Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 23:55

Kosonlik buvi tug‘ilganidan uch kun o‘tib o‘lgan nabirasi qabrini "noqonuniy ochgan prokuratura xodimlari"ni jazoga tortmoqchi (VIDEO)


Косондаги туғруқхонада жой етишмаслиги сабаб аёллар уч ҳафта полда ётишга мажбур бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:08 0:00

Kosondagi tug‘ruqxonada joy yetishmasligi sabab ayollar uch hafta polda yotishga majbur bo‘lgan edi. O‘sha paytda tug‘ilgan Fazilatxon Normurodovaning nabirasi oradan uch kun o‘tib vafot etgan.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi Fazilatxon Normurodova tug‘ilganidan uch kun o‘tib vafot etgan nabirasining qabrini ochgan va jasadni eksgumatsiya qilgan tuman prokuraturasi xodimlarini javobgarlikka tortishni talab qilmoqda. Ammo uning bu borada Bosh prokuratura va Ombudsmanga yozgan shikoyatlari javobsiz qolayotir.

Fazilatxon Normurodovaga ko‘ra, eksgumatsiya jasad egalarining noroziligiga qaramay “noqonuniy tarzda o‘tkazilgan, eksgumatsiya masalasida o‘tkazilgan sud yig‘ilishiga ularning oilasidan hech kim taklif qilinmagan”.

O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 1481 -moddasida eksgumatsiya masalasi hal etiladigan “Sud majlisida prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, qonuniy vakil yoki murdasi eksgumatsiya qilinishi lozim bo‘lgan vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biri” ishtirok etishi shartligi aytilgan.

"Jinoyatni xaspo‘shlash uchun eksgumatsiyani 4 oy kechiktirib o‘tkazishdi"

Fazilatxon Normurodova Ozodlik radiosiga jo‘natgan videoda qabristondagi eksgumatsiya jarayoni aks etgan. Videoda Fazilatxon Normurodova o‘g‘li Zuhriddin bilan qabr ochilayotgan hududga o‘tmoqchi bo‘ladi, ammo huquq-tartibot organlari formasidagi odamlar uning o‘tishiga to‘sqinlik qilishadi.

Shundan so‘ng Fazilatxon Normurodova eksgumatsiyaga ruxsat bermasligini, uni bu haqda ogohlantirishmaganini, u qo‘qqisdan bu haqda xabardor bo‘lib, qabristonga yetib kelganini aytadi. Ammo uning qarshiligiga qaramay, nabirasining qabri ochiladi.

- Bu voqea 21 yanvar kuni bo‘lgan edi. Nabiram tug‘ilganidan uch kun o‘tib, ya’ni 2019 yilning 16 oktabrida vrachlarning noto‘g‘ri ukol qilgani ortidan vafot etgan. Bu haqda biz ariza yozganimizdan keyin tuman prokuraturasi jinoyat ishi ochgan. O‘shanda men nabiramning jasadini eksgumatsiya qilishga ruxsat bergan edim. Ammo tergovchi va prokuror jinoyat ishini atayin cho‘zib, ishni yopmoqchi bo‘lishdi. Oradan 4 oy o‘tganidan keyin yana mendan eksgumatsiyaga ruxsat so‘rashdi. O‘shanda men ekspertlar bilan gaplashdim. Ekspertlar: “14-20 kun ichida eksgumatsiya qilinsa biron narsani aniqlasak bo‘lar edi, oradan 4 oy o‘tganidan keyin biron narsani aniqlash imkoniyati juda oz”, deganidan keyin men eksgumatsiyaga ruxsat bermagan edim. Prokuror va tergovchi vrachlarning aybini yopish uchun shunday qilishdi, - dedi Ozodlik bilan 3 mart kuni qilgan suhbatida Fazilatxon Normurodova.

Normurodovaning Ombudsman nomiga yozgan arizasi.
Normurodovaning Ombudsman nomiga yozgan arizasi.


Uning aytishicha, eksgumatsiya haqida jasad egalari ogohlantirilmagan, eksgumatsiya masalasida o‘tkazilgan sud yig‘ilishiga ularning oilasidan hech kim taklif qilinmagan.

Fazilatxon Normurodova nabirasining qabrini ochgan va jasadni eksgumatsiya qilgan tuman prokuraturasi xodimlarini javobgarlikka tortishni talab qilib Bosh prokuraturaga va Ombudsmanga ariza kiritganini ham aytdi.

- 22 yanvar kuni Ombudsmanga xat yozdim. 27 yanvar kuni esa Bosh prokuraturaga yozgan arizamga tuman prokuraturasidan javob oldim. Unda vrachlarga “jinoyat alomatlari borligi uchun jinoyat ishi ochilgani” va “tergov harakatlari olib borilayotgani” aytilgan. Nahotki 4 oydan beri tergov yakunlanmasa? Nega endi noqonuniy harakat qilgan prokurorning va tergovchining harakatlariga baho berilmayapti? Prokuror va tergovchi nabiramning o‘limiga sababchi bo‘lgan vrachlarni, Bosh prokuratura esa noqonuniy harakat qilgan prokurorni himoya qilayaptimi?- deb savol qo‘yadi Fazilatxon Normurodova.

Normurodovaning Bosh prokuraturaga Koson prokurori ustidan yozgan shikoyatiga tuman prokuraturasidan olgan javob.
Normurodovaning Bosh prokuraturaga Koson prokurori ustidan yozgan shikoyatiga tuman prokuraturasidan olgan javob.

Fazilatxon Normurodova avvalgi ekspertiza xulosasi eksgumatsiyadan keyingi xulosa bilan bir xilda ekanini, shuning uchun ham nabirasining qabrini ochishga hojat bo‘lmaganini aytar ekan: "Jinoyatni bosdi-bosdi qilish uchun oradan to‘rt oy o‘tib, eksgumatsiya o‘tkazishdi. Holbuki oldingi ekspertizada shifokorlar aybdor ekani aytilgan va bu tergovchiga ham, prokurorga ham ma’lum edi", deb aytdi.

Ekspertiza xulosasi

Ozodlikning bu voqeaga izoh olish maqsadida Koson tuman prokurori bilan bog‘lanish urinishlari natija bermadi. Ammo jasadning eksgumatsiyasini o‘tkazgan ekspertlardan biri qabrni ochish protsedurasi haqida ma’lumot berar ekan:

- Eksgumatsiya prokuror so‘rovi bilan sud chiqargan ajrimga asosan o‘tkaziladi. Eksgumatsiyani faloncha kungacha o‘tkazish kerak, undan keyin o‘tkazilmaydi, degan tartib-qoida yo‘q. Albatta, jabrlanuvchining iltimosi bilan yoki prokurorning talabi bilan qancha erta eksgumatsiya o‘tkazilsa, jinoyat alomatlarini aniqlash shunchalik oson kechadi. Odatda eksgumatsiya paytida marhumning qarindoshlari yoki qonuniy vakili ishtirok etishi lozim, -deb bildirdi.

Ayni paytda O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 1481-moddasida eksgumatsiya masalasi hal etiladigan “Sud majlisida prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, qonuniy vakil yoki murdasi eksgumatsiya qilinishi lozim bo‘lgan vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biri” ishtirok etishi shartligi aytilgan.

Bundan tashqari kodeksning o‘sha moddasida qabristondagi eksgumatsiya "barcha tomonlar ishtirokida o‘tkazilishi" qayd etilgan.

Ozodlikka Fazilatxon Normurodova taqdim etgan ekspertiza xulosasidan esa uch kunligida vafot etgan nabirasining eksgumatsiyasidan hech qanday natija bo‘lmagani anglashiladi. Ekspertiza xulosasining 12- sahifasida qayd etilishicha, chaqaloq “tanasidagi yumshoq to‘qimalari to‘liq chirish jarayonida bo‘lgani boisidan ham biron bir tana jarohatlarining ob’ektiv belgilarini aniqlash imkoniyati bo‘lmagan”.

Ekspertiza xulosasi
Ekspertiza xulosasi


Ekspertiza xulosasining 11- sahifasida "Chaqaloq A.Qaxxorovga dastlabki muolajalar, ya’ni emlashlar to‘g‘ri amalga oshirilganmi?" degan savolga berilgan javobda esa shifokorlar chaqaloqqa nisbatan e’tiborsiz bo‘lgani e’tirof etilgan. Ekspertizaning ma’lum qilishicha, chaqaloq sog‘lom tug‘ilgan, ammo emlanganidan so‘ng qoidaga zid ravishda uyiga ruxsat berilgan va emlashdan so‘ng yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlarni nazorat qilish uyushtirilmagan.

Ekspertiza hujjatida qayd etilishicha, belgilangan tartibga ko‘ra, tug‘ruqdan so‘ng ona va bola sog‘lom bo‘lsa, 4-5 kundan keyin tug‘ruqxonadan chiqarilishi lozim edi, biroq bu qoidaga amal qilinmagan va ona-bolaga tug‘ruqdan bir necha soat o‘tganidan so‘ng uyiga ruxsat berilgan.

Voqea tarixi

Ozodlik o‘tgan yilning 9 noyabrida Koson tuman tug‘ruqxonasida 2019 yilning 14 oktabr kuni Koson tumani tug‘ruq kompleksida Fazilatxon Normurodova kelini Gulchiroy Qayumovaning ko‘zi yorigani, ammo shifokorlar e’tiborsizligi tufayli uch kunlik chaqaloq nobud bo‘lgani haqida yozgan edi.

O‘shanda Koson tuman Tibbiyot birlashmasining ismi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan rahbarlaridan biri bo‘lib o‘tgan voqea ortidan Koson tumani tibbiyot birlashmasining kamida ikki nafar xodimi mas’uliyatsizlik, gepovaks vaksinasi bilan emlamay turib chaqaloqni uyga olib ketishga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan bo‘shatilganini aytgandi.

Tug‘ruqxona bosh vrachi muovini eng kam oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarimaga tortilgan.

Fazilatxon Normurodova shu kungacha jazoga tortilishini talab qilib kelayotgan bu shifokrlar shu kungacha ochiqda qolayotgani, ularga nisbatan tergov nomigagina olib borilayotganidan norozi.

XS
SM
MD
LG