Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:39

Amazonka o‘rmonlari yarim asr ichida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin


1970 yildan beri Amazonka havzasining 5 million kvadrat kilometr hududi yo‘q qilindi
1970 yildan beri Amazonka havzasining 5 million kvadrat kilometr hududi yo‘q qilindi

Olimlar Amazonka Yomg‘ir o‘rmonlari ortga qaytib bo‘lmaydigan burilish nuqtasi arafasida ekanligi haqida ogohlantirdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, zudlik bilan keskin chora ko‘rilmasa, yarim asr ichida dunyoning eng yirik ekotizimlaridan biri bo‘lmish Amazonka qurg‘oqchil savannaga aylanishi mumkin.

Bundan tashqari, yana bir yirik ekotizim — Karib marjon riflari qaytib bo‘lmas nuqtadan o‘tsa, 15 yilda yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.

Nature Communications jurnalida e’lon qilingan ilmiy maqolada yozilishicha, ushbu ekotizimlarning ortga qaytib bo‘lmas nuqtadan o‘tib ketishi og‘ir oqibatlarga olib keladi.

Har ikki tizim taqdiriga global isish hamda atrof-muhitga keltirilgan zarar tufayli sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar tahdid solmoqda. Xususan, Amazonkaga o‘rmon yong‘inlari va ayovsiz daraxt kesish, Karib marjon riflariga esa atrof-muhitning ifloslanishi hamda kislotalashish darajasining oshib borayotgani zarar keltirmoqda.

BMT hisoblariga ko‘ra, Yer sathida o‘rtacha harorat sanoat davri boshlangan paytga qiyoslaganda 1,5 darajadan ko‘proq ko‘tarilsa, jahon bo‘ylab sayoz suvlardagi riflarning 90 foizi yo‘q bo‘ladi. Harorat 2 darajaga ko‘tarilsa, riflar butunlay yo‘q bo‘lishini kutish mumkin.

Bugunga qadar sayyoraning o‘rtacha harorati allaqachon 1 darajaga ko‘tarildi.

Amazonka uchun necha daraja o‘zgarish ortga qaytib bo‘lmas nuqta ekanligi aniq emas. Shunday bo‘lsa-da, olimlar o‘rmonning 35 foizi yo‘qotilsa, Amazonkani saqlab qolishning iloji bo‘lmasligini aytmoqda.

1970 yildan beri Amazonka havzasining 5 million kvadrat kilometr hududi yo‘q qilindi. Maqola muallifi Saymon Uilkok keyingi yillarda Amazonkada hamda Avstraliyada sodir bo‘layotgan yong‘inlar ko‘plab ekotizimlar jar yoqasida turganidan darak berishini aytdi.

Maqolaga aloqasi bo‘lmagan olimlar uning metodologiyasini ma’qullab, undagi xulosalar haqida chuqur xavotir izhor qilishdi.

O‘tgan haftada chop etilgan boshqa bir ilmiy maqolada tropik o‘rmonlar karbonat angidrid gazini qayta ishlash qobiliyatini yo‘qotib borayotgani aytildi. Olimlarning tadqiqotlari atmosferada CO2 – karbonat angidrid miqdorining ortishi iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘layotganini ko‘rsatib keladi.

Global o‘rmonlar, ayniqsa, tropik o‘rmonlar insoniyat faoliyati tufayli atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidridning 25-30 foizini kislorodga aylantiradi. Okeanlar esa ushbu gazning 20-25 foizini o‘ziga yutadi.

XS
SM
MD
LG