Линклар

Шошилинч хабар
09 июл 2020, Тошкент вақти: 07:07

Moskvada koronavirus yuqtirgan muhojirlarga yordam markazi ishga tushdi


Moskvada COVID-19 virusi bilan kasallangan xorijliklar uchun Jamoatchilik kengashi deb atalgan guruhning maxsus koll-markazi tashkil etildi.

Guruh o‘zining virus yuqtirgan markaziy osiyoliklarga moddiy-ma’naviy va yuridik ko‘mak ko‘rsatishini aytmoqda.

Aprel o‘rtalarida tuzilgan Jamoatchilik kengashi faoliyatiga Moskvadagi huquq faollari, yuristlar va ko‘ngillilar jalb etildi.

Muhojirlar bepul yuristi Valentina Chupik Jamoatchilik Kengashi hozircha faqat koronavirus bilan kasallangan va tashqi dunyo bilan aloqasi uzilgan muhojirlar, jumladan o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga ko‘mak berayotganini bildirdi.

- Biz yaqinda, 15 aprel kuni ish boshladik. Asosiy vazifamiz - koronavirusga chalingan migrantlar va ular bilan birga yashayotgan odamlarga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish. Shuningdek biz, imkon qadar, ularga moddiy yordam ko‘rsatamiz, yotog‘i va kvartirasi ijara pulini to‘lab beramiz, dedi Valentina Chupik.

Suhbatdoshga ko‘ra, Moskvada tashkil etilgan operativ shtab koronavirus aniqlangan muhojirlardan telefon orqali zaruriy yordam to‘g‘risida ma’lumot olib, u yerga ko‘ngillilardan iborat guruh yuborilishini ta’minlaydi.

Yordam koronavirus bilan kasallangan muhojirlarga yetkazilmoqda.
Yordam koronavirus bilan kasallangan muhojirlarga yetkazilmoqda.

Qo‘mita har bir yordamga muhtoj bo‘lgan shaxsga bir oyga zarur bo‘lgan oziq-ovqat va zaruriy dori-darmon bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga olishini aytmoqda.

Koronavirus bilan kasallangan muhojirlarga yordam¸ kengash yetakchilari ta’kidicha¸ Rossiyadagi tadbirkorlar va oddiy muhojirlar xayriya o‘tkazmalari hisobiga amalga oshirilmoqda.

Ozodlik ixtiyorida hozirgacha yig‘ilgan xayriya mablag‘ining miqdori va uning aynan qancha muhojirga yordam uchun sarflanganiga oid aniq raqamlar yo‘q.

Shuningdek, tuzilma xodimlari kasallik yuqtirib olgan xorijliklarga tibbiy yordam chaqirish va davolanish bo‘yicha maslahat berishda vositachilik qilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan Moskvada virus yuqtirgan o‘zbekistonlik muhojirlardan biri uyda davolanayotgani va mahalliy qonunchilikka ko‘ra, ko‘chaga chiqish mutlaqo taqiqlanganini bildirdi.

Kvartirasida 4 nafar bo‘lgan o‘zbekistonlik ularga yordam beruvchi tashkilot ko‘ngillilari yetarli oziq-ovqat va dorilar bilan ta’minlayotganini aytdi.

- Xonada 4 kishi turardik. Ikki sherigimizda koronavirus aniqlandi, harorati yuqori bo‘lgani uchun kasalxonaga olib ketishdi. Qolgan ikki kishida ham bor ekan virus, faqat ahvolimiz durust. Bizga uydan chiqmaslik to‘g‘risida hujjatga imzo chektirishdi. Biz qanday oziq-ovqat sotib olamiz, dorilarni qanday sotib olamiz? Shu tuzilgan tashkilotga murojaat qilgan edik, ular bizning dorilarimizni olib berishdi, oziq-ovqatlar bilan ta’minlayapti. Ko‘ngillilardan kimdir buyumlarni olib kelib, eshigimiz tagiga qo‘yib ketyapti, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik muhojir yigit.

Ko‘ngillilar oziq-ovqat va dori-darmonni shu tarzda qoldirib ketmoqda
Ko‘ngillilar oziq-ovqat va dori-darmonni shu tarzda qoldirib ketmoqda

Jamoatchilik Kengashi tuzgan Axborot markazida kasallangan migrantlar uchun o‘zbek, rus, tojik va qirg‘iz tillarida so‘zlashuvchi operatorlar faoliyat yuritmoqda.

Koronavirus bilan kasallangani rasman tasdiqlangan va og‘ir ahvolda bo‘lgan xorij grajdanlari +7 903 561 8585 yagona raqami orqali call-markazga murojaat qilishlari mumkinligi aytildi.

Rossiyaning turli mintaqalaridan mehnat muhojirlari yagona telefon raqamlari orqali Axborot markaziga murojaat qilishi lozim ekanligini aytildi.

Jamoatchilik Kengashi a’zolarining Ozodlikka bildirishicha, muhojirlarga yuridik va psixologik yordam ham ko‘rsatilmoqda. Hozircha koronavirus bilan kasallangan migrantlar soniga oid biror aniq ma’lumotlar yo‘q.

Kengash mablag‘ yrtarli emasligi sababli hozircha yordam kuchlari asosan kasallangan muhojirlar va ular bilan birga yashab kelayotganlarga mo‘ljallanganligini bildirmoqda.

Rus hukumatining rasmiy sayti ma’lumoticha, bugungi kunga kelib, Rossiyada COVID-19 yuqtirganlar soni 93,5 mingdan oshdi, o‘lganlar esa 867 kishiga yetdi.

Ozodlik Rossiyada virusdan kun sayin ko‘payib borayotgan kasallanganlar orasida markaziy osiyolik muhojirlar ham aniqlanayotgani haqida xabar berib kelmoqda.

Ulardan biri - Rossiyaning Voronej shahrida koronavirusga chalingan o‘zbekistonlik muhojir vafot etdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG