Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:29

Fuqarolik berishda davlat tilini bilish shart qilib qo‘yildi


Oliy Majlis Senati o‘tgan hafta yakunida yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Senatning ikkinchi yalpi majlisi doirasida 28 fevral kuni fuqarolikka oid qonunning yangi tahririni muhokama qilgan senatorlar mazkur qonunning amaldagi tahriri 28 yil avval qabul qilingani va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qo‘yganini ta’kidlaganlar.

Qonunda yashash guvohnomasi, xorijiy davlat fuqarosi, xorijda doimiy yashovchi shaxs, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va boshqa tushunchalarga izoh berilgan. Qonunning asosiy prinsiplari etib yagona fuqarolik, teng huquqlik, fuqarosizlikni qisqartirish va ochiqlik tamoyillari belgilangan.

Qonunning 6-moddasida 1995 yil 1 yanvariga qadar O‘zbekistonga kirib kelib, doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, xorijiy davlat fuqaroligini qabul qilmagan va ushbu qonun kuchga kirgunga qadar O‘zbekistonda yashash guvohnomasi asosida istiqomat qilgan shaxs istak bildirgan taqdirda O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olinishi qayd etilgan.

Prezidentning O‘zbekiston fuqaroligi masalalarini hal qilishi bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish uchun davlat rahbari huzurida 5 yil muddatga Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etilishi aytilgan.

Bundan tashqari, qonun bilan fuqarolikka da’vogar shaxsning davlat tilini muloqot qilish darajasida bilishiga oid talab ham kiritilmoqda. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Shu o‘rinda senatorlar fuqarolik olish uchun muloqot qilish darajasida davlat tilini bilish to‘g‘risidagi me’yorning naqadar zarurligi yuzasidan izoh so‘raganlar. Gazeta.uz xabariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirishbosh boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Muhamedov mazkur talab O‘zbekiston fuqaroligini olishni istagan shaxsning bu davlat, millat va mamlakatga hurmati ifodasi o‘laroq kiritilganini aytgan.

“Agar AQSh, Rossiya va boshqa qator davlatlarning xalqaro tajribasiga nazar tashlasak, u yerda davlat tilini bilishdan tashqari o‘sha mamlakatning tarixini bilishga oid shartlar ham bor. Ammo biz buni kiritib o‘tirmadik”, degan U. Muhamedov.

Qonunda fuqarolikka qabul qilishning umumiy tartibidan tashqari qonun bilan uning soddalashtirilgan va istisno tartiblari ham joriy qilinmoqda.

Avvalroq Ozodlik O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyev 24 yanvar kuni parlamentda qilgan yillik murojaatida “fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta’minlash” zarurati haqida gapirgani haqida xabar qilgandi.

“Mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O‘zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo‘la olmayotgan minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal qilish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Xususan, 1995 yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkor.

Bu orqali 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bog‘liq, uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan muammolari hal etiladi.

Vazirlar Mahkamasi bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda ko‘rib chiqib, joriy yil 1 mayga qadar tegishli qonun loyihalarini taqdim etishi lozim”¸ degandi Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatida.

XS
SM
MD
LG