Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:44

"Eko hashar" doirasida byudjet xodimlari 1 million so‘mga archa ko‘chati olishga majburlanmoqda


Asakada obodonlashtirish ishlari uchun mahallalar faollari ham jalb qilingan. Asakalik faollardan biri taqdim etgan fotosurat.
Asakada obodonlashtirish ishlari uchun mahallalar faollari ham jalb qilingan. Asakalik faollardan biri taqdim etgan fotosurat.

Andijon viloyati Asaka tumanida obodonlashtirish ishlari uchun korxona va tashkilotlar rahbarlari o‘z hisobidan 50 tadan 500 tagacha archa, mevali va manzarali daraxt sotib olishga majburlanmoqda.

Mahalliy faollardan olingan bu xabarni tasdiqlagan tuman hokimiyati rasmiysi ismi sir qolishi sharti bilan obodonlashtirish ishlari uchun davlat byudjetidan pul ajratilgani, ammo bu pul qaerga yo‘qolganini hech kim hokimdan so‘rashga botina olmayotganini aytdi.

Hokimlik vakiliga ko‘ra, Asakada nafaqat korxona va tashkilotlar, mahalla qo‘mitalari, balki hokimlik xodimlarining o‘zi ham o‘z yonlaridan kamida 1 million so‘mlik archa va manzarali daraxt ko‘chatlari sotib olishga majburlanmoqda.

"50 ta archa ko‘chatini 1 million so‘mga sotib olishga majbur qilishdi"

Asaka tumanidagi maktab direktorlaridan birining Ozodlikka aytishicha, shaxsan o‘ziga tuman hokimiyati 50 ta archa ko‘chatini sotib olish majburiyatini yuklagan. Kattaroq korxonalardan esa, ularning moliyaviy salohiyatidan kelib chiqqan holda, 500 tagacha ko‘chat sotib olish majburiyati yuklangan.

“Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashabbusi bilan 25 fevraldan boshlab viloyatda "Eko hashar” ko‘chat ekish aksiyasi boshlandi. Bu aksiya hozir ham davom etmoqda. Menga 50 ta archa sotib olishim kerakligini buyurishdi. Bitta archaning narxi 20 ming so‘m bo‘layapti. Men bir million so‘mga archa olishim kerak”, dedi o‘z ismi sir qolishini so‘ragan maktab direktori.

Asakalik mahalla faollaridan biri ham Ozodlik bilan suhbatda har bir hududga qanchadan ko‘chat ekish taqsimlangani, mahalla qo‘mitalariga ham hududlar biriktirilib, o‘sha yerga ko‘chat yetkazishni ta’minlash talab qilinayotganini aytdi:

“Masalan, biz 500 ta ko‘chat ekishimiz kerak. Bu faqat ko‘cha bo‘ylariga. Bundan tashqari¸ har bir hovliga uchta-to‘rttadan ko‘chat ektirishimiz kerak. Hammasini o‘z hisobimizdan olishimiz kerak ekan. Bundan tashqari¸ kam ta’minlangan oilalarga ham ko‘chatlarni o‘z hisobimizdan olib berishimizni aytishdi”.

"Obodonlashtirish bo‘limi rahbari ko‘chatlar qaysi pulga sotib olinayotganini aytishdan bosh tortmoqda"

Ozodlik 4 mart kuni Asaka tuman va shahar hokimi bilan bog‘lanib¸ bu xabarlarga izoh olishga urindi.

4 mart kuni Asaka tumani kengashi sessiyasi bo‘layotgani va bu sessiyada hokim E. Yakubov o‘rniga Bo‘ston tuman hokimi I.Mamadaliyev tayinlangani munosabati bilan tumanning birinchi rahbarlari bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Tuman obodonlashtirish bo‘limi rahbariyati esa Ozodlik muxbiriga bu masalada ma’lumot berishdan bosh tortdi. Asakalik bloger Otabek Nuritdinov ham Ozodlik bilan suhbatda tuman obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i ko‘chatlar kimning hisobiga olinganini aytishdan qochayotganini ta’kidladi.

“Bugun (4 mart) men maxsus ko‘chat ekilayotgan joylardan biriga bordim. O‘sha yerda obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘zi rahbarlik qilib ko‘chat ektirayotgan ekan. Uning oldiga kelib: “Ko‘chatlarni qaysi tashkilot va kimning hisobidan sotib oldi?” deb savol berdim. Ammo u javob bermasdan qochib ketdi. Uning qo‘l ostidagilar ham, o‘rinbosari ham bu haqda hech qanday ma’lumot bermayapti”.

"Byudjetdan ajratilgan pul qaerga yo‘qoldi?"

Ayni paytda tuman hokimiyatining mas’ul xodimlaridan biri ismi sir qolishi sharti bilan Asakada korxona va tashkilotlar rahbarlariga ko‘chat sotib olish majburiyati yuklanganini tasdiqladi:

“Ha, shunday bo‘layapti. Tuman hokimiyatidagi xodimlarga ham bu majburiyat yuklangan. Masalan¸ men 1 million 200 ming so‘mlik ko‘chat olib berdim. Bu shaxsan menga yuklatilgan majburiyat edi”, - dedi tuman hokimligi mutassaddisi.

Unga ko‘ra, archa, mevali va manzarali daraxtlar nihollarini muayyan shirkatdan sotib olish talab qilinmayapti.

“Ko‘chatlarni bozordan yoki o‘zimiz xohlagan boshqa joylardan sotib olayapmiz. Hech kim mana bu yerdan sotib olasan, deb majburlamayapti. Ammo peshona teri bilan topgan maoshimning deyarli yarmidan ko‘prog‘ini berganim alam qilayaptida! Mantiq bo‘yicha obodonlashtirish ishlariga Moliya bo‘limi byudjetdan pul ajratishi lozim edi. “O‘sha pul qaerga ketdi?” deb so‘rashga esa hech kim botina olmayapti”, -dedi Asaka tuman hokimligi mas’ul xodimi.

Mazkur xodim suhbat davomida shaharni obodonlashtirish uchun byudjetdan pul ajratilgani holda¸ bu mablag‘ning o‘zlashtirib yuborilganini iddao qildi.

"Yuqoridagilar "Bu pullarga ko‘chat oldik", deb rasmiylashtirib, o‘zlariga qarashli firmalardan biriga o‘tkazishadi. Ya’ni bu pulni noqonuniy o‘zlashtirishadi. Bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q”.

Ozodlikda Asaka tuman hokimiyati xodimining bu iddaosini tasdiqlovchi hujjat hozircha mavjud emas.

Avvalgi holatlar

25 fevral kuni Ozodlik ayni shunday majburiy obodonlashtirish kampaniyasining Toshkent viloyati Olmaliq shahrida ham kuzatilgani haqida yozgan edi.

Olmaliqdagi ayrim maktab rahbarlari Ozodlik bilan suhbatda ko‘chat sotib olish va buning uchun ota-onalardan pul yig‘ish shahar hokimligi va Xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari buyrug‘i bilan boraëtganini bildirgan edi.

“Bozorda 5 ming so‘m turadigan ko‘chatni bular 25-30 ming so‘mdan oldirayapti. Har bir sinfga beshta ko‘chat olish aytilgan. Unaqa- bunaqa ko‘chat bo‘lmas ekan, faqat hokimlik ajratgan ko‘chatni sotib olish kerak ekan”, deb aytgan edi o‘shanda suhbatdoshlardan biri.

Ikki yil avval Xorazmning Shovot tumanidagi maktablarda ham o‘qituvchilarga archa ko‘chatlari majburlab sottirilgan. Kuzga borib esa ko‘chatlar qurib qolgan.

Maktablarda sarg‘ayib qurigan archalarni bo‘yash uchun o‘qituvchilardan yana pul yig‘ilgan edi.

O‘tgan oy Toshkent shahar Yakkasoaroy tumanida 100 ga yaqin daraxtning noqonuniy kesib tashlanganiga javoban shahar prokurori poytaxtning har tumanida 1 milliondan ko‘chat o‘tqazish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Toshkentlik jurnalist Sergey Yejkov¸ bunday ko‘chatsevarlik tashabbusi ortida muayyan guruhlarning pul¸ xususan¸ davlat mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirish rejasi yotganini taxmin qilgan edi.

XS
SM
MD
LG