Линклар

Шошилинч хабар
10 июл 2020, Тошкент вақти: 11:24

Hujjat: "Saxovat va ko‘mak" fondiga oylikning bir qismini o‘tkazish majburiy tus oldi!


"Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasidan tarqatilayotgan yordam, aprel, 2020

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ochilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi uchun davlat va jamoat tashkilotlari ishchilaridan, Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan yoppasiga pul yig‘ilmoqda.

6 may kun Ozodlikka nusxasi yo‘llangan hujjatda, Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan, pul yig‘imlarini keng ko‘lamda ta’minlash so‘ralgan.

Keyingi ikki hafta ichida Ozodlikka respublikadagi turli tashkilot ishchilaridan oylik maoshining rahbarlar belgilab bergan qismini jamg‘armaga o‘tkazishga majburlanayotgani haqidagi ko‘plab xabarlar kelmoqda.

Xizmat xati

Ozodlikka kelib tushgan hujjat - 29 aprel sanasi bilan Navoiy viloyatidagi Markaziy kon boshqarmasi (MKB) rahbarlariga yo‘llangan Xizmat xatidir.

Xizmat xatiga: "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasiga beg‘araz yordam" deb nom berilgan.

Hujjatga MKB kadrlar bo‘limi rahbari A.T.Xamidov imzo chekkan.

Unda Vazirlar Mahkamasining shu yil 22 apreldagi 213-f sonli farmoyishiga asosan, tashkilot rahbarlariga, avvalo ishchilar orasida "targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish" keyin esa "ixtiyoriy ravishda" bu jamg‘armaga "pul o‘tkazib berish so‘ralgan".

Bu farmoyish bilan O‘zbekistonda "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi tashkil etilgan.

"Ushbu farmoyishning ijrosini ta’minlash maqsadida hamda ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida Siz rahbarlik qilayotgan bo‘linma ishchi xodimlari o‘rtasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borib, ixtiyoriy ravishda qaydnoma asosida ushbu jamg‘armaga moddiy mablag‘ o‘tkazishingizni so‘raymiz", deyiladi hujjatda.

Ushbu Xizmat xati mazmunidan, ishchilardan qaydnoma - pulni o‘z roziligi bilan berayotgani haqidagi imzo va ishchilar ro‘yxati asosida fondga mablag‘ o‘tkazish so‘ralayotganini tushunish mumkin.

6 aprel kuni Ozodlikka yo‘llangan Xizmat xati nusxasi, 2020
6 aprel kuni Ozodlikka yo‘llangan Xizmat xati nusxasi, 2020

Hujjat ostiga esa quyi bo‘g‘indagi rahbar "ko‘lam ta’minlansin" mazmunida imzo chekkan va 30 aprel sanasi bilan qabul qilib olganini qayd etgan.

Ozodlik hujjatda nomi qayd etilgan mutasaddilarga bog‘lanishga urindi.

Kombinat qabulxonasida telefon go‘shagini ko‘targan xodim fond uchun xayriya pullari yig‘ilayotganini tasdiqladi, ammo qo‘shimcha ma’lumot olish uchun rahbarlar bilan bog‘lanishni tavsiya etdi.

Bu xodim bergan telefon raqamlari orqali hozircha ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Kombinat ishchilarining maoshi yoppasiga ushlab qolinmoqda

Ozodlik mana shu Xizmat xati asosida oylik maoshining 20 foizini "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasiga o‘tkazib bergan ishchilardan birining ayoli bilan gaplashdi.

Ayolning turmush o‘rtog‘i Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinatida ishlaydi.

Ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan ayolning Ozodlikka aytishicha, 5 may kuni eri bilan bir bo‘linmada ishlayotgan har bir ishchiga "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasiga oylik maoshining rahbar belgilab bergan qismini ixtiyoriy ravishda o‘tkazib berayotgani haqidagi qog‘ozga majburan qo‘l qo‘ydirilgan.

(Ayol erining shaxsi va u ishlaydigan bo‘linmaga oid ma’lumotlarni ham oshkor qilmaslikni so‘radi - tahr.)

"Mening erim o‘z ixtiyorim bilan 1 million so‘m oylikni o‘tkazib beraman, deb qo‘l qo‘yib beribdi. Yana 10 milliondan oshiq oylik oladiganlar bor ekan, ulardan 3 million so‘mdan o‘tkazib berasizlar, deyishibdi. Markaziy Kon boshqarmasidan xat kelibdi. Sizlar katta kombinatda ishlaysizlar, oyliklaring katta, shuning uchun 1 milliondan 3 million so‘mgacha pul o‘tkazasizlar, deb majburlashibdi", dedi bu ayol.

Suhbatdoshning aytishicha, ayni kombinat ishchilari mart oyidagi maoshidan ham 1 kunlik ish haqini Navro‘z hashari uchun, yana bir kunlik haqini karantindan qiynalganlar uchun majburiy-ixtiyoriy ravishda ehson qilishgan:

"Endi esa 1 million so‘mga chiqdi. Yana rahbarlari aytishibdiki: "Mamlakatda vaziyat og‘ir, bu hozircha boshlanishi, yana yig‘imlar bo‘lishi mumkin, yurtga shu kunda yordam bermasanglar, qachon yordam berasizlar?" degan gaplarni qilishibdi. Norozi bo‘lganlarni muammo topib, oyligini kesish bilan qo‘rqitishgan. Bu endi insofsizlik! Televizorda aytyaptiku, jabrlanganlarga yordamni davlat o‘z byudjetidan qoplayapti, deb. Bu kombinatda ertadan kechgacha chang yutib ishlagan ishchilarning pulini nega yig‘ishyapti, qaysi haq bilan yig‘yapti? Bu savollarga hech kim javob bermaydi".

Suhbat yakunida bu ayol O‘zbekistonning boshiga kelgan og‘ir kunda yordamga hozirligi, ammo xayriyaning majburiy tarzda, qo‘rqitishlar bilan, buning ustiga rahbarlar belgilab bergan summada yoppasiga yig‘ib olishini aslo ma’qullamasligini alohida qo‘shimcha qildi. ​

NGMK da 10 ming ishchi bor

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 1958 yilda Uchquduqda topilgan uran zaxiralarini qazib olish va qayta ishlash uchun tashkil etilgan.

Rasmiy saytida qayd etilishicha, hozirda kombinatda 20 ga yaqin bo‘linma bor va bu bo‘linmalarda 10 mingdan ortiq oliy ma’lumotli xodim ishlaydi.

Buncha sondagi xodimlar maoshining 20 foizini majburiy-ixtiyoriy ushlab qolinishi borasida korxona rahbariyatidan biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

"Saxovat va ko‘mak" fondiga yoppasiga pul yig‘ilmoqda

"Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hukumat qarori bilan shu yilning 22 aprelida ochilgan.

Bunday fondni ochish tashabbusini o‘sha kuni o‘tgan selektorda prezident Mirziyoyev ilgari surgan va mamlakatdagi tadbirkorlar hamda boshqa saxovatpesha insonlarni bu fondga xayr qilishga chaqirgandi:

- Shu ma’noda, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Saxovatli insonning boshiga jannat daraxtlari soya soladi” degan so‘zlarida chuqur hikmat bor, albatta.

Men, mana shu tashabbusni chin dildan qo‘llab-quvvatlab, bu savobli ishga munosib hissa qo‘shayotgan barcha vatandoshlarimizga, saxovatli tadbirkorlarimizga muqaddas kitoblarimizda aytilgan: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, degan gapni yana bir bor eslatmoqchiman.

Jamg‘arma pullari ehtiyojmandlar, karantin bois o‘z daromadini yo‘qotgan vaqtincha ishsiz fuqarolarga pul mablag‘lari yoki kundalik iste’mol tovarlari shaklida berilishi aytilgan.

Fond "Mahalla" xayriya jamoat fondi huzurida tashkil etilgan. Unga yig‘ilgan pullarni esa "Mahalla" fondi Vasiylik kengashi hamda viloyatlar, tumanlarda xalq deputatlari kengashlari taqsimlab beradi.

Vazirlar Mahkamasi farmoyishida ushbu fond mablag‘lari "homiylik va xayriya mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, mahalliy byudjetlar daromadining rejadan ortiq bajarilishidan tushgan mablag‘larning bir qismi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilishi" aytilgan edi.

So‘nggi ikki hafta ichida "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasiga mamlakat miqyosidagi turli davlat va jamoat tashkilotlari ishchilaridan majburiy ravishda pul yig‘imlari ko‘payayotgani haqida Ozodlikka ko‘plab shikoyatlar kelmoqda.

Shikoyatlarda ko‘mak ixtiyoriy ravishda yig‘ilmayotgani, aksincha, rahbarlar ma’lum bir summani belgilab olib, ishchilarning barchasidan o‘sha summani fondga o‘tkazib berishni talab qilayotganidan norozilik bildirilmoqda.

Tashklotlar rahbarlari esa bunday yig‘imlar ortidan rasmiy tarmoqlarda "Ishchilarimiz o‘z ixtiyori bilan bir kunlik oyligini o‘tkazib berdi", degan hisobotlarni taqdim qilmoqda.

Bu boradagi boshqa tafsilotlarni Ozodlikning jonli blogida o‘qing:

XS
SM
MD
LG