Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:52

"Uyda qoling"? MIB xodimlari qarzdorlikni tugatish uchun uyma-uy yurishga majburlanmoqda


MIB xodimlari profilaktik tadbirda. MIB rasmiy saytidan olingan bu suratning maqolada keltirilgan ma’lumotlarga aloqasi yo‘q.
MIB xodimlari profilaktik tadbirda. MIB rasmiy saytidan olingan bu suratning maqolada keltirilgan ma’lumotlarga aloqasi yo‘q.

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston hududida 24 martdan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi.

Joriy qilingan cheklovlarga ko‘ra¸ aksar tashkilotlarga o‘z xodimlarini ta’tilga chiqarish¸ qolgan ishchilarini esa¸ maksimal darajada masofadan turib (“onlayn” rejimda yoki masofaviy tarzda) ishlashga o‘tkazish topshirildi.

Ozodlikka kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi¸ pandemiyani to‘xtatish uchun uyda qolish¸ ijtimoiy masofalanish targ‘ib qilinayotgan bir paytda¸ ayrim tumanlarda ​o‘z xodimlarini uyma-uy yurib gaz va elektrdan qarz undirishga majburlamoqda.

Hammaga "Uyda qoling!"¸ mibchilarga uyma-uy yuring?

Toshkent viloyati Chinoz tuman MIB bo‘limining ishdan haydalish xavotiri bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan inspektori 25 mart kuni ham o‘zi va hamkasblarining qarzdorlikni undirish uchun mahalla kezayotganini bildirdi.

Uyma-uy yurib qarzdorlar bilan yuzma-yuz gaplashib ogohlantirish yozib kelyapmiz. Bir oyda kamida 20 xonadonga borishga majbursan¸ deyishdi. Biz bechora MIB xodimlari kasal yuqtirib qolmaymizmi? Nega hammaga uyda o‘tirish aytilayotgan paytda bizni eshik sanashga majburlashyapti?"

Toshkent viloyat MIBning matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mutasaddisi Ozodlikka joriy vaziyatni shunday tushuntirdi:

Bu to‘g‘ri xabar. Chunki inspektorlar muntazam obxod qilishi kerak. Har oyda qarzdor xonadonlar¸ zavod va firmalarga borib¸ ko‘rsatkich olishga xodimlarimiz majbur. Bu ularning vazifasi. Noqonuniy ulanganlarga jarima yozish kerak. Agar yozmasa¸ oylikka qo‘shimcha 30 foizlik mukofotdan mahrum qilinadi. Hozircha MIB ishga chiqmasin¸ degan aniq ko‘rsatma yo‘q bizda. Lekin qarzlarni undirish bo‘yicha prezident farmoni va shu asosda Byuro direktori buyrug‘i bor. Inspektorga reja qo‘yilgan. Agar u 20 ta jarima rasmiylashtirmasa¸ oyligiga nadbavkasi bekor qilinadi".

MIB mulozimi o‘z xodimlariga aholi bilan tibbiy niqob taqqan holda munosabatda bo‘lish bo‘yicha tavsiya qilinganini qo‘shib o‘tdi.

Rahbariyat vakilining bu izohiga munosabat bildirgan chinozlik MIB inspektori¸ mukofot puli olish uchun emas¸ balki majburiylikdan uyma-uy yurganini ta’kidladi.

"Hamma koronavirusdan qochib¸ uyida o‘tirganda¸ bizga ham sog‘liq kerak. Bola-chaqamizning oldiga virus ko‘tarib kelishdan biz ham qo‘rqyapmiz. Nadbavka uchun o‘zlari ixtiyoriy yuribdi¸ degan gap yolg‘on. Ishdan bo‘shaysan¸ degani uchun majburlikdan uyma-uy yuribmiz".

"Odamlar MIBchilar kelib kasal yuqtiradi¸ deb qo‘rqmoqda"

Koronavirus infeksiyasi tarqashini to‘xtatish uchun keskin cheklovlar o‘rnatilgan bir paytda¸ mibchilarning uyma-uy yurayotgani nafaqat ularni¸ balki MIB xodimlari eshigini qoqayotgan aholini ham tashvishga solmoqda.

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi pensioner Xadicha O‘rmonova Ozodlikka inspektorlarning eshik qoqib kelishidan bezor bo‘lganini aytadi.

Maskasi yo‘q edi shu paytgacha. Endi taqdi maskani. Kelib peshonamda turib¸ qo‘shimcha jarima solaman¸ elektrdan qarzsiz¸ deydi. Karantin paytida xalqqa yengillik qilinib¸ bankdan olgan kreditlarni ham to‘lamay tursa mayli¸ deyishdi. Ammo MIb har kuni keladi. Eshikma- eshik yurib kasal yuqtirib yuribdi. Bolalarga ochmanglar eshikni, deb tayinladim".

MIB. Tongdan shomgacha ish. Qaydasan 8 soatlik ish kuni?

Toshkent viloyati Chinoz tuman MIB bo‘limi inspektori Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va hamkasblarining har kuni ertalabki 8 dan kechqurungi 8 gacha ishlab¸ haftada faqat yakshanba kuni dam olayotganini ham ma’lum qildi.

Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyat boshqarmasi mulozimi “oy oxirlab¸ ish tig‘iz bo‘lgani bois xodimlar belgilanganidan ko‘proq” ishlayotganini tasdiqladi.

Maxsus buyruq bilan tasdiqlangan ichki mehnat tartib-qoidalariga asosan boshqarma hamda tuman-shahar bo‘limlarida xizmat qilayotgan xodimlarning ish vaqti soat 09:00 dan soat 18:00 ga qadar davom etishi, belgilangan vaqtdan tashqari ishlashiga, shuningdek, shanba va yakshanba kunlari ishga chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu bo‘yicha joriy yilning 10 fevralida boshqarma va barcha hududiy bo‘limlar xodimlari ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazilib tushuntirilgan hammaga. Bu bo‘yicha tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ammo xodimlarimiz o‘zlari yozma rozilik berib¸ ikki hissa oylik olish yo otgul olish evaziga ishlashmoqda".

Ozodlik bilan suhbatda bu mulozim MIB xodimlarining koronavirus epidemiyasi davrida ijtimoiy muhofaza qilingani va kasal bo‘lib qolsa¸ tibbiy xizmatdan bepul foydalanishi kafolatlanganini ta’kidladi.

Nafaqat MIB...

Koronavirus pandemiyasi bois aksar davlatlar o‘z fuqarolarini ommaviy karantinga qo‘yayotgan ayni kunlarda¸ O‘zbekistonda nafaqat MIB¸ balki soliqchilar¸ kommunal xizmatlar, SES, kadastr¸ suv¸ gaz¸ svet kabi jami 17 ta davlat idorasi xodimlarining uyma-uy yurib¸ qarz yig‘ish¸ fuqarolar shaxsiga oid ma’lumot to‘plashga majburlanayotgani haqida ham Ozodikka xabarlar kelmoqda.

Xususan¸ o‘tgan hafta Ozodlikka gapirgan davlat xizmatchilaridan biri bunday majburiy tadbir ham o‘z¸ ham aholi salomatligiga xatar solayotgani¸ ammo ishdan bo‘shatilish bosimi ostida¸ unda qatnashishdan o‘zga chorasi yo‘qligini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG