Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2020, Тошкент вақти: 11:01

“Oybek-Faberje" ishi: Tadbirkor G‘afur Rahimovning turmush o‘rtog‘i ko‘rsatma berdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Oybek Miraliyev bilan. Surat jahon.uz saytidan olindi.

5 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sergeli tumani sudi sudyasi Bahodir Yusupov raisligida tadbirkor aka-ukalar Oybek va Eldor Miraliyevlar ustidan o‘tayotgan sud jarayonining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud majlisida jabrlanuvchilar ko‘rsatma berdi. Ular orasida taniqli tadbirkor G‘afur Rahimovning xotini, 3 million AQSh dollarini sudlanuvchilarga boy berganini iddao qilayotgan Lola Rahimova ham bor.

Aka-uka tadbirkorlarning alohida ko‘rilayotgan jinoyat ishlari sudya Yusupovning ajrimi bilan o‘tgan sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqish uchun biriktirilgan edi.

Sud ishida jabrlanuvchi sifatida o‘tgan tadbirkor Alisher G‘iyosov sudlanuvchi Oybek Miraliyevning 2011-12 yillardagi biznes hamkori bo‘lgan va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan parranda uchun shrot mahsulotlari olib kelishga 950 000 AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan.

“Oybek bilan do‘st edik. Unga 950 000 AQSh dollari berdim, ammo u biznesda bankrotga uchradi va pulga kuydik. Menga qarzi evaziga korxonalarini taklif qildi, olmadim. O‘tgan yilning sentabri va bu yil sud oldidan qarzlarini to‘liq uzdi va unga da’voim yo‘q. Ammo Bosh prokuratura tergovchisi Umarov meni ham negadir jabrlanuvchiga aylantirdi” dedi Alisher G‘iyosov sud majlisida.

Alisher G‘iyosov sud hay’atiga sudlanuvchilarga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi borasida ariza taqdim etdi.

Jinoyat ishining nomdor jabrlanuvchisi

Muqaddam O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan 9 marta jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababi bilan yopilgan jinoyat ishining qo‘zg‘atilishiga tadbirkor Lola Rahimovaning O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga bergan arizasi va tergov davrida uning eri G‘afur Rahimovning ko‘rsatmalari asos bo‘lgan.

Bir paytning o‘zida 1991 yildan beri ham Rossiya Federatsiyasi, ham O‘zbekiston fuqarosi ekanini sud majlisida aytgan Lola Rahimovaning sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi 3 million AQSh dollariga tengdir.

Ayblovga ko‘ra, da’vo predmeti bo‘lgan 200 ming AQSh dollariga xarid qilingan “Mercedes-Benz Maybach” avtomobili va Rahimovaga tegishli 2,8 million AQSh dollarilik “Sanoatqurilishindustriya” shirkati go‘yo uning ishonchini suiiste’mol qilish bilan aka-ukalar tomonidan o‘zlashtirilgan.

Chalkash ko‘rsatmalar

“O‘zbekiston Respublikasi MXX tomonidan o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblanib, 2013 yilda xalqaro qidiruvga berilganimizdan so‘ng Rossiyada pulga muhtoj bo‘lib qoldim. So‘ng Miraliyev Oybekka Yevropa kredit bankidan Moskvaning Leninskiy prospektidagi uyimni garovga qo‘yib, 2 million AQSh dollari miqdorida kredit olishga ishonchnoma berdim.

Kredit 3 oyda qoplangan, ammo uning penyasimi, nimasi uchundir meni Dubay aeroportining pasport nazoratida 2019 yili ushlab qolishdi. Shunda Yevropa kredit bankidan olingan kreditning to‘la qoplanmaganini bildim. Qolaversa, 2019 yilning fevralida oilam uchun olingan 4 mashinaning biri “Mercedes-Benz Maybach” ana shu kredit evaziga xarid qilingan” dedi Rahimova.

Rahimovlarga qarshi mudofaa

Sudlanuvchi tadbirkorlarning himoya tomoni sudda jabrlanuvchiga savollar bilan murojaat qildi. Xususan, “Yevropa kredit bankidan olingan kredit mablag‘i, uning shartlari va unda nazarda tutilgan biznes qoidalar bilan tanishmisiz”, qabilidagi savollarga Rahimova “Ha” deb javob berdi, ammo moliyaviy hujjatlar tafsilini tushuntirib bera olmadi.

