Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2020, Тошкент вақти: 08:34

Koronavirusni to‘xtatish urinishlari - Italiya yoppasiga karantinda¸ Chexiyada maktablar yopildi


Hukumatning ommaviy karantin chorasi ortidan Italiyadagi kattayu kichik shaharlar ko‘chalari bo‘shab qoldi.

9 mart kuni dunyoning qator mamlakatlarida koronavirus tarqalishini to‘xtatish yo‘lidagi kurash kuchaytirilib, yangi keskin cheklovlar joriy etildi.

Xususan¸ Italiya hukumati mamlakatga kirib-chiqishni yoppasiga taqiqladi; Isroil kelasi oy nishonlanadigan nasroniylar Pasxasi arafasida mamlakatga kiruvchilarning hammasini yoppasiga ikki haftalik karantinga solishga buyruq berdi; Ispaniya poytaxt va uning atrofidagi, Chexiya hukumati esa¸ butun mamlakatdagi barcha maktablarni yopishni buyurdi.

Pekinda ishchilar ish joylariga qaytayotgan va Xitoyda yangi holatlar soni kamayayotgan bo‘lsa¸ Italiya va boshqa davlatlarda buning aksi kuzatilmoqda.

Italiyada 9172 odamning koronavirus yuqtirgani qayd etildi¸ ulardan 463 nafari vafot etdi.

Xitoyda esa seshanba kuni 19 kishiga koronavirus yuqtirgani qayd etildi, bu esa 20 yanvarda mamlakatga oid ko‘rsatkichlar e’lon qilina boshlagandan beri eng past ko‘rsatkichdir. Seshanbaga qadar mamlakatda jami 80 754 marta virus yuqtirganlik va 3135 ta o‘lim holati qayd etildi.

Mutaxassislar ta’kidicha¸ Xitoyda virus tarqalishining keskin kamayishiga hukumatning ommaviy karantin joriy qilgani sabab bo‘ldi. Bu karantin hali ham amalda qolmoqda. Virus keng tarqalayotgan boshqa mamlakatlar unchalik keskin bo‘lmagan, ammo shu bilan birga shoshilinch choralar ko‘rmoqda.

Isroilda chet eldan kelganlarning hammasi 14 kunlik majburiy karantinga olinadigan bo‘ldi.

Irlandiyada Avliyo Patrik kunida o‘tkaziladigan paradlar bekor qilindi.

Madrid va uning atrofidagi maktablar ikki haftaga yopiladi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Salvador Illa “vaziyat yomon tomonga o‘zgarishi” mumkinligidan xavotir izhor qildi.

Chexiya Bosh vaziri 10 mart kuni mamlakatdagi barcha maktablarni "ehtiyot chorasi" sifatida noma’lum muddatga yopish haqida buyruq berdi.

Shu paytgacha Germaniyada 1100 dan oshiq virus yuqtirganlik holati qad etildi va dushanba kuni ikki kishi undan o‘lgani xabar qilindi.

Eronda davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, yana 43 kishi koronavirusdan o‘lgan va jami o‘lganlar soni 237 taga yetgan, virus yuqtirganlar soni 7161 kishidir. Lekin ko‘plab ekspertlar Erondagi kasallikka chalinganlar soni xabar qilinganidan ancha ko‘p ekanini aytmoqda.

Janubiy Koreyada 7513 kishi virus yuqtirgani va yana 35 kishi o‘lgani ochiqlandi. Qo‘shma Shtatlarda bu ko‘rsatkich mos ravishda 600 va 26 kishini tashkil qilmoqda.

Dunyoning boshqa mamlakatlarida ham karantin joriy etilishi barobarida ommaviy tadbirlar bekor qilinayotgani, maktab va universitetlardagi o‘qish to‘xtatilayotgani va qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralar yopilayotgani xabar qilinmoqda.

Xitoy va boshqa mamlakatlarda joriy etilayotgan keskin karantin choralari global iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.

Virus tarqalishi sabab yuzaga kelgan vahima oqibatida Uoll-Strit aksiyalari 2008 yildan beri eng ko‘p qadrsizlandi: Dou Jonsning sanoat indeksi 7,8 foiz tushib ketdi. Jahon bozoridagi neft narxi 1991 yili Fors ko‘rfazidan beri misli ko‘rilmagan darajada arzonladi.

XS
SM
MD
LG