Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 15:31

Munosabat: Putinning umrbod prezidentlikda qolishi Mirziyoyev uchun "yaxshi namuna" bo‘lishi mumkin!


Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z lavozimida umrbod qolishi mumkin.

1 iyul kuni Rossiyada o‘tkaziladigan Umumxalq ovoz berishida saylovchilar mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga o‘z munosabatini bildiradi.

Rossiya Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartishlardan biriga binoan Vladimir Putinning prezident sifatida o‘tkazgan to‘rt muddati “0”ga tenglashtiriladi, ya’ni u yana ikki muddat prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqini oladi.

Xuddi shunday usuldan O‘zbekistonning Birinchi prezidenti ham bir necha marta foydalangan edi.

“1 iyul yangi Rossiya uchun tarixiy kundir va Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritiladi. Mening fikrimcha, odamlar buni to‘g‘ri tushunmoqda. Biz hozir ko‘rib turgan va gapirayotgan ishlarni allaqachon qilish kerak edi. Hozir buning vaqti keldi. Bu o‘zgartishlar Rossiya xalqiga xizmat qiladigan o‘zgartishlar bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shuning uchun yangi Rossiya uchun bu yangi kun muvaffaqiyatli o‘tishini xohlayman”.

Bu gapni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Kremlda o‘tgan uchrashuvi chog‘ida aytdi.

“Tarixiy kun”ning tarixi

Vladimir Putin shu yilning 15 yanvarida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisiga bergan yillik hisoboti davomida, kutilmaganda, mamlakat Konstitutsiyasiga yirik o‘zgartishlar kiritishni taklif qildi.

Prezident taklif qilgan o‘zgartishlar Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi, uning o‘rinbosarlari va vazirlar nomzodlarini tasdiqlash vakolatini Davlat Dumasiga berish; mintaqalar kuchishlatar tizimlari va prokurorlarini Federatsiya Kengashi bilan muhokamalardan keyin prezident tomonidan tayinlash va shu kabi qator tashkiliy hamda ba’zi iqtisodiy-ijtimoiy masalalarga oid o‘zgartishlar edi.

Yurtdosh o‘zbeklarning Moskvadagi mintaqalararo “Vatandosh” jamiyati raisi, huquqshunos Usmon Baratov fikricha, bunday o‘zgartishlarni amalga oshirish uchun Konstitutsiyaga teginish shart emas.

Bu o‘zgartishlarning hammasini amaldagi federal qonunlarga o‘zgartish kiritish bilan amalga oshirsa bo‘laveradi. Masalan, prokurorlarni tayinlash masalasi. Shu paytgacha mintaqalar prokurorlarini Bosh prokuror tayinlab kelgan. Endi bu vakolat prezidentga o‘tkazilyapti. “Prokuratura to‘g‘risida”gi federal qonun bor. Shu qonunga o‘zgartish kiritish kifoya qilgan bo‘lar edi”.

Vladimir Putinning 15 yanvar kungi chiqishi ortidan Rossiya jamoatchiligi u taklif qilayotgan o‘zgartishlarning mag‘zini chaqishga, asl maqsad nima ekanligini tushunishga urindi, norozilik chiqishlari boshlanib ketdi.

Putinning taklifi yangragan kundan to‘rt kun o‘tib, Moskva shahar Dumasi deputati Yulya Galyamina moskvaliklarni Putin taklif qilayotgan o‘zgartishlarga qarshi norozilik bildirishga chaqirdi.

17 yanvar kuni Galyamina VKontakte tarmog‘idagi sahifasida Putin 15 yanvar kuni Federal Majlis oldida so‘zlagan nutqi davomida taklif qilgan o‘zgarishlarni davlat to‘ntarishiga tenglashtirdi.

Bu kabi bahs-munozaralar bir necha hafta davom etdi va nihoyat oradan qariyb ikki oy o‘tgach, masalaga oydinlik kirdi.

Eng asosiy o‘zgartish

10 mart kuni Putinni qo‘llab-quvvatlovchi “Yedinaya Rossiya” partiyasining Davlat Dumasidagi deputati, SSSRning birinchi ayol kosmonavti Valentina Tereshkova Konstitutsiyadagi prezident vakolatlari muddatiga oid cheklovlarni bekor qilish taklifini muhokamaga qo‘ydi:

- O‘tgan bir yarim oy davomida biz ko‘plab saylovchilar bilan uchrashdik. Ularning aksari “Putin hokimiyatda qolishi kerak!, deya ta’kidladi. Gapni aylantirish va aqllilik qilish, sun’iy konstruksiyalarni yasashga na hojat? Hammasini ro‘y-rost, ochiqcha, omma oldida ko‘rib chiqish kerak. Yoki prezident sayloviga oid Konstitutsiyadagi cheklovlarni mutlaqo olib tashlash kerak!

Valentina Tereshkovaning bu taklifi yangrashi bilanoq Vladimir Putin Davlat Dumasiga kelib, bunday taklifga qarshi emasligini bildirdi.

Huquqshunos Usmon Baratov fikricha, Putining maqsadi aynan shu o‘zgartishni Konstitutsiyaga kiritish edi, qolgan o‘zgartishlar esa, jamoatchilikni chalg‘itish uchun qilinmoqda:

“Asosiy maqsad Putin uchun yangi saylovga yo‘l ochishdir. Qolgan yangiliklarning barchasi: xalq hayotini, tibbiy xizmatni yaxshilash kabi o‘zgartishlarni federal qonunlar yordamida ham amalga oshiraverish mumkin”.

Rossiya Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini Davlat Dumasi va Federatsiya Kengashi bir kunda – 11 martda ma’qulladi va qonunni Vladimir Putin 14 martda imzoladi.

Shundan so‘ng Rossiya prezidenti 22 aprelga Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlarni Umumxalq ovoz berishiga qo‘yishga qaror qildi.

Koronavirus tufayli 22 aprelda o‘tkazilmagan va mana endi 1 iyulda o‘tkazilishi kutilayotgan Umumxalq ovoz berishini rossiyalik yuristlar referendum emas, mamlakat qonunlarida nazarda tutilmagan, qonuniy oqibatlari tushunarsiz aksiya sifatida baholamoqda. Huquqshunos Usmon Baratov bunday dedi:

O‘tkazilishi kutilayotgan Umumxalq ovoz berishi, ehtimoliy qonuniy oqibatlariga ko‘ra, jamoatchilik fikrini o‘rganish, xolos. Birinchidan, Putin o‘zgartishlar to‘g‘risidagi qonunni imzolab bo‘ldi. Ikkinchidan, Konstitutsiyaning dastlabki ikki bobini o‘zgartirish uchungina referendum o‘tkazish talab qilinadi. Bu holatda o‘sha ikki bobga o‘zgartish kiritilmayapti. Qolgan boblarini o‘zgartirish uchun esa, Federal Majlis vakolatlari yetarli”.

Saylov komissiyalari a’zolari ishdan bosh tortmoqda

Umumxalq ovoz berish kuni arafasida ham Rossiyada har kuni qariyb 8 ming kishi koronavirusga chalinish holatlari aniqlanmoqda. Mana shunday sharoitda joylardagi uchastka saylov komissiyalari a’zolari bu tadbirda qatnashishdan bosh tortmoqda.

Novosibirskdagi №1967 uchastka saylov komissiyasi xodimi Aleksey Nefedov o‘tgan haftada e’lon qilgan videomurojaatida o‘z pozitsiyasini izohlar ekan, bunday deydi:

- Men komissiya ishiga qonun talablariga javob beradigan halol, shaffof va raqobatli saylovlar o‘tkazish uchun kelgan edim. Bizga taklif qilinayotgan ish qonun me’yorlaridan uzoqdir. Do‘stlar, axir biz o‘zimizni chiqindixonadan topib olgan emasmiz, biz rioya qiladigan sifat andozalari bor. Agar o‘zingizga "layk" yig‘moqchi bo‘layotgan bo‘lsangiz, baring ana "VKontakte"da o‘tkazavering ovoz berishni. Bizni esa, iltimos, tinch qo‘ying!

Error rendering VK.

Putin – Karimovning izdoshi?

Yurtdosh o‘zbeklarning Moskvadagi mintaqalararo “Vatandosh” jamiyati raisi, huquqshunos Usmon Baratov fikricha, qatorasiga ikki martadan ikki marta prezidentlikka saylangan Vladimir Putin lavozimida qolishning yo‘lini topishda Islom Karimovdan o‘rnak olganga o‘xshaydi:

“Karimov xuddi shunday ishlarni qilgan. O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘yicha ham bir kishi prezidentlikka ikki muddatgagina saylanishi mumkin. Amalda esa, 25 yil prezidentlik lavozimini bermadi”.

Islom Karimov dastlab 1991 yilning 29 dekabrida prezidentlikning birinchi muddatiga saylangan edi.

1995 yilning 26 martida o‘tkazilgan referendum orqali Karimovning prezidentlik vakolatlari muddati 2000 yilgacha uzaytirilgan.

2000 yilning 9 yanvarida o‘tkazilgan saylovda Karimov ikkinchi muddatga saylangan.

2002 yilning 27 yanvarida o‘tkazilgan referendumda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritilgan va prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan.

Bu o‘zgartishlar munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi Islom Karimovning avvalgi prezidentlik muddatlari inobatga olinmasligini¸ uning yana ikki muddatga prezident etib saylanishga haqli ekanini e’lon qilgan.

2011 yili dekabrida O‘zbekiston parlamenti prezidentlik muddatini yana qayta ko‘rib chiqib¸ uni 7 yildan 5 yilga o‘zgartirishga qaror qabul qildi va bu o‘zgartish ham Karimovning avvalgi prezidentligini nolga tushirgan¸ uning yana ikki muddatga saylanishiga imkon yaratgan edi.

Mirziyoyev - Putinning izdoshi?

Yurtdosh o‘zbeklarning Moskvadagi mintaqalararo “Vatandosh” jamiyati raisi, huquqshunos Usmon Baratov Shavkat Mirziyoyevning 23 iyun kuni Kremlda Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida "1 iyul yangi Rossiya uchun tarixiy kundir va Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritiladi", degan gapiga munosabat bildirarkan, bunday dedi:

"Agar Putin shu usul bilan hokimiyatdagi hayotini uzaytirib olsa, Mirziyoyev ham bemalol uchinchi, to‘rtinchi va hokazo muddatlarga "saylanib" olaveradi. Bu usulni Turkmaniston prezidenti ham qo‘llaydi, umuman, mintaqa davlatlari rahbarlari uchun "yaxshi namuna" bo‘ladi".

XS
SM
MD
LG