Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:05

OzodTahlilchi: “O‘zini yakkalash” rejimi qanchalik qonuniy?


Namangan. IIV xodimlari mashinalarni tekshirmoqda, 2020, 29 mart.
Namangan. IIV xodimlari mashinalarni tekshirmoqda, 2020, 29 mart.

O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab karantin rejimi joriy etilishining huquqiy jihatlari xususidagi suhbatimizni davom ettiramiz.

Avtoritar rejimlar huquqiy davlatlardan nimasi bilan farq qilishini yana bir qur eslatib qo‘yish uchun gapni uzoqdan boshlamoqchimiz. O‘zaro farqlardan biri shuki, avtoritar rejimlarda prezident farmonlari orqali boshqarish tendensiyasi – tamoyili bor, ular parlamentlar qabul qiladigan qonunlardan ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi. Qonun loyihalari dastlab ixtisoslashtirilgan qo‘mitalarda va parlament sessiyalarida muhokama qilinadi. Farmonlar esa prezident devoni xilvatlarida tayyorlanadi va prezidentning shaxsiy qarashini aks ettiradi, shu sababli jamiyat ko‘p jihatdan yagona rahbarning kayfiyati va ehtimoli katta bo‘lgan adashishlariga qaram bo‘lib qoladi. Shu ma’noda, ayniqsa, Islom Karimov rejimi ko‘p narsalarga erishdi – u farmonlar bilan boshqarishni xush ko‘rar, farmonlar qabul qilingandan keyin ishlab chiqiladigan qonunlarda ularning tafsilotlari o‘z aksini topar edi.

Lekin ayni holatda butun mamlakat bo‘ylab karantin rejimi joriy etilishiga asos bo‘ladigan nafaqat qonun, hatto prezident farmoni ham yo‘q. Mas’ul shaxslar qo‘l qo‘ygan va bunday qaror qabul qilinishiga ruxsat beradigan, butun mamlakatdagi hayotni keskin o‘zgartirib yuboradigan va jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan hech qanday hujjat yo‘q.

U holda qanday qilib ushbu qaror hayotga tatbiq qilina boshladi? Internetdan O‘zbekiston Milliy axborot agentligining bir abzatslik xabarida karantin rejimi joriy qilinayotgani haqida ma’lumot beriladi: “Xususan, joriy yilning 1 aprelidan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida “o‘zini yakkalash” hayot tarzi joriy etiladi. 65 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarga uyidan tashqariga chiqish qat’iyan man etiladi. Zarurat bo‘lgan taqdirdagina yaqin atrofdagi dorixona, oziq-ovqat va birinchi galdagi tovarlar do‘koniga chiqishga ruxsat etiladi”. Ushbu xabar bir qancha OAV, shuningdek, “Norma” huquqiy ma’lumotlar bazasi vebsaytida ko‘chirib bosildi.

Lekin na agentlik va na matbuot xabarlarida ilk manba – hukumatning qaysidir vakolatli shaxsi qo‘l qo‘ygan aniq hujjatga havola berilmaydi. Faqat qarorni koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qabul qilgani aytiladi. Darhaqiqat, bunday komissiya prezidentning 2020 yil 29 yanvardagi R-5537 raqamli farmoyishi bilan tashkil etilgan. Uning tarkibiga bosh vazir, bir qator vazirliklar va muassasalar rahbarlari kiradi. Lekin na farmoyishda va na komissiya tarkibida raisi kim ekani, u qabul qilayotgan qarorlar uchun kim shaxsan javobgar bo‘lishi aytilmagan. Unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qilayotgani tushunarli. Biroq Internet orqali olish mumkin bo‘lgan birorta majburiy karantin rejimi joriy etilish to‘g‘risidagi hujjatda uning imzosi yo‘q.

Komissiyaning barcha huquqiy axborot va hujjatlar yig‘ilgan vebsayti ham mavjud emas. Lekin boshi-oxiri yo‘q va saralanmagan turli ma’lumotlar, jumladan, virus yuqishiga qarshi choralarga rioya etish to‘g‘risidagi maslahatlar, vatandoshlar va jurnalistlarning savollariga javoblar, shuningdek, komissiyaning sanasi qo‘yilmagan ayrim farmoyishlari joylangan Telegramm-kanali bor. Bundan tashqari, asosan, tavsiya va profilaktikaga oid ma’lumotlardan iborat vebsayt tashkil qilindi, ammo unda ham tegishli huquqiy va me’yoriy hujjatlar kolleksiyasi jamlanmagan. Ushbu saytda hatto “o‘zini yakkalash” rejimini joriy etish to‘g‘risidagi farmoyish ham yo‘q. Uni na hukumatning boshqa, deylik, prezident, Vazirlar Mahkamasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi vebsaytlaridan ham topib bo‘lmadi. Ko‘ryapmizki, maxsus komissiyaning “o‘zini yakkalash” rejimini joriy etish to‘g‘risidagi farmoyish go‘yo bordek, shu bilan birga yo‘q ham.

Yana qizig‘i shundaki, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi to‘g‘risida qabul qilingan nizomda unga bunday rejimlarni butun mamlakat bo‘ylab yoki biror qismida joriy etish huquqi berilmagan. Komissiya vazifalariga, asosan, monitoring qilish hamda davlat idoralariing koronavirus tarqalishi oldini olish borasidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish kiradi. Bu tushunarli, chunki milliy miqyosda karantin joriy qilish to‘g‘risidagi qaror hukumatning eng yuqori darajasida, prezident farmoni yoki Vazirlar Mahkamasi qarori bilan va yoki alohida qonun bilan qabul qilinishi kerak.

“O‘zini yakkalash” rejimini joriy etish to‘g‘risidagi xabarda bir noaniqlik bor: taqiq faqat 65 yoshdan katta bo‘lgan shaxslar uchun joriy etilyaptimi yoki hamma uchunmi? “Zarurat bo‘lgan taqdirdagina yaqin atrofdagi dorixona, oziq-ovqat va birinchi galdagi tovarlar do‘koniga chiqishga ruxsat etiladi”, degan jumla kimlarga tegishli? Ushbu bandni faqat “65 yoshdan katta” deb talqin qilish mumkin. U holda o‘sha yoshga yetmagan barcha kishilar istalgan zarurat bilan ko‘chaga chiqishi mumkin ekan-da. Lekin xabarlarga qaraganda, Toshkent shahri va boshqa viloyat markazlarida tegishli ruxsatnomasi bo‘lgan toifadagi xodimlardan boshqa barcha yoshdagi kishilarning harakatlanish rejimi de-fakto cheklangan. Ushbu harakatlanish cheklanuvi rejimiga rioya etilishini Milliy gvardiya patrullari nazorat qilmoqda, ular nafaqat 65 yoshdan katta, qolaversa, rejimni buzayotgan har bir kishini ushlamoqda.

Joriy etilgan rejimning huquqiy jihati bilan bog‘liq yana bir noaniqlik bor va u “o‘zini yakkalash” atamasi bilan bog‘liq. O‘zbekiston qonunchiligida bunday tushuncha umuman yo‘q, unga na ta’rif va na huquqiy baho berilgan.

Joriy etilgan rejimning huquqiy jihati bilan bog‘liq yana bir noaniqlik bor va u “o‘zini yakkalash” atamasi bilan bog‘liq. O‘zbekiston qonunchiligida bunday tushuncha umuman yo‘q, unga na ta’rif va na huquqiy baho berilgan. Buni hokimiyat idoralarining huquqiy javobgarlikdan qochishga urinishi bilan bog‘liq lingvistik talqini deb hisoblash ham mumkin. Aslida “o‘zini yakkalash” iborasi ayni ma’noda “karantin” so‘ziga o‘xshash “Karantin” atamasi qonunchilikda bor. Yangi atama o‘ylab topishning nima keragi bor? U mavjud huquqiy atamalarga nima yangilik qo‘shadi?

Undagi vatandoshlar o‘z tashabbusi bilan o‘z xonadonlarida o‘tirishini anglatadigan “o‘zini” so‘zi ensani qotiradi. Xo‘sh, u holda nega Milliy gvardiya xodimlari odamlarni ushlayapti? Xulosa bitta: biz shahar bo‘ylab va shaharlar o‘rtasidagi bir joydan ikkinchi joyga borishni majburan cheklash rejimiga duch kelyapmiz, “o‘zini yakkalash” iborasi esa odamni yanglishtirmoqda. Biroq harakatni bunday cheklash “favqulodda holat”ga duch kelayotganimizni ham anglatadi, uning ta’rifi esa qonunchilikda mavjud.

O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik bazasiga nazar tashlansa, hozirgi vaziyatga ko‘proq favqulodda holat haqidagi qonun mos kelishini ko‘rish mumkin. Garchi qonun loyihasi 2016 yilda umumxalq muhokamasiga havola etilgan bo‘lsa-da O‘zbekistonda bunday qonun qabul qilingani yo‘q. Nega qabul qilinmagani tushunarsiz.

Lekin 1999 yilda 824-I raqami bilan qabul qilingan “Aholi va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi boshqa qonun bor. O‘sha qonunda “favulodda holat”ning huquqiy nuqtai nazardan ta’rifi keltirilgan: “favqulodda vaziyat – odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki tabiiy atrof muhitiga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat”. Nazarimda, u ayni vaziyatga juda mos tushadi, chunki COVID-19 virusi tarqalishi ortidan “odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga” tahdid paydo bo‘ldi.

U holda nega e’lon qilinayotgan rasmiy ma’lumotlarda ushbu qonun tilga olinmayapti, hokimiyat esa shubhali to‘qib-bichish bilan shug‘ullanmoqda? Ehtimol, qonunda “Fuqarolarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi huquqlari” deb nomlangan modda borligi uchundir? Ushbu moddaga ko‘ra, vatandoshlarning “favqulodda vaziyat ro‘y berganda hayotlari, sog‘liqlari va shaxsiy mol-mulklari muhofazalanishi; favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish mobaynida majburiyatlarini bajarish chog‘ida sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiyalar hamda imtiyozlar olish” huquqi bor.

Biroq maxsus komissiya Telegram-kanali orqali mamlakatda favqulodda holat to‘g‘risidagi qonunni tatbiq etish rejalashtirilmayotgani haqida xabar berishga shoshildi. Nega tatbiq etish mumkin emas? Axir, favqulodda choralar ko‘rilyapti-ku?!

2015 yilda O‘RQ-393 raqami bilan qabul qilingan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi boshqa qonun ham bor. O‘sha qonunda “karantin” so‘zi bilan ifoda qilinadigan cheklov tadbirlari xususida so‘z yuritiladi. Ular quyidagilardan iborat: “yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar”. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi deganda, “aholi sog‘lig‘ining holati bo‘lib, bunda insonga yashash muhiti omillarining zararli ta’siri mavjud bo‘lmaydi va uning hayot faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar ta’minlanishi” tushuniladi. “Hayot faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar” so‘zlariga e’tibor qiling. Ularni ayni vaziyat uchun qo‘llash mumkin.

Hukumat yuqorida qayd etilgan ikkita qonunda hamda vatandoshlarning yashash huquqini (oldingi maqolamizda bu haqda yozgan edik) kafolatlovchi Konstitutsiyada ko‘zda tutilgan hayot, sog‘liq va shaxsiy mol-mulk muhofazalanishini ta’minlab beryaptimi?

Agar “o‘zini yakkalash” rejimi davri ancha uzoq vaqtga – kamida may oxirigacha – cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, karantinga jo‘natilgan kamida bir necha million ishlovchi vatandosh hademay tirikchilik uchun pulsiz qolishi mumkin.

Prezident 3 aprelda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarin to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unda kichik va o‘rta biznes uchun, asosan, turli soliqlar va kreditlarni to‘lash vaqtini cho‘zish ko‘zda tutilgan. Vaqti cho‘ziladigan to‘lovlar miqdori qattiq valyutaga aylantirilsa, taxminan, 2 millard dollar bo‘ladi. Hukumat ushbu pul miqdorini yo‘qotmayapti, faqat uni keyinroq olishga rozi bo‘lyapti. Hukumatning soliqlar, bojlar va aksizlarni kamaytirish ko‘rinishidagi sof bilvosita subsidiyalari miqdori 220 million AQSh dollari bo‘lyapti. Ushbu choralar biznes ahvolini yengillashtiradi, biroq uning asosiy yo‘qotishlari oldini olishi dargumon.

Oilalarni oladigan bo‘lsak, farzandli oilalarga yordam berish choralari ko‘zda tutilgan – ularga nafaqa to‘lash muddati uzaytiriladi. Ushbu nafaqalar miqdori juda kam, qattiq valyutaga aylantirilsa, o‘rtagacha oyiga 20 dollar bo‘ladi (2 yoshgacha bo‘lgan farzandi bor oilalarga esa – 41 dollar). Yana shaxsiy daromadlardan soliq to‘lash muddati ham uzaytiriladi, bu shaxsiy mehnat bilan band kishilar ishini bir oz yengillashtiradi. Bir so‘z bilan aytganda, davlatning aholini qo‘llab-quvvatlashga sarflaydigan bevosita va bilvosita xarajatlari kichik va o‘rta biznes uchun ajratiladigan mablag‘laridan kam.

Biroq aholining majburiy tarzda “o‘zini yakkalash” rejimiga jo‘natilgan qismi uchun hech qanday tovon puli to‘lanmaydi. Ular qancha? Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, rasmiy sektorda 5,6 million, norasmiy sektorda 7,8 million – jami 13,4 million kishi mehnat faoliyati bilan band. 13,4 million kishining oilasi ham bor. Ushbu band kishilarning unchalik ko‘p bo‘lmagan qismi 25 martda mehnat va bandlik vazirining 9-2020-buyrug‘i bilan uyda o‘tirib ishlash rejimiga jo‘natildi, ya’ni ularga uydan ishlashiga ruxsat berildi. Ular onlayn rejimida ishlashi mumkin bo‘lgan kishilardir. Bunday xodimlar sirasiga ofis xodimlari, yuqori sinf va oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari kiradi. O‘qituvchilarga leksiyalarini raqamli formatda tayyorlash yoki Internetda dars o‘tish topshirilgan. Majburiy karantindan “o‘zini yakkalash” rejimi taalluqli bo‘lmagan qo‘rg‘on va qishloqlar aholisi qutulib qoladi.

Nihoyat, o‘ta muhim xodimlar deb ataluvchi do‘kon sotuvchilari, tibbiyot va kommunal xizmat xodimlari, politsiya va boshqalar “o‘zini yakkalash” rejimidan ozod etilgan. Lekin olinayotgan xabarlarga qaraganda, boshqa ishlab chiqarish sohalari, masalan, qurilish sohasi xodimlariga ham “o‘zini yakkalash” rejimiga rioya qilmaslikka ruxsat berilgan. Egasi hukmron elita – a’yonlar va boshqa ta’sir kuchiga ega, oligarxlar deb ataluvchi shaxslar bo‘lgan yirik korxonalar ishchilariga ham bunday rejimning daxli yo‘q, degan gumonlar bor.

Shu tariqa, agar “o‘zini yakkalash” rejimi davri ancha uzoq vaqtga – kamida may oxirigacha – cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, karantinga jo‘natilgan kamida bir necha million ishlovchi vatandosh hademay tirikchilik uchun pulsiz qolishi mumkin. Ularni faqat hukumat ajratishi kerak bo‘lgan subsidiyalar qutqara oladi. Ko‘plab davlatlar, ayniqsa, Yevropadagi mamlakatlar shunday yo‘l tutmoqda.

Hukumatning bunday yordam berish uchun mablag‘i yetadimi? O‘zbekiston davlat byudjetining daromad qismi – 10,26 milliard dollar. Undan biror arzirlik pul miqdorini ajratib olish uchun hukumat o‘z faoliyatini taftish qilishi, xarajatlarning ayni damda o‘ta muhim bo‘lmagan ko‘plab moddalaridan voz kechishi zarur bo‘ladi. Lekin hozircha bu ish qilingani yo‘q.

Yana mamlakatning 27 milliard dollarlik oltin-valyuta zaxiralariga ham umid bor. Undan yirik shaharlarning ishlovchi aholisiga tovon puli sifatida zarur bo‘lgan 1-2 millard dollar sarflanadigan bo‘lsa, bu mamlakat iqtisodiyoti uchun juda og‘ir yo‘qotish bo‘lmaydi. Boz ustiga, ushbu mablag‘ to‘laligicha iqtisodiyotga iste’mol talabi sifatida qaytib keladi va savdo-sotiqni jonlantirib yuboradi.

Yana mamlakatning 27 milliard dollarlik oltin-valyuta zaxiralariga ham umid bor. Undan yirik shaharlarning ishlovchi aholisiga tovon puli sifatida zarur bo‘lgan 1-2 millard dollar sarflanadigan bo‘lsa, bu mamlakat iqtisodiyoti uchun juda og‘ir yo‘qotish bo‘lmaydi. Boz ustiga, ushbu mablag‘ to‘laligicha iqtisodiyotga iste’mol talabi sifatida qaytib keladi va savdo-sotiqni jonlantirib yuboradi. XX asrning 30-yillarida Franklin Delano Ruzvelt Amerikani depressiya holatidan olib chiqish uchun shunday yo‘l tutgan edi. Uning hukumati pulni aholiga bozorda sarflab, iqtisodiyotni rag‘batlantirishi uchun turli subsidiyalar ko‘rinishida tarqatgan edi.

Afsuski, O‘zbekiston hukumatini xarajatlarning bunday istiqboli qoniqtirmaydi. U yerdagilar “ishqilib, ortiqcha pul sarf bo‘lib ketmasin” prinsipi bilan fikrlaydi. Shuning uchun vatandoshlari farovonligi uchun mas’uliyatni har xil hiyla-nayranglar bilan yashirishga harakat qiladi. Vaholanki, bunday mas’uliyatni ijtimoiy adolat prinsiplari va mamlakat qonunlari taqozo qiladi. Hukumatdagilar vatandoshlari ortidagi huquqiy majburiyatlarini bekitish uchun karantin vaqtidagi cheklov choralarini joriy etishga ruxsat beradigan hujjatlarni e’lon qilishdan qochadi. Ko‘ryapmizki, de-yure (qonunan) majburiy “o‘zini yakkalash” yo‘q, ammo u de-fakto (amalda) mavjuddir.

Ushbu g‘ayritabiiy holat mamlakatning paxta yetishtirish sohasida majburiy mehnat amaliyotini esga soladi: mamlakat qonunlari bunday amaliyotni taqiqlaydi, lekin majburiy mehnat amalda ommaviy va tizimli tarzda mavjud. Bunday vaziyat yana bir karra O‘zbekiston qonun ustuvorligidan qanchalik uzoqda ekanidan dalolat bermoqda.

Alisher Ilhomov, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi.

***

OzodTahlilchi - Ozodlikning yangi rukni. Unda turli soha mutaxassislari, ekspertlar, publitsist, jurnalist va blogerlarning Ozodlik o‘quvchilari uchun yozgan tahliliy maqolalari e’lon qilib boriladi.

OzodTahlilchida, shuningdek, Ozodlik formatida bo‘lmagan luqmalar, sharhlar, chizgilarga, bir so‘z bilan aytganda, mualliflarning kundalik voqea-hodisalarga munosabatlari aks etgan matnlarga o‘rin beriladi.

OzodTahlilchida e’lon qilinadigan material muallifi qarashlari Ozodlik qarashlari ifodasi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG