Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 02:15

«Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti inglizchani umuman bilmaydiganlarni ham inglizcha o‘qishga majburlamoqda


Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ochilgan Samarqanddagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti O‘zbekistonda "xalqaro" maqomi berilgan hozircha yagona davlat universitetidir.

Samarqand shahrida joylashgan «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universitetiga o‘zbek va rus tillarida imtihon topshirib kirgan talabalar 2019 yil oktabridan boshlab yoppasiga ingliz tili guruhlariga ko‘chirilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan talabalarga ko‘ra¸ ko‘chirilganlar orasida maktabda xorijiy til sifatida fransuz va nemis tillarini o‘rgangan va ingliz tilini umuman bilmaydiganlari ham bor.

Ingliz tilini tushunmagani ortidan imtihonlardan o‘ta olmaslik esa¸ talabalarga ko‘ra¸ shartnomaning bekor etilishi¸ demakki¸ o‘qish uchun to‘langan pulning kuyib ketishini anglatadi.

O‘qishdan haydalishdan qo‘rqib shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan universitet talabalarining bildirishicha¸ hujjat topshirish paytida ularga o‘qish jarayoni to‘liq ingliz tilida o‘tilishi haqida hech kim oldindan ogohlantirgan emas.

«O‘zbek tilida imtihon topshirib davlat granti asosida o‘qishga kirganman. Ingliz tilini bilaman, lekin to‘liq ingliz tilida o‘qishga qiynalaman. O‘qishimni boshqa oliy o‘quv yurtiga ko‘chirmoqchi ham bo‘ldim, lekin buning uchun davlat granti o‘rniga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishimga to‘g‘ri keladi» - dedi talabalardan biri.

Mehmonxona biznesi yo‘nalishi 2-kurs talabalaridan biriga ko‘ra¸ u birinchi yil to‘liq rus tilida tahsil olgan va ikkinchi yildan ingliz tili guruhiga ko‘chirilgan.

«Shartnoma bo‘yicha men rus tilida tahsil olishim kerak edi. Maktabda xorijiy til sifatida fransuz tilini o‘rganganman va fransuz tilida test imtihonlaridan o‘tib o‘qishga kirganman. Turizm sohasi uchun faqat ingliz tilini emas¸ balki fransuz tilini biladigan mutaxassislar ham kerak. Inglizcha o‘qiy olmaganimdan keyin¸ imtihonlarni qanday topshiraman?»

Talabalar tomonidan Ozodlikka taqdim etilgan universitet va talabalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxalarida ta’lim tili sifatida o‘zbek va rus tillari ko‘rsatilgan.

Bu hujjatlarda¸ “shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar tomonlarning kelishuviga asosan kiritiladi”¸ deb yozilgan.

Ozodlik gaplashgan talabalar va ular ota-onalari o‘zbek va rus tilida o‘qishga kirganlarni ular bilan kelishmay turib¸ ingliz tiliga ko‘chirish orqali universitet shartnoma bandlarini buzayotganini ta’kidladi.

Holatdan xabardor universitet xodimi shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan taqdim etgan hujjatga ko‘ra¸ «Ipak Yo‘li» turizm xalqaro universitetining to‘liq ingliz tilida ta’lim berishga o‘tilishi bo‘yicha qaror O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov raislik qiluvchi universitet Vasiylik kengashi tomonidan qabul qilingan.

Universitet Vasiylar kengashi qarori nusxasi.
Universitet Vasiylar kengashi qarori nusxasi.

Xodimning bildirishicha¸ universitet Vasiylik kengashining ushbu qarori prezident Shavkat Mirziyoyevning «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga mos kelmaydi.

«Prezident qarorining 3 -bandida universitetda o‘qish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borilishi belgilab qo‘yilgan, Vasiylik kengashi esa ingliz tilini qoldirib o‘zbek va rus tillaridan voz kechishga qaror qilgan».

"Ipak yo‘li" universiteti ta’sischisi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Akkulov ingliz tili bilan bog‘liq ushbu holatni universitetning xalqaro ta’lim muassasasi ekanligi bilan bog‘ladi.

«2020/2021 yil o‘quv yilidan boshlab, universitetning barcha o‘quv yo‘nalishlari ingliz tilida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqqan holda, o‘tgan o‘quv yilida ham darslar tajriba-sinov tariqasida ingliz tilida o‘qitilgan» , dedi mulozim.

2019 yil dekabrida mahalliy matbuotga bergan intervyusida «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti prorektori Azamat Akbarov “universitetimiz 2019/20 yillarda to‘liq ingliz tilida dars beriladigan tizimga o‘tdi. Bunday tajriba davlat universitetlari orasida birinchi bo‘lib bizda amalga oshirildi”¸ degan edi.

Yangi o‘quv yilida ham til bilan bog‘liq muammolar davom etishi mumkin

Davlat test markazi rasmiy saytida joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, to‘liq ingliz tilida o‘qitishga o‘tgan «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti yangi 2020-2021 o‘quv yili bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli uchun o‘zbek va rus tillarida o‘qish bo‘yicha jami 250 ta o‘rin taklif qilmoqda.

Bu jarayonda ham imtihondan muvafaqqiyatli o‘tgan abiturientlarga kelgusida o‘zbek va rus tillarida emas, balki ingliz tilida dars o‘tilishi bo‘yicha ham ogohlantirilmagan.

Ushbu holat yuzasidan munosabat olish uchun Ozodlik universitet matbuot kotibi Shohida Mustayeva bilan telefon orqali bog‘landi.

Matbuot kotibi to‘liq ingliz tilida dars o‘tadigan universitet nima sababdan o‘zbek va rus tillari bo‘yicha qabul e’lon qilganini izohlay olmadi va qabul bo‘yicha mas’ul Aziz To‘xtamishev ismli shaxs bilan bog‘lanishimiz kerakligini bildirdi.

O‘zining Aziz To‘xtamishev ekanini suhbat boshida tasdiqlagan shaxs¸ Ozodlik muxbiri telefon qilayotganini eshitgach¸ savolni oxirigacha eshitmay turib¸ aloqani uzib qo‘ydi va keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

XS
SM
MD
LG