Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:24

Koronavirus AQSh va Buyuk Britaniyada irqlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikni oydinlashtirdi


Afroamerikaliklarning koronavirusdan ko‘proq o‘layotgani genetika emas¸ surunkali tengsizlik va kambag‘allik bilan izohlanadi.
Afroamerikaliklarning koronavirusdan ko‘proq o‘layotgani genetika emas¸ surunkali tengsizlik va kambag‘allik bilan izohlanadi.

Koronavirus pandemiyasi AQSh va Buyuk Britaniyada afroamerikaliklar hamda boshqa milliy ozchilik vakillarining COVID-19 infeksiyasidan nobud bo‘lish ehtimoli yuqoriroq ekanligini ko‘rsatdi.

AQSh shtatlaridan kelib tushgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqqan APN tadqiqot laboratoriyasi hisobotiga ko‘ra, qora tanli amerikaliklarning koronavirus tufayli halok bo‘lish ehtimoli oq tanlilarga solishtirganda 2,4 barobarga ko‘pdir.

Britaniyadagi Public Health England agentligi ham qora tanli, osiyolik yoki milliy ozchilik vakillarining koronavirusdan o‘lish ehtimoli ikki barobarga yuqori ekani haqida xulosa qildi.

Bu mavzularda to‘liq ma’lumot cheklangan hamda kasallikdan halok bo‘lish ehtimoliga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, kuzatuvchilar turli irq va millat vakillari orasida koronavirus tufayli nobud bo‘lganlar sonidagi farqlarning asosiy sababi ijtimoiy tengsizlik ekanligini aytmoqda.

2 iyun kuni BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet:

- Virus uzoq yillardan beri e’tibordan chetda qolib kelayotgan muttasil tengsizliklarni fosh qilmoqda. Qo‘shma Shtatlarda Jorj Floydning o‘limi ortidan boshlanib ketgan namoyishlar nafaqat qora tanli va boshqa shaxslarga qarshi politsiya zo‘ravonligi, balki sog‘liqni saqlash, ta’lim, ish sohalaridagi davomli tengsizliklar hamda irqiy diskriminatsiyaga e’tibor jalb qilyapti, - dedi.

Jons Hokpins universiteti koronavirus holatlari bo‘yicha umumiy ma’lumot bilan bir qatorda AQShdagi turli irq vakillari orasidagi holatlarni ham qayd etib kelmoqda. 40 dan oshiq shtatdan kelib tushgan statistika analizi kasallikdan ozchiliklar, xususan, afroamerikaliklar ko‘proq jabr ko‘rayotganini ochiqladi.

Jons Hokpins universiteti xodimi Liza Kuper ko‘plab afroamerikaliklar va boshqa ozchiliklar a’zolari kundalik turmushda duchor bo‘ladigan holatlarni shunday izohlaydi:

- Ko‘plab irqiy va etnik ozchiliklar a’zolari qashshoqlikda yashagani uchun, ularda pandemiya boshqacha o‘tmoqda. Masalan, ular avtomobil sotib olishga qurblari yetmasa, jamoat transportidan ko‘proq foydalanishlari mumkin, birdaniga ko‘p xarid qila olmaganlari uchun muhim mollarni tez-tez xarid qilishlari mumkin, tibbiy sug‘urta yoki muntazam tibbiy xizmatlardan foydalanishga imkonlari bo‘lmasligi mumkin.

Shuningdek, shaxsiy avtomobiliga ega bo‘lmagan shaxslar mashinasidan tushmasdan koronavirusga analiz topshirish imkonini beruvchi choralardan foydalana olmasliklari mumkin.

Qora tanlilar astma, yurak va o‘pka xastaliklardan nisbatan ko‘proq aziyat chekishi ularning koronavirusdan halok bo‘lish ehtimolini oshirsa-da, kuzatuvchilar bu holat zamirida ham ijtimoiy tengsizliklar yotishini aytishmoqda.

Scientific American jurnalida bu tafovutga genetika sababchi ekanligi haqidagi iddaolar xavfli va noto‘g‘ri ekanligi aytildi.

The Lancet jurnalida may oyida chop etilgan maqolaga ko‘ra, o‘limning asosiy bo‘lmagan qo‘shimcha sabablari irqlar o‘rtasidagi tafovutning sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, AQSh va Britaniyada to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilgan maqola mualliflari irqlar o‘rtasidagi tafovut biologik unsurlar emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy unsurlar tufayli ekanligini xulosa qilishdi. Maqola mualliflari biologik izohlar «fanga ham, odamlarga ham ziyon keltiradi», deya qo‘shimcha qilishdi.

Black Lives Matter – «Qora tanlilarning hayoti ham muhim» harakati koronavirus pandemiyasi haqida irqiy guruhlar bo‘yicha bo‘lingan ma’lumotni yoyinlashni talab qilib keladi. Aprel oyida harakat a’zolari yozgan maqolada «Virus bizni vayron qilyapti. Biz mamlakatning kundalik turmushi davom etishini ta’minlaydigan muhim ishchilarmiz. Maktub tashuvchilar, buyurma yetkazuvchilar, transport haydovchilari hamda shifoxona ishchilarimiz. Biz uyda o‘tira olmaymiz», deb yozishga edi.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Bachelet ham Braziliya, Fransiya, Buyuk Britaniya hamda AQSh kabi davlatlarda afroamerikaliklar va milliy ozchiliklar COVID-19 infeksiyasidan katta jabr ko‘rayotganini ta’kidladi.

- Shundoq ham ayon bo‘lishi lozim bo‘lgan narsani COVID-19 fosh qilgani fojiadir, - dedi komissar.

XS
SM
MD
LG