Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:03

Markaziy Osiyoda "yashagan" va "o‘lgan" haykallar tarixi


Ukrainaning Zaporojye shahrida ishchilar Vladimir Leninga o‘rnatilgan yodgorlikni demontaj qilmoqda. 2016, 17 mart.
Ukrainaning Zaporojye shahrida ishchilar Vladimir Leninga o‘rnatilgan yodgorlikni demontaj qilmoqda. 2016, 17 mart.

May oy oxirida AQShda afroamerikalik Jorj Floydning oq tanli politsiyachi tomonidan o‘ldirilishi AQShda va boshqa bir necha mamlakatda politsiya zo‘ravonligi hamda irqchilikka qarshi norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Namoyishchilar bugunga kelib ayrimlar istilochilik hamda irqchilikda ayblay boshlagan tarixiy shaxslar yodgorliklarini olib tashlashni talab qilishdi. Ayrim haykallarni esa namoyishchilar yiqitdi.

Bunday voqealar Yevropada ham kuzatildi. Xususan, Shveysariyaning Jeneva shahrida norozilar Afrikaning janubiy qismini ishg‘ol qilgan Sesil Rods haykali olib tashlanishini talab qildi. Londonda esa parlament binosi oldidagi bosh vazir Uinston Cherchill tagsupasida «U irqchi edi» yozuvi paydo bo‘ldi. Parlament deputatlari va oddiy fuqarolar Cherchillning natsizmga qarshi kurashdagi xizmatlarini esga olib, bu harakatni qoraladi. Angliya janubi-g‘arbidagi Bristolda qulfurushlik bilan shug‘ullangan tadbirkor va filantrop Edvard Kolston haykalining namoyishchilar tomonidan qo‘porib tashlangani ham munozaralarga sabab bo‘ldi.

Britaniya va Rossiya imperiyalari tarixini o‘rganib kelayotgan tarixchi olim Aleksandr Morrisonning Markaziy Osiyo mamlakatlari boshdan kechirgan haykal almashtirish to‘lqinlari haqidagi maqolasini e’tiboringizga havola qilyapmiz.

***

Ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlarda haykallarning keyingi paytlarda qulatilayotganiga oid xabarlar tez-tez paydo bo‘lmoqda. Bu mamlakatlarda yodgorliklarni buzish 21- asr hodisasi o‘laroq ko‘riladi. Biroq sobiq Rossiya Imperiyasi hamda Sovet Ittifoqi hududlarida haykal qulatish yangilik emas – bu yerlar 20- asrning boshidan beri yodgorliklarni barbod qilishning kamida uch to‘lqinini boshdan kechirdi.

Bolsheviklar atrofni Oq poshsho o‘tmishidan tozalashgan: Eyznnshteynning «Oktabr» (1928) filmidagi eng esda qolarlik kadrlar olomon imperator Aleksandr II ning haykalini yiqitayotgani aks etgan kadrlardir. Xrushchev yetakchiligidagi destalinizatsiya kampaniyasi davomida esa «shaxsga sig‘inish»ni eslatuvchi obidalar, jumladan, Stalinning ko‘plab haykali buzib tashlandi, filmlar qayta montaj qilindi. 1991 yildan beri yana ko‘plab haykal qulatiladi. Jumladan, Feliks Dzerjinskiy haykallari. Cheka asoschisi Dzerjinskiy haykali bir paytlar Moskvaning Lubyanka maydonidagi KGB imorati oldida savlat to‘kib turgan edi.

Ammo Dzerjinskiy haykalining olib tashlangani KGB degan qisqartma so‘zdan boshqa hech nimani o‘zgartirmadi. Bugunga kelib KGB o‘rnini FSB egalladi, ammo tashkilot hanuz Lubyankada joylashgan, uning Rossiya hukumati ustidan nazorati o‘zini chekist deb hisoblovchi Vladimir Putin yetakchiligida yanada kuchaydi.

Dzerjinskiy haykali 1991 yilning avgustida davlat to‘ntarishi urinishi doirasida qulatilgan oz sonli sovet haykallarining biri bo‘ldi. Buning ortidan qulatilgan yodgorliklarning aksari Yelsin tuzumini qaytadan legitimlashtirish loyihasi doirasida yo‘q qilindi.

1990- yillar yakuniga kelib sovet haykallarini qulatish istagi zaiflashdi. Qolaversa, haykallarni qulatish jarayoniga mutanosib darajada sovet tuzumining ko‘plab qurbonlarini xotirlash yoki repressiya arxivlarini to‘liq ochish istagi kuzatilmadi.

Hatto bugungi kunda ham Gulag yoki Stalin davrida hukumat aybi bilan sodir bo‘lgan dahshatli ocharchilik qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorliklarni sanash uchun bir qo‘l panjalari yetarli bo‘ladi. Bundan tashqari, ularning deyarli barchasi Rossiya hukumati emas, balki fuqaroviy jamiyat tashkilotlari harakatlari natijasida o‘rnatilgan.

Dzerjinskiyni tik qoldirgandan (undan ham yaxshisi, yuzi yerga qarab yotganidan) ko‘ra, bu haykallarni yo‘q qilish hamda ularning yonida uning qurbonlariga yodgorlik o‘rnatish qulay amneziya jarayoniga yo‘l ochib berdi, degan argumentni ilgari surish mumkin. Ukrainadagi ancha mufassal de-sovetlashtirish jarayoni esa aholini bo‘lib, mamlakat muammolarini umuman yechgani yo‘q.

Qozog‘istonning Olmaota shahrida supasidan olib tashlangan Lenin byusti. 2018, bahor.
Qozog‘istonning Olmaota shahrida supasidan olib tashlangan Lenin byusti. 2018, bahor.

Markaziy Osiyoda Chor Rossiyasi yoki Sovet hokimiyati davrida o‘rnatilgan yodgorliklar nafaqat mafkuraviy jihatdan muammoli, balki ko‘pchilik istilochi deb hisoblovchi o‘tmish esdaliklaridir. Rossiya imperiyasi davrida Rossiyaning Markaziy Osiyodagi istilolariga bag‘ishlangan qator monumentlar o‘rnatildi. Jumladan, 1864 yilgi Iqon jangi, 1865 yilda Toshkentning taslim bo‘lgani hamda 1881 yilda turkman Ko‘ktepasidagi qirg‘inga bag‘ishlangan yodgorliklar o‘rnatildi.

Bularning barchasi 1917 yildan keyin bolsheviklar tomonidan yo‘q qilindi. Eng katta ramziy ahamiyatga ega joy rus Toshkentining markaziy maydoni bo‘lgan, deyish mumkin. U yerda 1913 yili 30 yilga cho‘zilgan tortishuvlar ortidan 1865 yilda shaharni qo‘lga olayotib halok bo‘lgan askarlarga hamda Turkistonning ilk general-gubernatori Konstantin Petrovich fon Kaufmanga yodgorlik o‘rnatildi, ammo 6 yildan keyin buzib tashlandi. Maydonda bir necha vaqtincha turgan installyatsiyalar ortidan 1940- yillar yakunida Stalin haykali qad ko‘tardi. Stalin haykali 1961 yil olib tashlandi va 1968 yil uning o‘rniga Karl Marks haykali o‘rnatildi. 1993 yilda esa uning o‘rnini ot minib olgan Amir Temur haykali egalladi (ayni damda maydon Temur nomi bilan ataladi).

Bilishimcha, Markaziy Osiyoda Chor Rossiyasi davrida o‘rnatilgan va bugunga qadar saqlanib qolgan harbiy monumentlar O‘zbekistonning Zarafshon vodiysida joylashgan Jom qishlog‘i yaqinida 1878 yilda vabodan o‘lgan askarlar uchun o‘rnatilgan yodgorlik hamda Uzunog‘och jangiga o‘rnatilgan yodgorlikdir. Uzunog‘och jangida 1860 yili hozirgi Olmaota shahri yaqinida rus qo‘shinlari Qo‘qon xonligi kuchlarini mag‘lub qilgan.

Jom yaqinidagi haykal ko‘pchilikka ma’lum emas va shunchaki e’tibordan chetda qolgan bo‘lishi mumkin. Uzunog‘och yodgorligi 1921 yilda qisman buzilgan, ammo Semirechyedagi ruslarga o‘zlik ramziga aylangan ko‘rinadi. 1950- yillarda ushbu yodgorlik Birinchi jahon urushidan qaytgan rus va qozoq askarlarning vatanga qaytgani aks etgan sahnada ko‘rsatildi.

Yodgorlik yaqinda qayta ta’mirlandi. Bundan tashqari, Qirg‘izistonning Qorako‘l shahri yaqinida tadqiqotchi Nikolay Prjevalskiyga o‘rnatilgan haykal haliyam turibdi. Prjevalskiy Rossiya imperiyasini kengaytirish tarafdori bo‘lgan va irqchi qarashlarga ega bo‘lgan. Ammo geografiyaga qo‘shgan hissasi usun sovet tuzumi uni «progressiv» shaxs o‘laroq ko‘rgan, shuning uchun uning yodgorligi o‘z o‘rnida qoldirilgan. Bugunga kunga kelib Prjevalskiy karyerasining munozarali jihatlari unutilgan va unga o‘rnatilgan haykal to‘y suratlari olinadigan joyga hamda mahalliy aholi faxriga aylangan.

Mintaqada sovet haykallarini saqlab qolish jarayoni turlicha kechdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston qachonlardir Toshkent, Olmaota va boshqa yirik shaharlar ko‘chalarini bezab turgan deyarli barcha Lenin haykallarini olib tashladi. Ammo mozaikalar hamda freskalar kabi yo‘q qilish mushkulroq bo‘lgan ikonografiya saqlanib qolgan va badiiy qiymati uchun qadrlana boshlandi.

2003 yili Tojikistonning Xo‘jand shahriga ilk marotaba borganimda, Sirdaryo bo‘yidagi tepalikda Leninning ulkan haykali hanuz turar edi va shaharning sovet davrida Leninobod deb atalganini eslatib turardi. Endilikda uning o‘rnini Tojikistonning yangi milliy qahramoni Ismoil Somoniy haykali egalladi. Lenin esa daryo bo‘yidagi kamtarroq yerga ko‘chirilgan.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek parklarining birida taniqli «Oloy qirolichasi» va qirg‘izlarning milliy qahramoni Qurmonjon Dodxohga zamonaviy yodgorlik o‘rnatilgan . Ayni parkda o‘sha paytda Pishkek deb atalgan qo‘rg‘onda tug‘ilgan yevropalik kelgindi Mixail Frunze yetakchiligida mintaqani qayta qo‘lga olayotib halok bo‘lgan qizil armiya askarlariga o‘rnatilgan bolshevik yodgorlik ham bor.

Markaziy Osiyoda kichikroq, ozroq odam boradigan joylarda sovet davridagi yodgorliklar saqlanib qolgan. Men ko‘rgan eng achinarli yodgorlik Qozog‘iston shimolida joylashgan Tonkoshurovka qishlog‘ida Leninga o‘rnatilgan kichkina beton haykaldir. Yodgorlik asosida u o‘sha paytdagi «Friden kolxozi» hududida 1940 yilning yozida o‘rnatilgani yozilgan. Bundan qishloqda bu yerlarga badarg‘a qilingan volgalik nemislar yashaganini bilib olish mumkin. Yaqinda oqlangan haykal 1990 yillarda qurilgan katolik cherkoviga imo qilib turibdi. Yodgorlik dahshatli azob davrini va yo‘qolgan jamoani eslatadi – Tonkoshurovkada yashagan nemislarning aksari keyingi 20 yil ichida ko‘chib ketdi. Bu holat haykalga beradigan zamonaviy ma’no bilan Lenin mafkurasi u yoqda tursin, uning tarixiy obrazi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q.

Bu holatlarning barchasi yodgorliklar har doim ham o‘z mavzularining ramzi bo‘lib qolmasligini yoki ular ilk marotaba o‘rnatilganda asar mualliflari nazarda tutgan ma’no tomoshabinlar uchun o‘zgarmay qolmasligini ko‘rsatadi. Olmaotadagi Me’roj sobori yaqinidagi panfilovchilar yodgorligi Brejnev davrida aslida sodir bo‘lmagan hodisaga bag‘ishlab o‘rnatilgan. 28 panfilovchi fashistlarning Moskvaga yurishi davomida qahramonlarcha qarshilik ko‘rsatgani aytiladi.

Olmaotaning Panfilov parkida o‘rnatilgan yodgorlik. 2019, 9 may.
Olmaotaning Panfilov parkida o‘rnatilgan yodgorlik. 2019, 9 may.

Bu Stalin davrida yuzaga kelgan afsona bo‘lib, ancha oldin fosh qilingan – yodgorlik 1976 yili o‘rnatilganida halok bo‘lgani aytilgan qahramonlarning ayrimlari tirik bo‘lgani aniqlangan. Boshqacha qilib aytganda, bu atayin to‘qilgan uydirma bo‘lib, bronza va marmarda o‘z aksini topgan. Ammo olmaotaliklar bugungi kunda yodgorlikka beradigan ma’noni bu haqiqatlar cheklagani yoki bulg‘agani yo‘q. Yodgorlik fashistlarni yengishda nafaqat ruslar, balki barcha etnik guruhlar, barcha sovet xalqlari o‘ynagan rol keltirib chiqargan davomli va asosli g‘urur timsolidir. Boshqa sobiq sovet davlatlaridagi urush yodgorliklari kabi, bu yerda muhim hayotiy marosimlar o‘tkaziladi. Bunga eng avvalo to‘ylar misol bo‘la oladi – qadah va oilaviy suratlari bilan.

Yodgorliklarni buzib tashlash o‘tmishni unutishga yetaklaydigan bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida ularning tarixiy mohiyatini saqlab qolish hamda buguni kun kontekstida tutgan o‘rnini ko‘rsatib berish uchun bunday yodgorliklarni o‘z yerida qoldirish yo‘llari mavjud.

Bunga eng yaxshi misolni boshqa bir sobiq mustamlakachi hudud – Shimoliy Hindistonda joylashgan Lakhnau shahridagi Britaniya rezidensiyasida topish mumkin. Rezidensiya 1857 yilgi isyon davomida qamalga olingan. Vayronalar, yodgorliklar hamda qabrlardan iborat ushbu ulkan kompleksni britaniyaliklar rojaning qahramonligi va fidoiyligi ramzi o‘laroq saqlab qolishgan.

Hindiston mustaqillikka erishganidan keyin, kompleks buzib tashlanmadi. Hindiston hukumati rezidensiya yonida halok bo‘lgan hindistonliklarga yodgorlik o‘rnatdi va qarshi tomonda «qo‘zg‘olonchi» deya ta’riflangan shaxslar endilikda qahramon o‘laroq ko‘rilishini yozib qo‘ydi.

Markaziy Osiyoda bunga parallel chizadigan bo‘lsak, Amir Temur maydonida bir vaqtning o‘zida 1913 yilda fon Kaufmanga o‘rnatilgan, 1968 yil Marksga o‘rnatilgan hamda Amir Temurning zamonaviy haykali turganini bir tasavvur qiling. Bu holat shaharning hozirgi holati shakllanishida rolьo‘ynagan kuchlarning, ya’ni rus kolonializmi, sovet kommunizmi hamda zamonaviy o‘zbek millatchiligining aniq ifodasi bo‘lgan bo‘lardi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda mazkur o‘tmishning katta qismi o‘chirib tashlandi.

O‘tmishning qaysi ramzlarini saqlab qolish qarorini chiqarish yodgorliklarni buzib tashlash tarafdorlari uchun ham, ularni saqlab qolishni istaydiganlar uchun ham mushkul savollarni tug‘diradi. Stalinning dahshatli zulmini ifodalovchi haykallar hamda ulardan zamonaviy siyosiy ralli nuqtalari o‘laroq foydalanish mumkinligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

2014 yilda Moskvaning Vernadskiy prospektida Ko‘ktepani er bilan yakson qilgan general Mixail Skobelevga haykal o‘rnatilgani Rossiya o‘z kolonial o‘tmishini tan olmasligini hamda «Oq general» laqabi berilgan Skobelev shaxsiga sig‘inish qayta jonlanganini ko‘rsatadi. Aslida esa 1912 yilda Tverskaya ko‘chasidagi Skobelev haykalining bolsheviklar tomonidan olib tashlangani general unutilishiga sabab bo‘lgan edi.

Bolsheviklarning o‘tmishga bo‘lgan nazaridan ehtiyot bo‘lishimiz kerak, chunki ular hozirgi tuzumlar hamda qabul qilingan qarashlar jamoat joylarida mafkuraviy monopoliyaga ega bo‘lishini talab qilishgan. Pirovardida, yodgorliklar jonsiz obyektlar bo‘lib, ular atrofdagi jamiyat va jamoalar ularga beradigan mohiyatdan boshqa hech qanday kuchga ega emas. Qolaversa, haykallar taqdirini hukumat emas, mahalliy aholi hamda fuqaroviy jamiyat yechsa, ayni muddao bo‘lardi.

Aleksander Morrison, New College

Muallif to‘g‘risida:

Aleksandr Morrison imperiyalar va imperial urushlar tarixini chuqur o‘rgangan. Britaniya va Rossiya imperiyalari va harbiy tarixini qiyoslab tadqiqotlar o‘tkazgan. Morrison Russian Rule in Samarkand 1868-1910: A Comparison with British India («1868-1910 yillarda Samarqandda rus hokimiyati: Britaniya Hindistoni bilan muqoyasa») kitobi muallifidir. 2014 – 2017 yillarda Ostonadagi Nazarboyev universitetida tarixdan dars bergan. Ayni damda Oksford universiteti qoshidagi New Collegeda (Yangi kollej) ishlaydi.

XS
SM
MD
LG