Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:06

Rossiyaning koronavirusga qarshi kurashda AQShga ko‘rsatayotgan yordami jumbog‘i


Rossiya Mudofaa vazirligining uchog‘i Nyu-Yorkning Jon F.Kennedi xalqaro aeroportida.
Rossiya Mudofaa vazirligining uchog‘i Nyu-Yorkning Jon F.Kennedi xalqaro aeroportida.

Rossiyaning koronavirusga qarshi kurashda AQShga yordam ko‘rsatish maqsadida jo‘natgan yuki ikkala mamlakatdagi odamlarni ham hayron qoldirmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligining yuk tashuvchi uchog‘i Nyu-Yorkning Jon F.
Kennedi xalqaro aeroportiga niqoblar, o‘pkani sun’iy shamollatuvchi ventilyatorlar va boshqa tibbiy jihozlar yuklarni olib keldi.

Kreml buni AQShga COVID-19 ga qarshi kurashi uchun jo‘natilgan “gumanitar yordam” deb atadi.

O‘sha kuni Davlat departamenti Kremlning “gumanitar yordam” haqidagi gapini rad etib, Qo‘shma Shtatlar yukni Rossiyadan sotib olgani haqida bayonot berdi.

Lekin uning vakili yuk uchun qancha pul to‘langanini aytishdan
bosh tortdi.

Oradan bir kui o‘tib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskva bilan Vashington harajatlarni birga ko‘targanini aytdi.

Qizig‘i shundaki, Rossiyaning zikr etilgan yukda hissasi bor ikkita korxonasi 2014 yilda Moskva Ukrainaning Qrim yarim orolini bosib olgani uchun G‘arb mamlakatlari joriy etgan sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan shirkatlar ekani ma’lum bo‘lib qoldi.

Yanayam qizig‘i, AQSh ma’muriyatini ismi oshkor qilinishini istamagan
rasmiysi Rossiyaning bayonotiga zid o‘laroq, yuk uchun pulni faqat Qo‘shma
Shtatlar to‘laganini ma’lum qildi.

Bunaqa chalkashlik oqibatida kuzatuvchilar, Qo‘shma Shtatlar yuklarning olib kirilishiga ruxsat berishday istisnoga borish bilan o‘zi joriy qilgan sanksiyalarni buzmadimi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.

Nega yuklar uchun to‘lov haqida bir-biriga zid ma’lumotlar berilmoqda?

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilganini, o‘sha suhbat chog‘ida Putin yordam taklif etganini, Tramp esa uni olishga rozi bo‘lganini aytgan edi.

Jurnalistlarning bu Kremlning propaganda maqsadida qilgan ishi bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga, Tramp, “mening Rossiya bilan ham, propaganda bilan ham zararcha ishim yo‘q. Juda ko‘p yuqori sifatli tibbiy jihozlar bo‘lgani uchun ularni qabul qildim”, deya javob qaytardi.

Kreml tanqidchilari yordamni propaganda deb atayotgan paytda Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov bu ishni siyosiylashtirish kerak emasligini aytib, Rossiyaning gumanitar missiyasi faqat bir amerikalikning hayotini saqlab qolsa ham, muvaffaqiyatga erishgan bo‘ladi, dedi.

Rossiyaning muxolifat vakillaridan Aleksey Navalniy va boshqalar
hukumatning bu ishini, “biz butun mamlakat bo‘ylab tibbiyot xodimlariga shaxsiy himoya kiyimlari uchun pul yig‘ayotganimizda, hukumatimiz ularni Amerikaga sotmoqda”, deya tanqid qildi.

Yana o‘rtaga yuk uchun pulni kim to‘lagani masalasi chiqdi: Rossiya tarafi uni ikki tomon to‘laganini, Amerika tarafi esa uni sotib olganini aytmoqda.

Rossiya tomoni iddaosicha, pulning yarmini Rossiyaning bevosita investitsiya fondi to‘lagan.

O‘sha fond 2015 yili AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Fond matbuot kotibi “Ozodlik” radiosiga mavjud sanksiyalar ayni holatda unga daxl qilmasligini bildirdi.

Yukka kiritilgan ventilyatorlarni Rossiyaning Ural mintaqasida joylashgan Radio va elektronika texnologiyalari kompaniyasi ishlab chiqargan.

O‘sha kompaniya ham 2014 yil iyulidan beri Ukraina va Qrim yarim oroliga daxldor masalalar sabab AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yuk yetkazib berilajagi haqidagi postida AQSh ma’muriyati vakillari yoki davlat idoralari unga e’tiroz bildirganini aytgan edi.

Bu Rossiyaning ayrim amerikalik rasmiylar hech bir asossiz ikki tomonlama munosabatlar istiqboliga putur yetkazishga intilayotgani haqidagi narrativiga mos keladi.

Na Davlat departamenti va na Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yukning
qiymatini oshkor qilmadi, lekin AQSh ma’muriyatining ismi sir qolishini istagan vakili tovarlar “bozor qimatidan past” sotib olinganini aytdi.

Ishlab chiqaruvchi kompaniya saytidagi narxga ko‘ra, yetkazib berilgan
ventilyatorlar qariyb 1 million dollarlik qiymatga ega.

Ekspertlarga ko‘ra, Rossiya hukumati ataylab ikkita AQSh sanksiyasi ostidagi korxona mahsulotlarini yuk qilib jo‘natgan.

AQSh ma’muriyatining sobiq rasmiylari Rossiyaning Qo‘shma Shtatlarga
gumanitar yordam ko‘rsatishi propagandadan boshqa narsa emasligini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG