Линклар

Шошилинч хабар
28 октябр 2020, Тошкент вақти: 22:48

Prokuratura: "Sardoba ishi" bo‘yicha tergov 4 ta versiyani o‘rganmoqda (VIDEO)


Sardoba suv ombori o‘pirilgan kezdagi manzara

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, "Sardoba ishi" bo‘yicha tergov 4 ta versiyani o‘rganmoqda.

Bayonotda aytilishicha, 16 mayga qadar bu ish doirasida 170 kishi so‘roq qilingan. Tergov, zarurat bo‘lsa, 7 oygacha davom etishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, bu suv ombori qurilish loyihasi qiymati 1,2 trln so‘mni tashkil qilgan va davlat byudjetidan moliyalashtirilgan.​

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, "Sardoba ishi" bo‘yicha tergov 4 ta versiyani o‘rganmoqda:

— Loyihadagi xatoliklar;
— Qurilish me’yorlarining buzilishi;
— Ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar;
— Tabiiy ofat.


Xalqaro press-klubning Sardobadagi falokatga bag‘ishlangan sessiyasida ma’lum qilinishicha, ish doirasida 170 kishi so‘roq qilingan.

Bundan tashqari, sudga oid qurilish ekspertizalari belgilangan.


Bosh prokuror matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hayot Shamsuddinovning aytishicha, hozirda yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Tergov muddati aslida 3 oydan oshmasligi lozimligi, ammo zarurat tug‘ilsa, 7 oygacha uzaytirilishi mumkinligi ham ta’kidlandi.

Hayot Shamsuddinovning ma’lum qilishicha, Sardoba suv ombori ob’ektining pudratchisi "Sirdaryosuvqurilishinvest" DUK, ya’ni sobiq Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi "15-chi sonli qurilayotgan ob’ektlar birlashgan direksiyasi" bo‘la turib, bosh pudratchi sifatida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga qarashli "O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj" UK qatnashgan.

Qurilish ishlariga 28 ta sub-pudratchi jalb qilingan. Loyihachi sifatida „Uzgip“ MChJ ishtirok etgan.

Loyiha qiymati 1,2 trln so‘mni tashkil qilgan. Moliyalashtirish manbai byudjet mablag‘lari hisobidan bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini DXX hamda IIVning malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor tergov guruhi olib bormoqda.

Yana aytilishicha, jinoyat ishi doirasida 25 tadan ziyod tegishli sohadagi yuqori malakali mutaxassislar jalb qilingan. Jumladan, bu guruhda gidrotexnika inshootlarini qurish va ekspluatatsiya qilish sohadagi mutaxassislar bor.

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev 5 may kungi selektor yig‘ilishida "Sardoba aybdorlari kim bo‘lishidan qat’i nazar¸ jazosini oladi"¸ deya va’da bergan.

7 may kuni Sardobadagi falokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi tarkibi e’lon qilingandi.

1 may kuni prezident Mirziyoyev farmoyishi bilan tasdiqlagan bu komissiya tarkibiga Sardoba loyihasining bosh quruvchisi¸ O‘zgidroenergo AJ raisi¸ senator Abdug‘ani Sanginov ham kiritilgan.

2017 yilning 17 may kuni Sardoba suv omborini aynan buyurtmachi Abdug‘ani Sanginov va bosh pudratchi Ochilboy Ramatovlar prezident Mirziyoyevga taqdim etgan edi.

Sardoba suv omborini prezidentga topshirganining ertasiga Sanginov Mirziyoyev farmoni bilan yangi tashkil etilgan O‘zgidroenergo AJ raisi¸ ya’ni O‘zbekistondagi gidroinshootlar vaziri etib tayinlangan edi.

Shu yil oxirida uni Mirziyoyev "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi" unvoni bilan taqdirlagan edi.

Jarayondan xabardor mulozimlarning Ozodlikka aytishicha¸ bu mukofot ham Sanginovga¸ aynan 2021 yili qurib bitirilishi ko‘zda tutilgan Sardoba suv omborini belgilanganidan 4 yil oldin topshirgani uchun berilgan.

Quyida Ozodlikning shu mavzuda hozirlangan Ozodlive dasturi maxsus soni:

XS
SM
MD
LG