Uning ko‘rsatmalariga izoh bergan sudlanuvchi Oybek Miraliyevga ko‘ra, Rahimova bu hujjatlarni ko‘rgan emas, bu ishlarning barchasi uning eri G‘afur Rahimov ishtirokida amalga oshirilgan.

“Kredit mablag‘i 3 oyning ichidayoq to‘liq bankka qaytarilgan, bu borada barcha hujjatlar, bankning rasmiy ma’lumotnomasi ham bor. Advokatlarim sudga bu boradagi barcha yozishmalar, muloqotlarimizning audio nusxalarini taqdim etishadi” dedi Oybek Miraliyev.

Jinoyat ishi materiallaridagi Yevropa kredit banki moliyaviy hujjatlarining loyiha qismida kredit evaziga mashina xarid qilish haqida biror gap mavjud emas, deyishmoqda sudlanuvchilarning himoya tarafi. Ularning iddaosiga ko‘ra, go‘yo nomdor jabrlanuvchilarning sa’y-harakatlari bilan Bosh prokuratura bu jinoyat ishini yaratgan.

7 million dollarlik da’vo

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tergovchisi U. Sh. Umarov imzolagan va Ozodlikda nusxasi bo‘lgan ayblov xulosasida da’vogarlar sifatida Lola Rahimova va uning singlisi Go‘zal Kamolxo‘jayevalarning ismlari zikr qilingan.

Ayblov hujjatlarida yozilishicha¸ Oybek Miraliyev xususan Lola Rahimovaning singlisiga tegishli ko‘chmas mulkni 650 ming dollarga sotib, pulini bermaganlikda gumon qilinmoqda.

Bundan tashqari Ozodlik tanishgan da’vo arizasida Lola Rahimova o‘ziga tegishli «Mercedes-Benz Maybash» avtomobilini “Oybek Miraliyev o‘zlashtirdi” deb da’vo qilgani yozilgan. Shuningdek, G‘afur Rahimovning vakili o‘z da’vo arizasida Oybek Miraliyev va uning ukasi Rahimovlar oilasiga tegishli jami 7 million dollarga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganlikda ayblamoqda.

Ammo Oybek Miraliyevning advokati Yoqutxon Xudoyorova aka-ukaga qarshi ish to‘laligicha "sfabrikovanniy" (uydirma) ekanini 2019 ning dekabrida iddao qilgan edi.

Advokat Xudoyorovaga ko‘ra¸ manfaatdor doiralar “ Oybekni qamatish yo‘li bilan unga tegishli ko‘chmas mulklar, shirkatlarni o‘zlashtirib olmoqchi”.

Ozodlik gaplashgan Oybekning yaqinlari bu ish ortida G‘afur Rahimov bilan yaqin aloqada bo‘lgan yuqori mansabli hukumat mulozimlari turganini iddao qildi. Ayni paytda Ozodlikda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i yoki inkori yo‘q.

Prezident olqishlagan tadbirkor aka-ukalar

Tadbirkor guruhlar orasida "Oybek tuxum"¸ “Oybek-faberje” (Zargar Karl Faberje (1846-1920) yasagan tuxum shaklidagi zargarlik asarlari ishora) ¸"Kinder syurpriz" degan nomlar bilan tanilgan Oybek Miraliyev va uning ukasi Eldor so‘nggi 10 yil ichida mamlakatdagi parrandachilikka ixtisoslashgan biznesning asosiy figuralaridan biri hisoblanadi.

Ozodlik tanishgan 2011 yilga oid hujjatlarda Oybek Miraliyev Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Sardoba Parranda” fabrikasining egalaridan biri ekanligi qayd etilgan.

Shuningdek Ozodlikda Oybek Miraliyev o‘zining ikki-ukasi Sardor va Eldor bilan birgalikda Latviyadan O‘zbekistonga shrot (qoramollar uchun ozuqa, kunjara) import qilgani haqida ma’lumot bor.

Ozodlik muxbiri ko‘rgan hujjatlarda aks etishicha, Oybek Miraliyev 2010 yildan 2012 yilgacha BAAning Dubay shahrida bir qancha tijoriy tadbirkorlik loyihalarida ishtirok etgan.

XS
SM
MD
LG