Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:40

Koronavirus davrida iste’mol va ipoteka krediti so‘rayotgan rossiyaliklar soni keskin ko‘paydi


Narx-navo va foizlar ortib ketishi bilan bog‘liq qo‘rquv sabab iste’mol va ipoteka kreditlari olish uchun murojaat qilayotgan rossiyaliklar soni keskin ko‘paydi¸ deb xabar qildi Rossiyaning RBK biznes gazetasi.

Rossiyaliklar tarixan iqtisodiy beqarorlik va milliy valyuta – rubl qadrsizlanayotgan paytda elektronika va avtomobillar singari chet el iste’mol tovarlarini sotib olishga harakat qiladi.

Rossiya rublining qadri Moskva bilan Saudiya o‘rtasidagi neft qazib olishni kamaytirish bo‘yicha kelishuv barbod bo‘lgach, 9 martdan beri 20 foiz tushib ketdi. Zaiflashib qolgan rubl sabab import qilinayotgan iPhone singari mahsulotlar narxi oshib bormoqda.

Rublning so‘nggi qadrsizlanishi rossiyaliklarni “ehtiyoj bo‘lgan tovarlar xaridini ortga surmaslik” va ularni narxlar ortishidan oldin sotib olishga undadi, deydi Moskvadagi ACRA reyting agentligi direktori Irina Nosova.

Rossiyaliklar neft narxi keskin tushib, pul ham shunga yarasha qadrsizlangan 2014 yil oxiri – 2015 yil boshida uy-ro‘zg‘or buyumlari va avtomobillarni ko‘plab sotib olgan edi. Nosova¸ bu gal ham “vaqtni boy berish”dan qo‘rqayotgan rossiyaliklarning banklardan iste’mol krediti olib¸ unga qimmatlashib borayotgan import tovarlar sotib olishga undayotganini taxmin qiladi.

Koronavirusning iqtisodiyot va ta’minot zanjiriga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bilan bog‘liq qo‘rquv rossiyaliklarning kredit olishga talabi ortishida rol o‘ynadi. Ular ham yevropalik va amerikaliklarga o‘xshab, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlarni g‘amlashga tushadi.

“Otkritiye” bankining xabar qilishicha, o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda, o‘tgan haftada naqd pul kreditiga ehtiyoj 15 foiz ortgan. Mamlakatdagi eng yirik Sberbank so‘nggi bir oyda naqd pul olishga bo‘lgan talab 10 foiz o‘sganini xabar qildi.

Mamlakatning ikkinchi yirik banki VTB stavkalarni 7,5 foizga qadar kamaytirgandan so‘ng naqd pul bilan kredit olish uchun berilgan arizalar soni 1/3 qism ortgan. Bank vakilining aytishicha, o‘tgan haftada ipoteka va avtomobillar uchun kredit so‘rab yozilgan arizalar soni 15 foiz oshib ketgan.

Rossiyada 23 martda yana 71 odamning koronavirus yuqtirgani va kasalga chalinganlar jami sonining 438 kishiga yetgani haqida xabar berildi. Koronavirus yoyilayotgani ortidan chet mamlakatlar bilan aviaqatnovlarga kiritilgan cheklov kengaytirildi.

23 martdan boshlab “Rossiyskiye avialinii” kompaniyasi uchoqlari faqat Nyu-Yorkka parvoz qilmoqda.

Shu paytgacha koronavirus keng tarqalgan mamlakatlardan 20 mingga yaqin rossiyalik qaytarib olib kelindi.

Dunyoda nufusi bo‘yicha 9-o‘rinda turadigan Rossiyada COVID-19 yuqtirganlar aholi soniga nisbatan eng past ko‘rsatkichlardin biridir. Aholisi 8 milliondan ko‘proq bo‘lgan Nyu-Yorkda shu paytgacha 8000 dan oshiq COVID-19 yuqtirganlik holati qayd etildi.

XS
SM
MD
LG