Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:52

Z. Almatov hibsxonadagi qiynoq, IIVga "beriladigan plan" va Andijon voqealari haqida "katta intervyu" berdi


 Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov mas’ul xodimlar bilan birga Samarqand viloyatida, 21 aprel, 2018
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov mas’ul xodimlar bilan birga Samarqand viloyatida, 21 aprel, 2018

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov Andijonda IIB xodimlari tomonidan qiynoq qo‘llanilganini "militsiyaga xoinlik" deb qoraladi.

1991 yildan 2006 yilgacha ichki ishlar vaziri bo‘lgan Almatov, IIV xodimlari ruhiy ahvoli muntazam test qilib turilishi, ayni paytda, ular 2 yarim - 3 million so‘m oylik uchun tunu kun ishlashini ta’kidladi.

General-polkovnik hozirgi koronavirus pandemiyasi paytidagi 3 smenali ish, aniqlangan huquqbuzarliklar soni bo‘yicha "plan berilishi" hamda 2005 yildagi Andijon voqealari haqida Kun.uz nashriga katta intervyu berdi.

Sobiq vazir matbuotga qariyb intervyu bermaydi, bu - uning vazirlik lavozimidan ketishiga sabab bo‘lgan Andijondagi qonli voqealar haqida bergan ikkinchi intervyusidir.

Kun.uz nashrining yozishicha, IIVga 15 yil vazirlik qilgan, 70 yashar general-polkovnik Z. Almatov bilan "katta intervyu" Andijonda 32 yashar vatandoshning IIBda qo‘llanilgan qiynoqlar ortidan vafot etishi munosabati bilan olingan.

Ozodlik radiosi shu yilning 30 mayida Andijon shahar IIBning 4-bo‘limidan qiynoq belgilari bilan koma holatida kasalxonaga olib borilgan 32 yoshli A. Abdukarimov ​11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Sobiq vazir bu voqeaga munosabat bildirarkan, IIV safida odamlarga qo‘pollik qiladigan, "o‘zini tuta olmaydigan, o‘z lavozimini o‘ylaydiganlar" uchrab turishini tan oldi:

"Yaqinda Andijonda bo‘lgan voqeani nadomat bilan gapiraman... Bir yigit ichki ishlar organlari xodimlari harakatining qurboni bo‘ldi. Bu xudbin, ichki ishlar xodimlarining nomiga dog‘ tushirgan odamlar kecha-yu kunduz ishlayotgan boshqa xodimlarning obro‘siga putur yetkazdi. Ular militsiyaga xoinlik qildi".

Z. Almatov, bunday holatlar oldini olish uchun IIV xodimlari ruhiy holatini aniqlovchi testlar o‘tkazib turilishi, ular bilan tushuntirish ishlari olib borilishini alohida urg‘uladi. Shunga qaramay, qonunni buzgan IIV xodimlariga tegishli jazo berilayotganini ta’kidladi.

IIV vaziri maslahatchisi bo‘lib qolayotgan Z. Almatov, Kun.uz muxbirining, aniqlangan qonunbuzarliklar soni bo‘yicha "tergovchi yoki YHXX xodimlariga plan berilishi" haqidagi savoliga javoban, buni tasdiqladi:

"Bunaqasi avval ham bo‘lgan. Ba’zi rahbarlar o‘z ishini samarador qilib ko‘rsatish uchun shunday qiladi. Men vazir bo‘lgan vaqtda ham bundaylar bor edi, balki hozir ham bordir. Lekin Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bunga qarshi kurashadi".

Muxbir, intervyu yakunida, 2005 yil mayda sodir bo‘lgan Andijon voqealarga to‘xtalmaslikning imkoni yo‘qligini aytgan.

Bunga javoban Zokirjon Almatov, o‘sha kezda shtab boshlig‘i bo‘lgani, qarorni o‘zi qabul qilganini tan olgan:

"Meni Andijon voqealarida aybdor deb ko‘p gapirishadi. Ha, men o‘shanda shtab boshlig‘i bo‘lganman, qarorni men qabul qilganman, ammo kim o‘shanda Andijonga qurol ko‘tarib keldi? Kim chegaradan qurol bilan o‘tdi? Kim Ichki ishlar vazirligiga qarashli PPSga qurolli hujum qildi, kim harbiy qismga hujum qilib, qurol-yarog‘ oldi? Kim tergov hibsxonasiga hujum qilib, 500dan ortiq ashaddiy jinoyatchilarni chiqarib yubordi? Kim hokimiyat binosini egallab unga o‘t qo‘ydi? Kim yuzga yaqin sud-huquq tizimidagi xodimlarni tutqunda ushlab, ba’zilarini qatl etdi? Hukumat nima, qarab turishi kerakmidi?"

Shu kabi savollarni ustma-ust qo‘ygan sobiq IIV vaziri, voqealar paytida, ikki tomon o‘rtasida otishma bo‘lgani, shu sababli bitta joyda 100 kishi o‘lgani, bular ichida kuch ishlatar tuzilma xodimlari va terrorchilar bo‘lganini aytdi.

Z. Almatov o‘shanda jami 187 kishi o‘lganini aytarkan: "Allohning oldida rost gapni gapiraman, bu aniq raqamlar", deb alohida qayd etdi.

​2005 yil 13 may kuni Andijonning Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealarda rasmiy Toshkent hisobicha 187 kishi, jumladan, ayollar va bolalar nobud bo‘lgan. ​Norasmiy manbalarga ko‘ra, Andijon xunrezliklari oqibatida 1000dan ziyod odam halok bo‘lgan.

Andijon voqealaridan sanoqli oylar o‘tib - 2005 yilning dekabrida IIV vaziri bo‘lib turgan Zokirjon Almatov iste’foga chiqarilgandi.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatiga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan, xususan Andijon voqealariga bevosita mas’ul, deb ko‘rilgan bir guruh rasmiyning Yevropa Ittifoqi hududiga kirishi taqiqlagandi.

Zokirjon Almatov nomi ana shu qora ro‘yxatning boshiga kiritilgandi.

Shavkat Mirziyoyev, 2016 yilda Islom Karimov vafot etishi ortidan, hokimiyatga kelganidan so‘ng Zokirjon Almatov yana IIV tizimiga qaytarildi.

15 yil avval Andijon shahrining Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealar ko‘lami, tafsilotlari, sabab va oqibatlari esa hanuz xalqaro jamoatchilik uchun sirligicha qolmoqda.

Islom Karimov vafotiga qadar mustaqil xalqaro kuzatuvchilar uchun yopiq bo‘lgan voqea, 2005 yilda Bosh vazir bo‘lgan, hozirda esa prezident Shavkat Mirziyoyev davriga kelib ham hanuz ochilmadi.

Yangi prezident davriga kelib bu voqealar haqida Zokirjon Almatov ikki marta intevyu berdi.

Birinchi intervyusini 2019 yilning mart oyida QALAMPIR.UZ nashriga bergan. O‘shanda ham voqealar paytida harbiylar harakati uchun mas’ul bo‘lganini tan olgan.

Z. Almatovdan tashqari, hozirgi hukumat rasmiylari orasidan, Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lgan Svetlana Ortiqova ham bu qonli voqealarga munosabat bildirdi.

2020 yilning fevral oyida u ham QALAMPIR.UZ nashriga intervyu bergan va Andijonda harbiylar aholiga "nomutanosib" tarzda qurol qo‘llaganini tan olgandi.

XS
SM
MD
LG