Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:17

Sardoba falokati: Toshqindan uysizga aylanganlar yerining olib qo‘yilib¸ “dom”ga chiqarilishidan xavotirda (VIDEO)


FVV va Milliy gvardiya suv bosgan hududlardagi elektr¸ gaz¸ suv va aloqa ta’minotini tiklash ishlarini olib bormoqda.
FVV va Milliy gvardiya suv bosgan hududlardagi elektr¸ gaz¸ suv va aloqa ta’minotini tiklash ishlarini olib bormoqda.

1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida uysiz qolgan sirdaryoliklar Ozodlikka har biri 8 sotixdan 30 sotixgacha bo‘lgan hovlilar o‘rniga hashar yo‘li bilan quriladigan arzon domlarga chiqishni istamasligi¸ hukumat buzilgan uyi o‘rnida yangisini tiklab berish mas’uliyatini zimmasiga olishi lozimligini aytmoqda.​

Prezidentning 1 may kungi farmoyishida toshqin oqibatida uysiz qolgan aholi uchun zudlik bilan 50 ta ko‘pqavatli uy “davlat hisobidan beg‘araz” qurib berilishi aytilgan.

Suv omborida to‘g‘on yorilishi oqibatida 5000 ga yaqin hovli suv ichida qoldi.

Toshqindan so‘ng bir necha kun yoqqan yomg‘ir esa¸ ayrim joylarda ikki metrgacha suv ichida qolgan uylarning qulashini yanada tezlashtirdi.

Buldozerlar uylar qoldiqlarini tekislashni boshladi...

Sirdaryoliklarning Ozodlikka aytishicha¸ suv omborining kun botish tomonidagi, aholi o‘rtasida 9¸ 1 va 1A sovxoz deb ataladigan hududlar ikki metrcha suv tagida qolgan va 11 maygacha bu hududlardagi uylarning hammasi qulab tushgan.

Bugundan bu hududlarda yalpi hashar boshlandi¸ buldozerlar ishga tushdi. Bir chekkadan hamma qolgan-qutgan uylarni buzib¸ tozalayapti. Sirdaryodagi aksar byudjet tashkilotlari odam yuborishni boshladi. FVV¸ IIV va Milliy gvardiya bilan bir qatorda byudjetchilar ham ana shu qora ishlarga tashlandi. Bungacha uyiga qaytib¸ qolgan-qutganini yig‘ishtirganlar¸ olishga ulgurdi¸qolganlarning uyi tep-tekis qilinyapti”¸ dedi bevosita shu hududda yashovchilardan biri.

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ uyi va uning ichidagi bor narsasidan ajragan aholining bir qismi qo‘shni hududlardan kelganlarga uyidan chiqqan taxta va yog‘ochini arzimagan pulga sotgan¸ qolganlar esa¸ 11 mayga qadar o‘z uyini o‘zi buzib¸ undan chiqqan narsani yangi qurilishiga olishga uringan.

Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa mahallasida yashovchi Zafar Qurbonovning 8 sotixlik hovli-joyi suv tagida qolgan.

Oilasi qo‘shni tumandagi maktabda evakuatsiyada qolayotgan bir paytda¸ Qurbonov hovlisiga qaytib¸ nimaniki qutqarish mumkin bo‘lsa¸ shuni qutqarishga uringanini aytadi.

-Taxta¸ yog‘och¸ mix¸ nimaiki bo‘lsa¸ yig‘ishtirib olishga urindim. Toshqin yetmaganidek¸ undan keyin yana uch-to‘rt kun yomg‘ir ham yog‘di. Hokimiyat bitta rezina etik berishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Yalangoyoq loyli suvda uyimdan qolganini o‘zim buzyapman. Ertaga yangi hovli quradigan bo‘lsam¸ kerak bo‘ladi¸ deb.

Qurbonov Ozodlikka 10 may kuni hovlisi o‘rnida qolgan vayronagarchilik manzarasi aks etgan videoni ham yubordi.

Сардобаликлар сув тагида қолган уйларини батамом бузишни бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:53 0:00

Zafar Qurbonovning aytishicha¸ 11 may kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi¸ IIV va Milliy gvardiya xodimlari o‘z mahallasidagi yo‘llarni tekislash¸ vayronagarchilikni tozalashga kirishgan.

“Ammo hokimiyatning uysiz qolganlar savollariga javob bermayotgani men kabilarni yanada tang holda qoldiryapti”¸ - deydi Qurbonov, - Hokimiyatdan kelib¸ xatlov qilib ketishdi. Qancha imorat yiqilgan¸ ichida nima bor edi¸ ko‘rpa-to‘shakdan to televizorgacha aytdik¸ yozib olib ketishdi. Lekin asosiy savolimizga hech kim javob bermayapti. Hukumat bizga o‘z hovlimiz o‘rnida yangi uy tiklab beradimi¸ yoki hammamizni yoppasiga cho‘lda quriladigan domlarga ko‘chishga majbur qiladimi? Masalan¸ mening hovli-joyim 8 sotix. Parnik qilib¸ tirikchilik qilardim. Hammasidan ajradim. Umuman uyqum yo‘q¸ ertani o‘ylab. Endi shuncha yo‘qotishim yetmagandek¸ gipsokartondan pala-partish quriladigan arzon domlarga ko‘chishga majburlasa¸ bu borib turgan adolatsizlik bo‘ladiku! Men hokimiyatdan o‘z yerimda yangi uy qurib berishini so‘rayman¸ deydi Qurbonov.

Uyi suv ostida qolgan yana ayrim sirdaryoliklar ham¸ cho‘l hududida katta hovlidan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga majburiy ko‘chirish yalpi tus olsa¸ bundan qattiq norozi bo‘lishini bildirdi.

Bizga suv omboriga yaqin hududlardagi aholi punktlari butunlay tozalanib¸ sizlar Oqoltin tomonda yangi quriladigan domga ko‘chasizlar. Sizlarga 20 yilga imtiyozli kredit bilan tayyor uylar beriladi¸ degan gap qilishdi. Ie¸ ham bularning kasofatiga hamma narsamizdan ajraylik¸ ham hovlidan domga ko‘chaylik¸ bu ham yetmagandek¸ bu dom uchun ipoteka to‘laylikmi? Bizga uyimiz o‘rniga uy qurib bersin”¸ dedi suv ombori to‘g‘oni yorilishidan eng katta talofat ko‘rgan hududda yashovchilardan yana biri.

Hokimiyat nima deydi?

Sirdaryo viloyat hokimligining Ozodlik 11 may kuni bog‘langan rasmiysi¸ 10 may kuni Bosh vazir Abdulla Aripov suv bosgan hududlarga kelib¸ aholi vakillari bilan uchrashganini bildirdi.

Kecha Bosh vazir qurilishga start berib ketdi. Hozircha yangi uylarning aniq qaysi hududda qurilishidan xabarim yo‘q. Bu masalani Toshkent hal qiladi. Ikki xil variant bor. Bittasi¸ suv bosgan uylarni tekislab chiqib¸ ular o‘rnida prezident aytgandek¸ yangi shahar qurish. Ikkinchisi¸ bu hududlarni tekislab¸ tozalab¸ ombordan uzoq hududda yangidan uylar qurish. Bu uylar ham namunaviy uylar tipida¸ ham ko‘p qavatli bo‘ladi¸ degan gaplar bor. Aniq proyekt Toshkentdan keladi¸ hozircha bizda yo‘q”¸ dedi viloyat hokimligi rasmiysi.

(O‘zbekiston tomonda hali suv bosgan hududlar tozalanmay turib¸ Toshkent qo‘shni Qozog‘istonga yetkazilgan zarar badalini o‘tashga kirishdi.)

Sardoba falokati oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tuzilgan Sirdaryo viloyat shtabining Ozodlik gaplashgan vakili ham shunga yaqin ma’lumot berdi.

Kecha Bosh vazir keldi. Lekin bu hududda asosan tozalanish ishlari bo‘lyapti. Suvlar to‘xtatilganidan keyin hashar ishlari boshlangan. Qayta ta’mirlash¸ gaz¸ suv¸ elektr¸ aloqa qaytadan tiklanyapti. Joylar tozalanib¸kimning xonadoni haqiqatan buzilganinini aniqlash ketyapti. Mahalla vazirligi¸ Qurilish vazirligi ishlayapti. Qurilish¸ shular aniq bo‘lgandan keyin boshlanadi. Hovlisi o‘rnida hovli qurib beriladimi¸ yoki boshqa joyga ko‘chiriladimi¸ biz ham bilmaymiz buni. Ko‘p qavatli uylarning Mirzacho‘lga chiqishda Abdualim posti bor¸ Oqoltin 17 ga yetmasdan¸ o‘sha yerdan quriladi¸ degan gap bor. Hozir birinchi ishimiz kim¸ qancha talofat ko‘rganini aniqlab¸ aniq manzili va qiymati ishlab chiqilyapti. Lekin qaerda va qachon qurilish bo‘lishni hali bilmaymiz”¸ dedi Sardoba falokati bo‘yicha tuzilgan Sirdaryo viloyat shtabi mulozimi.

Tendersiz tender boshlandi

Sirdaryodagi qurilish shirkatlaridan birida ishlovchi Ozodlik suhbatdoshi¸ kechadan boshlab viloyatdagi aksar qurilish tashkilotlari uyidan ajraganlarga turar-joy qurilishi uchun tenderda qatnashishga ariza topshira boshlaganini bildirdi.

Hozir hamma quruvchi shirkat shu tenderdan ulush olishga harakat boshlagan. Namunali uylar tipidagi uylar¸ maktab-bog‘chalar quriladi¸ yangi shahar bo‘ladi¸ deyapti. Lekin bu tender ham nomiga bo‘ladiganga o‘xshayapti. Tenderni yana hokimiyat hal qiladi. O‘zinikilardan ortishiga ishonmayapmiz¸ lekin biz ham tender qatnashib ko‘rmoqchimiz. Hozir Xovosda qurilgan 6 qavatli uylarni bir xonadan qilib bo‘lib chiqish boshlangan. To uysiz qolganlarga uylar bitguncha¸ ularni shu yerga joylashmoqchi. Pasti magazin qilib qurilgan bu uylar bo‘sh yotuvdi. Odamlar bir necha oy maktablarda yashamasin¸ har bir oilaga bittadan bo‘lsayam ¸ alohidadan xona qilib beringlar¸ degan gap bo‘lgan”¸ dedi sirdaryolik quruvchilardan biri.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ 1 may kungi toshqin 10 ta mahalla, 23 ta aholi punkti hududidagi 4711 ta turar va 277 ta noturar joy ob’yekti, 30 718 gektar ekin maydoniga zarar yetkazgan.

Prezidentning falokat ro‘y bergan kunning o‘zida imzolangan farmoyishiga ko‘ra¸ toshqin oqibatlarini zudlik bilan bartaf etish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Uysiz qolganlarning evakuatsiya qilingan hududlardagi ovqatlanish va boshqa xarajatlari davlat zimmasiga olindi.

Sardoba suv ombori to‘g‘onining uch yilga ham bormay yorilib¸ aholi va davlatga o‘nlab million dollarlik ziyon yetkazgani yuzasidan ham hukumat maxsus komissiyasi¸ ham tergov organlari surishtiruv o‘tkazmoqda.

Hozircha texnogen bu falokat uchun na uni buyurgan¸ na uni qurgan va na qabul qilgan davlat idoralaridan birortasi mas’uliyatni zimmasiga olmadi.

XS
SM
MD
LG