Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 18:44

Zelenskiy oligarxlardan koronavirusga qarshi kurashga mablag‘ ajratishni so‘radi


Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatdagi eng boy ish odamlarini koronavirusga qarshi kurashish uchun mablag‘ va uskunalar ajratishga chaqirdi.

Zelenskiy 16 mart kuni Ukrainada beshinchi kishi COVID-19 virusi yuqtirgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng Kiyevdagi idorasida yetakchi biznes egalari bilan uchrashdi. Prezident oligarxlarga mamlakat aholisi uchun 500 ta tez yordam mashinasi va dori-darmonga 13 milliard grivna (490 million dollar) kerakligini aytganini xabar qildi.

− Biznes hukumat uchun qiyin davr kelgan paytda ijtimoiy jihatdan mas’ul bo‘lishi kerak. Ukrainaliklar davlat shifoxonalariga borganida o‘zini himoyalangan his qilishi lozim. Yordamingiz hozir kerakligini bilishingizni istayman, − dedi Zelenskiy ish odamlariga.

Ayni choqda Ukraina Yevropaning sog‘liqni saqlash tizimi eskirib ketgan va yetarli darajada mablag‘ bilan ta’minlanmaydigan eng kambag‘al mamlakatlaridan biridir. Mabodo koronavirus mamlakatda keng tarqaladigan bo‘lsa, ushbu tizim zo‘riqib, ish bermay qolishi mumkin.

Uchrashuv ishtirokchilari orasida mamlakatning eng boy kishisi Rinat Ahmetov, milliarder va Zelenskiy bilan biznes aloqalari mavjud Igor Kolomoyskiy ham bor edi. Ko‘pchilik Kolomoyskiyning o‘tgan yilgi prezident saylovoldi kampaniyasi vaqtida Zelenskiyni asosiy qo‘llab-quvvatlovchilardan biri ekani shohidi bo‘lgan.

Ahmetov Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘pkani shamollatuvchi 4 ta qurilma, shuningdek, himoya kiyimlari, termometrlar va tibbiy niqoblar olib bergan edi.

Quvur ishlab chiqaruvchi kompaniya egasi, milliarder Viktor Pinchuk Kiyev va Ukrainaning boshqa viloyatlaridagi shifoxonalarga o‘pkani shamollatuvchi 10 ta qurilma olib berdi.

Ahmetov, Kolomoyskiy va Pinchuk dastlabki boyligini "it egasini tanimaydigan" 90-yillarda Ukrainaning davlat aktivlarini arzongarovga sotib olish yo‘li bilan orttirgan edi. Buni aksariyat ukrainlar adolatsiz deb biladi.

Ular Ukraina iqtisodiyotining asosiy qismini boshqarayotgan va oligarxlar deb atalayotgan ish odamlari guruhiga mansubdir.

Boshqa badavlat ish odamlari Ukrainaga yetkazib berish uchun Qo‘shma Shtatlardan ishlatilgan o‘pkani shamollatuvchi qurilmalarni sotib olmoqda.

Xitoydagi eng yirik texnologiya kompaniyalaridan biri “Alibaba Group” asoschisi bo‘lgan milliarder Jek Ma 80 million dollarga Ukraina uchun koronavirusni aniqlaydigan 1 million komplekt qurilmalar sotib olib berdi, dedi Zelenskiy. Prezidentning aytishicha, virusni aniqlash komplektlari 21 martda Xitoydan olib kelinadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG