Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:04

Toshkent o‘qituvchilaridan Mirziyoyevning karantin siyosatini maqtovchi “troll” sifatida foydalanilmoqda


►Toshkentdagi yuzlab o‘qituvchi va ota-onalar hukumatning trollari sifatida ishlatilmoqda.

24-25 aprel kunlari Ozodlik radiosining Telegram raqamlariga o‘qituvchilardan prezident Mirziyoyev, Milliy gvardiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash xodimlari ulug‘langan bir xil mazmundagi yuzlab xat keldi.

Bu xatlarni yuborganlardan ayrimlari bilan yozishmalardan Ozodlikka bunday madhiyalarni Toshkent Xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati topshirig‘i bilan yozayotganlari ma’lum bo‘ldi.

Ozodlikka bir kunda yuzlab bir xil mazmundagi xatlar yuborildi
Ozodlikka bir kunda yuzlab bir xil mazmundagi xatlar yuborildi


Xususan¸ "Trollar fabrikasi" uslubidagi spam xatlar yuborishga asoslangan tashviqot kampaniyasiga Toshkent shahar Olmazor tumani o‘qituvchi va murabbiylari safarbar qilindi. Sinov tariqasida ayni tajriba O‘zbekistondagi parlament saylovlari davomida ham qo‘llanilgan. O‘qituvchilarga Ozodlik radiosiga yuboriladigan “Prezidentga tashakkurnoma xati” namunasi berilgan.

“Yurtimizga tushgan shunday bir sinovli kunlarda Vatanimiz prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan barcha harakatlar oqil va to‘g‘ri deb baholaymiz… jonini xatarga qo‘yib bemorlarning hayotini saqlashga harakat qilayotgan tibbiyot xodimlarining xizmatlari beqiyos...kun-u tun sodiqlik bilan xizmat qilayotgan ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari olib borayotgan ishlari bu Vatanimizning tinchligi va ravnaqi uchundir. Shuning uchun ularga ta’zim qilgan holda tashakkur bildiramiz. Biz ham bir bo‘lib o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Olmazor tumani … o‘qituvchilari”

O‘qituvchilarga ushbu namuna xatidan chetga chiqib qo‘shimcha tashakkur bildirish ham tavsiya qilingan.

Misol, 28-maktab o‘qituvchisi Musaxo‘jayeva Munisxon “xalqparvar Shavkat Mirziyoyev” boshchiligidagi hukumatni O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallangan bemorlar BEPUL davolanayotgani uchun olqishlagan. “Dunyodagi rivojlangan davlatlarda esa davolash pullik”¸ deya iddao qiladi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. (haqiqatdan yiroq ayni iddao boshqa xatlarda ham bor - tahr.)

Maktublarda prezidentga nisbatan “mehribon yurtboshimiz”, “haqiqiy karvonboshi” kabi epitetlar ishlatiladi.

Rahbariyat uchun “trollik” qilish topshirig‘i¸ Xalq ta’limi rahbariyati tomonidan o‘qituvchilarga ham Telegramda ochilgan guruh orqali yuborilgan.

XTB mulozimining Telegram orqali yozgan topshirig‘i
XTB mulozimining Telegram orqali yozgan topshirig‘i

Ozodlik muxbiri bu topshiriqni olgan bir nechta o‘qituvchi va ota-ona bilan muloqotda bo‘ldi.

Ota-onalar topshiriqni bolalari o‘qiyotgan sinf rahbaridan olishgan bo‘lsa, o‘qituvchilar maktab direktorlaridan, direktorlar esa XTB dan, XTB esa “tegishli tashkilot” dan olishgani ayonlashdi.

Maktab direktorlaridan biri yozgan topshiriq
Maktab direktorlaridan biri yozgan topshiriq

Masalan¸ Olmazor tumani o‘qituvchilariga Telegram orqali topshiriqni Olmazor tuman Xalq ta’limining Yaxshigul Shadiyeva (Nasimovna) ismli mulozimi yuborgan.

Hurmatli direktorlar¸ bugungi kunda dunyoni tashvishga solib turgan taxlikali vaziyatda yurtimizda amalga oshirilayotgan ijobiy chora tadbirlarni yuqoridagi kabi (berilgan namunaga ishora)ijobiy fikrlar bilan keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida sizlardan faol bo‘lishingizni iltimos qilaman”, deb yozadi Shadiyeva.

Shadiyeva o‘qituvchi va ota-onalardan Telegram tarmog‘i orqali yuborilgan matn bo‘yicha hisobotni “skrinshot” qilib “rayono” xodimi Shohida Hakimovaga yuborishni so‘raydi(Shohida Hakimovaga yuborilgan skrinshotlar ham Ozodlik tasarrufida mavjud).

O‘z Telegram topshirig‘ida Shadiyeva bu kabi tizimda saylov arafasida ish olib borilgani va “tegishli tashkilotlar” yana bir bor shunga o‘xshagan holda “tizimli targ‘ibot” olib borishni so‘rayotganini eslatib o‘tadi.

2019 yil parlament saylovi davomida Mirzo Ulug‘bek XTB mudiri bo‘lgan Yaxshigul Shadiyeva 140-okrug saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari bo‘lgan.

Parlament saylovi davomida Ozodlik Telegram akkauntlariga O‘zbekistondagi saylovlar “a’lo darajada” o‘tganini ta’kidlovchi yuzlab maktublar yuborilgan edi. Endi esa ayni raqamlardan pandemiyaga qarshi hukumat choralarini maqtovchi xatlar kelmoqda.

O‘qituvchilar avval ham kibertashviqotga jalb qilingan
O‘qituvchilar avval ham kibertashviqotga jalb qilingan


"Bu kabi munozarali targ‘ibotda qatnashish so‘roviga o‘z ixtiyoringiz bilan rozi bo‘ldingizmi?", degan savolga o‘qituvchilardan biri, "maktab direktorining gapini ikki qilolmasligini" aytish bilan cheklandi.

Ozodlik gaplashgan "tashviqotchi" onalardan biri:

- Ochig‘ini aytsam, kimga va nima uchun tashakkur aytishim kerakligini anglaolmay qoldim¸ lekin tezda yozib beraverdim, dedi.

Milliy trollar fabrikasi yaratilishi vaqt masalasimi?

Norasmiy “Trollar fabrikasi”ning uyushtirilishi O‘zbekistonda avval ham kuzatilgan. Bu kabi muvofiqlashtirilgan kampaniyaning Yoshlar Ittifoqi, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (TATU), Gulnora Karimovaning "O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi" jamg‘armasi (Fond Forum), Milliy xavfsizlik xizmati, AOKA va boshqa tashkilotlar tomonidan uyushtirilgani aytilgan.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yaqinda “rasman trollar fabrikasini tuzish urinishi” deb atash mumkin bo‘lgan tashabbus bilan chiqdi.

2020 yil 10 aprel kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Ichki ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan hujjatda Yoshlar ittifoqi a’zolari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari va ko‘ngilli yoshlar ishtirokida “vatanparvar blogerlar virtual guruhini tuzish” taklif qilindi.

25 aprel kuniga qadar belgilangan muhokama sanasi qanday qaror bilan yakunlangani ma’lum hozircha ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG