Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 09:44

Rossiya IIV: Mamlakatda qolgan muhojirlar patentlari va registratsiyasi uzaytiriladi


Rossiya. Koronavirus infeksiyasiga chalinganlikda gumon qilingan bemor Tez yordam mashinasidan tushmoqda. Moskva, 2020, 20 mart.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatdan chiqib keta olmagan muhojirlarning yashash joyi bo‘yicha qaydi va ishga ruxsatnomasi muddati uzaytirilishini e’lon qildi.

Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatida esa Ichki ishlar boshqarmasi rahbari politsiya xodimlaridan muhojirlarni qoidabuzarlikda ayblab "ovlashni" bas qilishni talab qildi.

U o‘z talabini migrantlarni chiqarib yuborish uchun aeroportlar yopilgani, xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazlarida esa joy yo‘qligi bilan izohladi.

Politsiya Rossiyada qolgan migrantlarning migratsiya hujjatlari muddatini uzaytirib beradi

Rossiya Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Valentina Kazakova Rossiyada qolib ketgan va migratsiya hujjatlari joyida bo‘lmagan xorij grajdanlarini jarimaga tortmaslik to‘g‘risida buyruq chiqardi.

Rossiya IIV Migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarmasining 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda e’lon qilingan qaroriga ko‘ra, Rossiyadan chiqib keta olmagan muhojirlarga registratsiyasi 90 kunga, ishga ruxsat beruvchi patenti muddatini esa ikkinchi yilga Rossiya tashqarisiga chiqmasdan rasmiylashtirib beriladi.

- Grajdanlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, shuningdek, yangi koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olgan holda, 2020 yil 19 martdan boshlab xorijiy grajdanlarning Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo‘lish muddati uzaytirilishi mumkin, deya xabar qildi Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Irina Volk.

Ichki ishlar vazirligi saytidagi rasmiy xabarga ko‘ra, registratsiyasini uzaytirish uchun Rossiyada qolayotgan O‘zbekiston grajdanlari migratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmalarga, patentlarni uzaytirish uchun esa bevosita ishga ruxsatnomalarni rasmiylatshiruvchi idoralarga murojaat qilishlari lozim.

Rossiyaga viza asosida kelgan grajdanlarga, Rossiyaga kirish maqsadi qandayligidan qat’i nazar, uning amal qilish muddati uzaytiriladi. Vaqtinchalik joriy etilgan tartibga ko‘ra, agar viza muddati o‘tgan bo‘lsa, vaqtincha qolish muddati ham uzaytiriladi.

Rossiyaga viza talab qilinmaydigan mamlakatlardan kelgan fuqarolar Rossiya Federatsiyasida bo‘lish muddatini uzaytiradilar, agar muddati tugagan bo‘lsa ham.

Rossiya Federatsiyasida istiqomat qiluvchi chet el grajdanlarining chet el ishchilarini mehnat faoliyatiga jalb qilish va ulardan foydalanish va ishlash ruxsatnomalarini olish uchun ariza berish tartibi qayta tiklandi.

Bundan tashqari, mehnat muhojirlari yangi patent olish uchun Rossiya Federatsiyasidan tashqariga chiqmasdan tegishli arizalar bilan muddatni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasdan murojaat qilishlari mumkin.

Vaqtinchalik yashash huquqi yoki yashash uchun ruxsatnoma asosida Rossiyada istiqomat qiluvchi chet el fuqarolari, agar ular tomonidan berilgan hujjat muddati tugagan bo‘lsa, yashash muddati uzaytiriladi.

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari qayd hujjatlari muddatini koronavirus karantini bilan bog‘liq cheklovlar tufayli migratsiya bo‘limlarida uzaytira olganini tasdiqlamoqda.

Muhojirlarni jarimaga tortmang - deportatsiya lagerlarida joy yo‘q!

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rahbariyati politsiya xodimlaridan koronavirus pandemiyasi davomida xorij grajdanlarini migratsiya qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortmaslikka chaqirmoqda.

Xususan, Rossiya Ichki ishlar vazirligining Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha Bosh boshqarmasi boshlig‘i muovini Dmitriy Baranov 18 mart kuni “Migratsiya sohasidagi materiallarni vaqtinchalik qayd etish tartibi to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda u politsiya xodimlaridan “migratsiya sohasidagi materiallarni rasmiylashtirishni to‘xtatishni, zero Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazlariga joylashtirish muammolari” vujudga kelganini bildirdi.

- COVID-19 infeksiyasi kasalligi tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq karantin choralarini ta’minlash maqsadida aviakompaniyalar Rossiya Federatsiyasi tashqarisiga jo‘natayotgan uchoqlar sonini keskin kamaytirdi. Bu hol Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha IIV Bosh boshqarmasiga qarashli №1 va №2 sonli Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanayotganlarni o‘z vaqtida badarg‘a qilishga yo‘l qo‘ymayotir, - deya tushuntirish berdi jurnalistlarga Baranov.

Boshqarma boshlig‘i qoidabuzar migrantlar tilxat asosida qo‘yib yuborilishi kerakligini uqtirdi.

Leningrad viloyati va Sankt-Peterburg shahriga qarashli 1- va 2-sonli markazlar Gatchina va Krasnoe Selo shaharchalarida joylashgan.

Ayni damda, 18 martdan 1 mayga qadar Rossiya xorijliklarning kirib kelishiga taqiq qo‘ydi.

Oldinroq Rossiya liberal-demokratik partiyasi lideri Vladimir Jirinovskiy tojli virus tufayli Markaziy Osiyo davlatlarining hammasi bilan chegaralarni yopish taklifi bilan chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG