Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 04:53

OzodDayjest: Oshiq yigit o‘zini mashina ostiga, dollarfurush esa kanalga tashladi


Qallig‘i bilan janjallashib qolgan oshiq yigit o‘zini mashina ostiga tashladi. Ozoda Nursaidova Sardoba jabrdiydalariga 5 ta uy sovg‘a qildi. Joriy hafta matbuot kabi voqealar haqida xabar berdi.

Inqiroz davrida O‘zbekistondagi aeroportlarni xususiylashtirishni taklif qilindi

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Telegram kanalida O‘zbekiston ham Qozog‘istondan ulgi olib aeroportlarni xususiylashtirish maqsadga muvofiqligi haqida yozdi.

“Olmaota aeroportini $415 million dollarga sotib yuborishibdi (Olmaota aeroporti 1994 yildan beri xususiy). Sotib oluvchi: Turkiyaning TAV Airports Holding kompaniyasi. Biz ham shu inqiroz paytida barcha aeroportlarimizni xususiylashtirib yuborsak yaxshi bo‘lar edi... Shuncha yil raqobatsiz bo‘lgan aviatrasnport uchun raqobatchilar kirib kelsa, iqtisodiyotimizga juda ko‘p foydasi tegar edi” deb yozdi iqtisodchi.

B. Hoshimovga ko‘ra, xususiylashtirish jarayoni adolatli va shaffof bo‘lishi kerak. “Xullas, 2020 yilga umidlarimdan biri, eng kamida Toshkent aeroporti xususiylashtirilishi. Xususiylashtirish va “osmon ochilishi” natijasida chipta narxlari tushishi aniq” deb hisoblaydi u.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham B.Hoshimovning fikrini qo‘llab-quvvatlagan.

“Shu choqqacha xalq to‘lagan soliqlar evaziga faoliyat yuritib kelgan aeroportlar va “Uzbekistan Airways” kompaniyasi ishonchni oqlayotgani yo‘q. Aksincha ularning zarar ko‘rmasligi uchun monopoliyaga aylantirib qo‘yishgan va natijada esa barcha og‘irlik yana xalq gardaniga tushmoqda” deb yozgan X.Xudoyberdiyev.

Ozoda Nursaidova Sardoba falokatida jabr ko‘rgan oilalarga 5 ta uy sovg‘a qildi

Xonanda Ozoda Nursaidova Sardoba falokati oqibatida uyidan ayrilgan 5 ta oilaga Toshkent viloyatidan 3 ta uch xonali, 2 ta ikki xonali – jami 5 ta xonadon hadya qildi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari xabar berdi.

“Sardoba falokati oqibatida aholining ko‘p qismi talafot ko‘rdi. Odamlar evakuatsiya qilindi, davlat rahbari o‘sha yerga yetib bordi. Bu yoqda butun xalq jipslashib, jabrlangan aholiga qo‘lidan kelgan yordamini berdi, haligacha beryapti. Mana, saxovat karvonlari tashkil etildi, go‘dakdan tortib yoshi katta fuqarolarimizgacha yordamini ayamadi. Hatto pensionerlarimiz pensiyasining tiyin tiyinigacha sardobaliklarga xayriya qildi.

Biz ham mana shu xayriya aksiyalaridan ta’sirlanib, tadbirkor, saxovatpesha ukam Akbar Anvarov bilan birga o‘zimiz aksiya tashkil qildik. Sardoba falokatidan aziyat chekkan 5 ta oilaga Toshkent viloyatidan uy sovg‘a qilyapmiz” degan O.Nursaidova.

Xonanda saxovatpeshalarni ushbu uylarni mashiy texnika va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlashda ko‘makka da’vat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv ombori dambasi o‘pirilishi ortidan ro‘y bergan toshqinda 5000 ga yaqin turarjoy zarar ko‘rgan.

Qashqadaryolik oshiq yigit o‘zini mashina ostiga, andijonlik dollarfurush esa kanalga tashladi

Qashqadaryoda unashtirilgan qizi bilan janjallashib qolgan yigit o‘zini avtomobil ostiga tashladi (www.daryo.uz, 12 may).

Qayd etilishicha, qallig‘i bilan janjallashib qolgan yigit qizga boshqasini desa o‘z joniga qasd qilishini aytadi. Keyin esa gapining isboti sifatida katta yo‘lning o‘rtasiga chiqadi. Yigitning xatti-harakati atrofdagilarning e’tiboriga tushgan va holat telefon orqali suratga olingan.

“Meni kutib turdi-da taxminan 2-3 metr qolganda o‘zini mashinaga otdi” degan yigitni urib yuborgan mashina haydovchisi. Sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisa oqibatida yigit omon qolgan. Hozirda holat yuzasidan tergov oldi tekshiruvi olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati yana bir shunga o‘xshash hodisa haqida xabar berdi. Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida qalbaki 10 000 AQSh dollarini 6 880 AQSh dollariga sotayotgan shaxs uni huquq idoralari kuzatayotganini sezib qolib, darhol qochishga tushadi va o‘zini “Mayramxon” kanaliga tashlaydi. Biroq harakatlaridan naf chiqmaydi: u bosh prokuratura huzuridagi departament Andijon viloyati boshqarmasi va viloyat DXX tezkor xodimlari tomonidan ushlanadi.

XS
SM
MD
LG