Линклар

Шошилинч хабар
05 июл 2020, Тошкент вақти: 14:17

BMT kuzatuvchilari: Tolibon guruhi «Al-Qoida» bilan aloqani uzgani yo‘q


Tolibon vakillari Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilgan muzokaralarda. 2020, 29 fevral.

BMTning yangi e’lon qilingan hisobotida e’tirof etilishicha, Tolibon guruhi AQSh hukumati bilan imzolagan shartnomaga binoan jangari guruhlarga qarshi kurashishni o‘z bo‘yniga olgan bo‘lishiga qaramasdan, «Al-Qoida» ekstremistik guruhi bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Tolibon guruhi BMT hisobotini «asossiz va bir taraflama» deya qoraladi.

Joriy yilning fevralida AQSh va Tolibon o‘rtasida imzolangan shartnomaga binoan, jangari guruh boshqa ekstremistik guruhlarga qarshi kurashishni hamda ular Afg‘oniston tuprog‘ida AQSh va uning hamkorlariga hujum qilishga yo‘q qo‘ymaslik majburiyatini o‘z bo‘yniga olgan.

BMT mustaqil kuzatuvchilari BMT Xavfsizlik kengashiga yuborgan hisobotda Tolibon, ayniqsa, «Haqqoniy» tarmog‘i hamda «Al-Qoida» o‘rtasidagi yaqin munosabatlar o‘z kuchida qolgani aytiladi.

Shuningdek, hisobotda Tolibon AQSh bilan muzokaralardan oldin muntazam ravishda «Al-Qoida» bilan maslahatlashgani e’tirof etildi.

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod hisobot asosan fevraldan oldingi oylarga bag‘ishlanganini ta’kidladi. Xalilzod Tolibon va «Al-Qoida» o‘rtasidagi aloqalar haqida:

- Siljish bor, lekin biz bu munosabatlarni yaqindan kuzatishda davom etamiz, - dedi.

AQSh va Tolibon vakillari 29 fevral kuni Qatar poytaxti Dohada imzolagan kelishuvga binoan, Vashington 2021 yil o‘rtasigacha mamlakatdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. Tolibon esa Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasida Qobuldagi hukumat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazishni boshlaydi. Bugunga qadar jangari guruh Afg‘oniston hukumatini «G‘arb qo‘g‘irchog‘i» deya ta’riflab, u bilan muzokara o‘tkazishdan bosh tortib keladi.

AQSh rasmiylari Amerika qo‘shinlari allaqachon Afg‘onistonni tark eta boshlaganini, ular muddatidan avval mamlakatdan butunlay chiqib ketishini bildirishdi.

AQSh 2001 yilda Tolibon guruhi 11 sentabr xurujlarini amalga oshirgan «Al-Qoida» terror guruhiga boshpana berganini aytib, Afg‘onistonga bostirib kirgan va Tolibonni hokimiyatdan ag‘dargan edi.

BMT hisobotida «Islomiy davlat» ekstremistik guruhi Afg‘onistonning turli hududlarida hujum uyushtirishga hanuz qodir ekanligi aytiladi. Hisobot mualliflari jangarilar ayrim hujumlarni Tolibonning bir bo‘lagi bo‘lmish «Haqqoniy» tarmog‘i bilan hamkorlikda amalga oshirganini xulosa qilishdi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, Tolibonning terrorizmga qarshi kurashda ishonchli hamkor bo‘la olishi «Al-Qoida» hamda Afg‘onistondagi «Islomiy davlat» guruhi tug‘diradigan tahdidlarni bartaraf qila olishiga bog‘liq bo‘ladi.

Hisobotda yozilishcha, ayni damda Afg‘onistonda minglab xorijlik jangari bor. Xususan, ayni damda Afg‘onistonda qo‘shni Pokistondan o‘tgan 6,5 ming jangari boshpana topgan.

Tolibon guruhining Kobuldagi hukumat hamda G‘arb davlatlari qo‘shinlariga qarshi isyoni 20 ga yaqin xorijiy jangari guruhlar uchun birlashtiruvchi kuch bo‘lib kelmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ushbu guruhlarning ayrimlari Tolibon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG