kerakli idoralar” tarafidan qayta so‘roq qilinishi lozimligini aytdi.

“Madaniyat vazirligi da’vogar sifatida prokuraturaga murojaat qilsa¸ jinoyat ishi ochilib bu ikki shaxs qayta so‘roq qilinsa, ko‘p narsa oydinlashadi” dedi huquq-tartibot organi xodimi.

Ozodlik Jur’at Meliqulovning Farg‘ona muzeyidan asar o‘g‘irlagani haqda 2018 yil noyabrida maqola e’lon qilgan o‘zbekistonlik jurnalist Rustam Ahmedov bilan ham gaplashdi.

Ahmedov o‘z tasarrufidagi hujjatlarni 2018 yilda Madaniyat vaziri Baxtiër Sayfullayevga maktub orqali jo‘natgani, ammo bu mavzu e’tiborsiz qolganini ta’kidladi.

Rustam Ahmedov iddaosiga ko‘ra¸ Jur’at Meliqulov “muzeydan rasm o‘g‘irlashni” O‘zbekiston badiiy akademiyasidagi bojasi ko‘magida amalga oshirgan.

Bu iddaoning rasmiy tasdiq yoki inkori Ozodlikda yo‘q.

Ozodlik rassom Volkovning Farg‘ona muzeyidan o‘g‘irlangan asari taqdiridan habardor¸ asli toshkentlik, ammo shu kunda Rossiya vatandoshi bo‘lgan rassom va san’at asarlari bilan savdo qiluvchi galerist bilan joriy haftada gaplashdi.

Ismi aytilishini istamagan va shu kunda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashayotgan 55 yashar galerist bu asarni Gulnoraga sovg‘a qilinishidan oldin xaridor sifatida ko‘zdan kechirganini iddao qildi:

“Men ko‘rdim bu asarni. Kriminal o‘tmishi bo‘lishidan shubhalanib asarni sotib olishdan voz kechdim. Volkov sermahsul rassom bo‘lgan. Toshkentlik rasm tujjorlarida haliyam Volkov asarlari bor. Meni tashvishlantiradigan narsa sobiq muzey direktorlari (suhbatdosh aytgan ismlarni aybsizlik prezumpsiyasidan kelib chiqib oshkor qilinmayapti - tahr.) Volkov asarini sotaman deb yurganidir. Bu albatta shubha uyg‘otadigan holat.

Farg‘ona viloyat O‘lkashunoslik muzeyidan o‘g‘irlanib Londondagi MakDugalls auksioniga qo‘yilgan asar borasida tadqiqot o‘tkazgan Kanadadagi Alerte Héritage tashkiloti rahbari, tarix va me’morlik fanlari doktori Boris Chuxovichlar Ozodlik bilan suhbatda “jinoyat zanjirining ko‘p xalqalari haqida ma’lumotga oydinlik kiritish bilan O‘zbekiston mulozimlari shug‘ullanishi kerakligini” aytdi.

Chuxovichga ko‘ra¸ Farg‘ona muzeyini “sirli tark etgan asarning bir muddat Moskvada makon topgani” haqidagi iddaolarni O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tekshirishi lozim.

Boris Chuxovich Ozodlikka O‘zbekiston xalq rassomi Aleksandr Volkov tarafidan 1932 yilda yaratilgan “Jo‘xorizor shovqini” asarining London auksionida qo‘yilgan tasvirini Ozodlikka taqdim qildi.

O‘zbekistonlik munaqqid Abdumalik Turdiyev esa shu kunlarda Farg‘ona O‘lkashunoslik muzeyida namoyish qilinayotgan “Jo‘xorizor shovqini” asari fotosini Ozodlikka taqdim qildi.

Ozodlik bu ikkala rasmni yonma-yon qo‘yib, ushbu maqolaga ilova sifatida quyida e’lon qildi.

Volkov asarining asli va qalbakisi
Volkov asarining asli va qalbakisi

Munaqqid Abdumalik Turdiyev “jiddiy tadqiqotsiz ham bu ikki asardan qay biri qalbaki va qaysinisi original ekanligini bilish qiyin emas"ligini aytdi.

Munaqqidga ko‘ra¸ “rasmning qalbakisini o‘ta no‘noq rassom amalga oshirgani shundoq ko‘rinib” turibdi.

Turdiyevga ko‘ra¸ “rasmni qalbakisiga almashtirganlar bir kun kelib bu ish jiddiy tadqiq qilinishini o‘ylab ham ko‘rishmagan”.

Vazirlik “nazoratga" oldi

Maqolani yozish jarayonida Ozodlik Meli Jo‘raqulov va Gulnora Karimovaning rasm o‘g‘irlashga extimoliy aloqasi haqidagi barcha iddaolarni O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimiga ma’lum qildi.

Madaniyat vazirligi mulozimi “Bu holatlarning barchasi vazirlik tasarrufidagi muzeylar ichida urchigan korrupsiya oqibati ekani va bunga barham berish uchun xalqaro tajribaga tayangan holda yangi vazir Ozodbek Nazarbekov jiddiy harakatga kirishganini aytdi.

Vazirlik mulozimi shu bilan birga boshqa muzeylarda qayta inventarizatsiya boshlanishi va “almashtirib qo‘yilgan” san’at asarlarini aniqlab “aybdorlar jazolanishi va bunday noxush holat takrorlanmasligi uchun jiddiy choralar ko‘rilishini” va’da qildi.

O‘g‘riliklar davom etmoqda

O‘zbekistonlik munaqqid Abdumalik Turdiyevning 21 fevral kuni Ozodlika aytishicha “bu masalani butun muzeylar tizimi bo‘yicha hal qilmaguncha” masala hal bo‘lmaydi:

“Bir million turadigan Volkov yoki Tansiqboyev kabi rassomlar asarlari muzeyning “ombor daftari”ga qo‘lyozma shaklida kirim qilib yozib qo‘yiladi. Bu matnda asar razmeri va texnikasi haqida ma’lumot bo‘ladi. Maksimum bitta oq-qora surati ham yopishtiriladi. Rasmning orqa tarafi¸ rentgen va kimyoviy taxlil¸ sifatli raqamli surat kabi ma’lumotlar 99 foiz holatda yo‘q. Bunga barham berilmaguncha asarlar yo‘qolishi davom etaveradi”.

Toshkentlik san’atshunos va qadimiy kashtachilik bo‘yicha mutaxassis Elmira Gul o‘zining Facebook sahifasida O‘zbekiston san’at muzeyi eksponati bo‘lgan qadimiy so‘zana AQShda savdoga qo‘yilgani haqida taassuf bilan yozdi.

“Bu kashtani men bolam kabi yaxshi bilardim. Istasangiz, O‘zbekiston davlat muzeyida u ilgari osilib turgan stendni ko‘rsatib beraman. Bu kashtani boshqasi bilan adashtirishning iloji yo‘q. Siyohrang fonli va epigrafika (islomiy xat bilan yozilgan suralar) tasvirlangan bu so‘zana tasviri juda ko‘p albom va monografiyalarda keltirilgan. Yillar o‘tib bu asarni AQShdagi saytda savdoga qo‘yilganini ko‘rib ajablandim. Bu amerikalik sayt egasini taniyman. U aybdor ham emas, chunki so‘zanani legal tarzda ochiq savdoda sotib olgan. Muzeylardan bedarak yo‘qolgan bunday kashtalar son-sanoqsiz”, deya tashvish bildirdi mutaxassis.

Muzeydan o‘g‘irlangani aytilgan so‘zana
Muzeydan o‘g‘irlangani aytilgan so‘zana

Ozodlik muxbiri bu kashta tasvirini O‘zbekiston madaniyat vazirligi muzeylar boshqarmasiga jo‘natdi. Ular “bu yo‘qolgan kashta taqdiri ham o‘rganilayotganini aytishdi”

Urganch suratlar galereyasi sobiq Bosh muxofizi Shirin Toshevaning Ozodlikka aytishicha¸ muzey xazinasidagi haykaltarosh Tolib Qosimov asari qalbakisiga almashtirilgani 2016 yilda o‘tkazilgan tekshiruv paytida aniqlangan.

2008 yildan 2016 yilgacha Urganch suratlar galereyasi Bosh muxofizi bo‘lib ishlagan Toshevaning aytishicha “Galereya ahvoli va eksponatlar saqlanishi ayanchli xolatda qolmoqda”.

Urganch suratlar galereyasida 2008 yilgacha muzey xodimi bo‘lib ishlagan yana bir san’atshunosning Ozodlikka 21 fevral kuni ismini ochiqlamaslik sharti bilan aytishicha¸ muzeydagi aksar asarlarning zarhal romlari yechib olib sotib yuborilgan.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi muzeylar boshqarmasi xodimining Ozodlikka aytishicha¸ 2006 yilgacha muzey rahbari bo‘lgan Bekpo‘lat Bog‘ibekovning aybi bilan haykaltarosh Tolib Qosimov asari qalbakisiga almashtirilgani “akt” qilingan. Shuningdek, Bog‘ibekovga 1996 yilda “iznsiz ravishda haykaltarosh Damir Ro‘ziboyevning “Muza” degan haykalini galereyadan tashqariga chiqargani yuzasidan rasman ogohlantirish berilgan.

2015 yilning 28 avgustida Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida mutaxassislar tekshiruv o‘tkazgani va muzeyda 581 million 625 ming so‘mlik 5 kartina yo‘qligi aniqlangani, buning ortidan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati jinoyat ishi ochgani xabar qilingan edi.

Mazkur holat mutaxassislar tekshiruvi, jumladan, ultrabinafsha nurlarni qo‘llash orqali analiz qilish vositasida aniqlangandi.

Mutaxassislar muzeyda saqlanayotgan 85 ming eksponatdan 800 kartinani tekshirishi natijasida 5 asarning muzeyda yo‘qligi oshkor bo‘lgan edi.

Bu kartinalarning umumiy qiymati bir necha million dollarni tashkil qilishi aytiladi.

Bundan tashqari, Angren galereyasida Viktor Ufimsev qalamiga mansub ko‘plab asarlarning asl nusxalari yo‘qligi ma’lum qilingan edi.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyida esa 278 kartinaning asli emas, nusxalari saqlanayotgani aniqlangani haqida Ozodlik habar bergan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yakkasaroy tuman sudi O‘zbekiston davlat san’at muzeyi bosh muhofizi Mirfayz Usmonovni 9 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Muzey bosh muhofizi qamalishidan oldin O‘zbekiston davlat san’at muzeyi xazinasidan o‘nga yaqin kartina o‘g‘irlanib, o‘rniga qalbaki nusxalari qo‘yilgani sud paytida o‘z isbotini topgan.

Ozodlik tanishgan sud hujjatlarida Bosh muhofiz Mirfayz Usmonov muzeyning boshqa xodimi – restavrator Abdurahmon Muranovga kartinalarning qalbaki nusxasini chizdirib, original nusxani sotib yuborgani aks etgan edi.

Shu tariqa Aleksandr Nikolaevning “Bolaning surati”, “Meva ko‘targan qiz”, Oganes Tatevosyanning “Choyxona”, “Buxoro”, “Dengiz”, Nikolay Karaxanning “Hovuz bo‘yidagi qiz”, Rixard-Karl Zommerning “Tog‘ daryosidagi ko‘prik”, “Kabobxona” kartinalari pullangan.

Rasmiy hujjatlarda Oganes Tatevosyanning “Buxoro” (Urgut yo‘li), “Baliq ovida” va Nikolay Karaxanning “Choyxona”, shuningdek, Zommerning “Hovuz bo‘yidagi qiz”, “Kabobxona” va “Tog‘ daryosidagi ko‘prik”, Aleksandr Nikolayevning “Meva ko‘targan qiz” va boshqa asarlari almashtirib qo‘yilgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG