Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:16

Koronavirusga qarshi... traktor, isiriq yoki aroq? Ayrim prezidentlarning befoyda maslahatlari


Ikonalarni o‘pish pravoslav an’anasida keng tarqalgan, ammo ayni paytda hukm surayotgan pandemiyaga qaramay, ayrim cherkov peshvolarining ushbu ana’anani to‘xtatish niyati yo‘qqa o‘xshaydi (arxiv surati).
Ikonalarni o‘pish pravoslav an’anasida keng tarqalgan, ammo ayni paytda hukm surayotgan pandemiyaga qaramay, ayrim cherkov peshvolarining ushbu ana’anani to‘xtatish niyati yo‘qqa o‘xshaydi (arxiv surati).

Har bir kishi va hamma narsa qattiq nazorat ostida bo‘lgan Turkmanistonda prezident koronavirusni daf qilish uchun ko‘hna vosita – isiriq tutatish kerakligini aytdi.

Belarusning avtoritar prezidenti ham hukumat va vatandoshlariga shunga o‘xshash xalqona maslahat beradi: dalaga chiqib ishlanglar va traktor haydanglar.

Ayni paytda dunyo mamlakatlari rahbarlari va tibbiyot ekspertlari karantin joriy qilish, chegaralarni yopish, niqob taqishni buyurmoqda. Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish orqali COVID-19 ning jahon bo‘ylab tarqalishi oldini olishga intilmoqda. Olimlar ushbu kasallikka qarshi vaksina topishga va uni davolashga shoshilmoqda. Shu kungacha koronavirus butun dunyoda 19 martgacha qariyb 9000 kishining umriga zomin bo‘ldi.

Shunday vaziyatda ayrim amaldorlar ham noto‘g‘ri axborot va foydasi ilmiy isbotlanmagan dori-darmon haqidagi xabarlar tarqalishi oldini olishga harakat qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va oniy axborot almashuv imkoniyati bor davrda bunga erishish juda qiyin.

Koronavirus “tarqalishi va unga qarshi choralar ommaviy tarzdagi “infodemiya” – ba’zilari aniq, boshqalari esa noaniq bo‘lgan axborotning keragidan ortiqchaligi bilan birga kechmoqda, bu odamlarning ishonarli manbalarni va kerak bo‘lganda, ishonchli yo‘l-yo‘riqlarni topishini qiyinlashtiradi”, deyilgan edi JSST fevral boshida tarqatgan bayonotda.

Sarimsoqmi, C vitaminimi, steroidlarmi yoki efir moylarimi? Feysbuk yoki Rossiyaning VK ijtimoiy tarmog‘ida bu haqda o‘qiyotganingiz hisobga olinmasa, ushbu narsalarning koronavirusga qarshi kurashda foydali ekani ilmiy isbotlanmagan.

Noto‘g‘ri axborot tarqatish muammosi mavjudligini qayd etib hamda odamlarni ishonchli va obro‘li manbalardan foydalanishga undab, quyida ayrim rahbarlar koronavirusga qarshi kurashda yanglish taklif etayotgan g‘alati vositalar haqida fikr yuritiladi.

Turkman isirig‘i

Dunyodagi eng zulmkor jamiyatlardan biri bo‘lgan va avtoritar rahbarlar boshqarib kelayotgan Turkmanistonda uning yetakchilari g‘alati qiliqlar qilib, sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyalar berishi tabiiy holatga aylangan.

O‘zini “barcha turkmanlarning otasi” deb atagan, 2006 yili vafot etgan Saparmurat Niyozov mamlakat aholisiga sog‘liqni saqlashga oid maslahatlari bilan birga doimiy tarzda ma’naviyat saboqlari ham berar hamda ular davlat televideniyesi va gazetalar orqali hammaga tarqatilar edi. 2005 yili mamlakatdagi shifokorlarga Gippokrat qasamidan voz kechishga, buning o‘rniga ma’lumoti elektrik bo‘lgan Niyozovga qasamyod qilishga buyruq berilgan edi.

Uning vorisi Gurbanguli Berdimuhamedov ma’lumotiga ko‘ra – stomatolog. Biroq bu uni Niyozovnikiga o‘xshash shaxsga sig‘inish yoki hech narsa bilan asoslanmagan tibbiy maslahatlar berishdan to‘xtata olmadi. So‘nggi marta – 13 martda u koronavirusning yaqinlashib kelayotgan xavfiga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida shunday yo‘l tutdi.

‒ Ota-bobolarimiz ming yillar davomida narkotiklarga qarshi kurash va turli yuqumli kasalliklarning oldini olishning sinalgan milliy usullarini ishlab chiqqan, ‒ dedi u.

So‘ngra u isiriq tutatish “oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan” viruslarni yo‘q qilishini aytdi.

Aslida, bu noto‘g‘ri.

Dekabrda Turkmaniston televideniyesi qoramollar orasida kasallik tarqalishiga qarshi kurashda fermerlarga kerak bo‘ladigan dorilar haqidagi ko‘rsatuvni efirga uzatdi. Ko‘rsatuvda tavsiya etilganlari orasida Berdimuhamedovning kitobida retsepti keltirilgan dorilar ham bor edi.

Bir yil oldin Sog‘liqni saqlash vazirligi yozda nafas yo‘llari kasalligiga chalingan turkmanlarga tibbiy maslahat bergan edi. Ular orasida “Berdimuhamedovning “Turkmaniston o‘simliklari” kitobida ilmiy jihatdan asoslab berilgan shifobaxsh choylardan foydalanish” maslahati ham bor edi.

18 mart holatiga ko‘ra Turkmanistonda infeksiya yuqqanlik holati qayd etilmagani xabar qilindi.

Ekkaningni o‘rasan

Belarusni 20 yildan oshiq vaqtdan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko ham vatandoshlariga doimiy tarzda xalqona maslahatlar berib turadi.

Prezident bo‘lishidan oldin Lukashenko sovet jamoa xo‘jaligini boshqargan hamda takliflari va tibbiy folklor namunalarini o‘sha davrdan olgan.

U 16 martda Minskda hukumat yig‘ilishiga raislik qildi. O‘sha yig‘ilishda mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq tarzda ortib borayotgan xavotirlarni bosishga urindi. 17 mart holatiga ko‘ra, mamlakatda 17 kishi o‘sha virusni yuqtirgani qayd etilgan.

Davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan yig‘ilishda u amaldorlarga “biz boshqa viruslarni boshdan kechirganmiz. Buni ham yengamiz”, dedi.

− Ana, traktor har bir kishini tuzatadi. Dala har bir kishini tuzatadi, − dedi u.

Lukashenko vazirlariga salomatlik tilab, ularga sog‘ligi bilan bog‘liq maslahat berdi: Quruq saunaga borib, yaxshilab terlang. Iddao qilishicha, koronavirus 60 daraja issiqda yo‘q bo‘lib ketadi.

Aslida traktorlar, sauna yoki dalaga chiqib ishlash koronavirusga qarshi kurashda biror foyda bergani haqida hech qanday isbot yo‘q.

Aroq hayotbaxsh ichimlikmi?

18 mart holatiga ko‘ra, Serbiyada 83 ta virus yuqtirganlik holati qayd etildi.

Dunyo mamlakatlari rahbarlari koronavirus tarqalishi haqida jiddiy xavotirlar bildirishidan uch hafta oldin prezident Aleksandar Vuchich hukumat ko‘rayotgan choralarni muhokama qilish uchun tibbiyot mutaxassislari bilan uchrashgan edi.

U spirtli ichimlik eng yaxshi raddi balo bo‘lishi mumkinligi haqida hazil qilgan edi.

‒ Ular menga spirtli ichimlik tekkan joyga koronavirus dorimasligini aytgandan so‘ng kuniga bir stakan ichish uchun qo‘shimcha sabab topdim, amerikaliklar ham buning to‘g‘ri ekanini aytmoqda, ‒ dedi u. ‒ Lekin uning likyorga hech qanday daxli yo‘q, buni faqat bilib qo‘yishingiz uchun aytyapman.

Lekin bu Vuchich hukumatining tashqi ishlar vaziri Serbiya televideniyesi orqali chiqib, koronavirus Xitoy iqtisodiyotiga qarshi qaratilgan chet el fitnasi ekanini taxmin qilishiga to‘sqinlik qilmadi.

Lukashenko ham joriy haftada Vuchichning aroq haqidagi gapini takrorladi.

Men aroq ichmayman, qo‘lingizni aroq bilan yuvib turing, yana 40-50 gramm sof spirt ham virusni o‘ldirishi mumkin, − dedi u hazil aralash.

Aslida spirtli ichimlik ichish na koronavirus yuqishi oldini oladi va na inson tanasidagi boshqa biror virus xastaligidan tuzatadi. Spirt tashqaridagi mikrob va viruslarni o‘ldiradi, xolos.

Muqaddas suv, muqaddas virus

Odamlarni foydasiz tibbiy folklor bilan chalg‘itayotgan siyosatchi rahbarlar bu masalada yolg‘iz emas.

Aholisi xristianlikning pravoslav tarmog‘iga e’tiqod qiluvchi mamlakatlar, jumladan, Rossiyadagi ayrim ruhoniylar koronavirus yaqin jismoniy kontaktdan, havodagi mayda tomchilar yoki idish yuzasidagi so‘lak singari tanadan ajraluvchi suyuqliklardan yuqishi mumkinligi singari ogohlantirishlar bor tibbiy yo‘riqnomalarni rad etmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG